Kitobni xushlamagan muallim
9- yoki 10-sinflarda o‘qirdim. Ona tili va adabiyot fanlariga mehrim bo‘lakcha edi. Maktabda faqat shu fanlar o‘qitilsaydi, deb o‘ylardim, o‘zimcha. O‘tiladigan mavzularni ta’tilda — oldindan o‘zlashtirib qo‘yardim. Shoir-yozuvchilarning hayoti va ijodi to‘g‘risida kitobda berilmagan ma’lumotlarni izlab topardim. Darslikka kiritilmagan ijodkorlarga yondaftarimdan joy ajratilardi. Xullas, adabiyot fani jon-u dilim edi.
Yangi o‘quv yilida bizga adabiyot fanidan yangi muallima dars beradigan bo‘ldi. Shahardan ko‘chib kelgan ekan. Ko‘rinishidan nihoyatda sipo, o‘ziga haddan tashqari oro beradigan bu o‘qituvchini unchalik xushlamay qoldim. O‘quvchilarning bilimiga emas, kiyinishiga ko‘proq e’tibor qaratadigan muallimaga yangi mavzuni jon kuydirib aytishning qizig‘i yo‘q edi. Men kabi odmi o‘quvchilarning darsda faolligidan g‘ashi kelar, ba’zan jahli chiqardi. Har safar adabiyot darsi boshlanganida, nafaqaga chiqqan sobiq ustozimizni eslardim. Bahs-munozara, mushoiralar, bellashuvlar, bahribaytlarning g‘oyat fayzli o‘tgani ko‘z o‘ngimdan o‘taverardi.
Choraklik tugashi arafasida shaharlik muallimning tug‘ilgan kuni bo‘ldi. Badavlat oila bolalari uni xursand qilish uchun qimmatbaho sovg‘alar tuhfa qilishdi. Men esa yaqin dugonam bilan birga sovg‘a qilgani Said Ahmadning “Ufq” romanini sotib oldik. Muallima sovg‘amizni xushlamaygina oldi. O‘shanda undan qattiq ranjidim. Eng yomoni, u hatto choraklik bahomni ham pasaytirib qo‘ydi. Bu menga yomon ta’sir qilgandi. Qattiq iztirobga tushdim. Alamimdan daftarlarimni yirtib tashlagim keldi. Mehribon onajonim boshimni silab, “Shuncha mehnat qilib yozganlaringda nima ayb, axir ularni to‘plash uchun qancha harakat qilding. Qolaversa, ulardan doim foydalanib kelyapsan. Qo‘yaver, xafa bo‘lma. Ustozing balki to‘g‘ri ish qilgandir. Taltayib, izlanishdan to‘xtab qolmasin, degandir. Qizim, yana ham qunt bilan o‘qi! Kelajakda shunday adolatli, xalqsevar, insonparvar muallima bo‘lginki, barcha o‘quvchilaring senga havas qilib, “Kelajakda o‘qituvchi bo‘laman”, deb orzu qilsin.
Oradan salkam 27 yil o‘tdi. Mana, bugun onajonim orzu qilgandek muallim bo‘ldim. Bolaligimdagi o‘sha voqealar meni ancha tarbiyaladi. O‘quvchilarni birdek sevishga, bilimini adolatli baholashga o‘rgatdi. Hatto bo‘sh o‘zlashtiruvchilarga ham yaqindan ko‘maklashib, yuqoriroq baho qo‘yishga harakat qilaman. Ota-onasi xorijga ketgan yoki yetim qolgan o‘quvchilarimning boshini silab, o‘ksik ko‘nglini to‘ldirishga urinaman. O‘tgan o‘quv yili oxirida beshinchi bor “qaldirg‘och”larimni uchirma qildim. “Kelajakda kim bo‘lasiz?” desam, ko‘pi “Siz kabi o‘qituvchi bo‘lamiz”, deya javob berishadi. O‘shanda onajonimning gaplari yodimga tushadi.
O‘quvchilarimning beg‘ubor, samimiy niyatlaridan ko‘nglim yashnaydi. Muallim ekanimdan faxrlanib ketaman.
Dilnoza NARZULLAYEVA