Ruxsora ishonchni oqladi
Namangan shahridagi 58-IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Rahmatoy aya To‘raboyeva 34 nafar o‘quvchini 1-sinfga qabul qilayotganida ulardan 8 nafari kelajakda muallima bo‘lib yetishadi, deya o‘ylamagan edi. Biroq hamisha kulib yuradigan, tashabbuskor va serg‘ayrat, o‘qish va jamoat ishlarida doimo faol qatnashadigan Ruxsoraning tug‘ma pedagoglik qobiliyatini barvaqt sezadi. A’lochi qizning mana shu xislati unga sinfboshilik ishonilganda juda ko‘p qo‘l keldi. Maktabni tamomlaguncha sinfdoshlariga yetakchilik qildi.
Ruxsoraning hozirgidek yodida. 8-sinfda o‘qib yurgan payti maktab direktori uni chaqirib, 4-sinflardan biriga olib kirdi. Salomlashishga hozirlangan o‘quvchilarni o‘tirishga imo qilib, Ruxsoraga bir qarab oldi-da, sinfga yuzlangan ko‘yi so‘z boshladi:
— Bugun jadvalda belgilangan ikki soat darsni mana shu opangiz o‘tadi. Uni taniysizlarmi?
— Ha!
— Yaxshi. Ustozingizning tobi qochib qoldi. Uyiga ruxsat berdik. Qani, unda hamma kitob-daftarini olsin.
Eshitganlariga hayron bo‘lib turgan Ruxsora goh direktorga, goh unga qiziqsinib tikilayotgan qorako‘zlarga qarardi.
— Bo‘laqol, qizim. Sen eplaysan. Bugun shu bolalarning ustozi yo‘qligini bildirmay turgin. Axir maktabni bitirsam, o‘qituvchi bo‘laman, deganding-a? O‘zing qoldiradigan saboqni keyin o‘zlashtirib olarsan.
Shu kuni bo‘lg‘usi muallima ilk darsini o‘tdi. Bu voqeagayam 17 yildan oshdi. Maktabni tamomlagach, kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Namangan davlat universitetining boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyachisi mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi. Eng quvonchlisi, u kabi 7 nafar sinfdoshiyam pedagoglik kasbini tanlagan edi. Mustaqil hayot yo‘li ularni yana birlashtirdi. 2009-yili Ruxsora qo‘liga o‘qituvchilik diplomini olib, pedagoglik faoliyatini boshladi. Yosh mutaxassis Norin pedagogika kollejida saboq bera boshladi.
Ruxsoraning 30-maktabga boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ishga o‘tishi kutilmagan voqea bo‘lmadi. Uning qisqa vaqtda o‘z kasbining sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirgani, bilimi va tajribasini boyitishga intilishini ko‘pchilik yaxshi bilardi. Shu sabab ham uch yilda mutaxassis o‘qituvchidan 2-toifali muallima darajasiga ko‘tarilgandi. Dilida esa birinchi ustozi Rahmatoy ayadek bolajonlarga sevimli, bilimdon va mahoratli o‘qituvchi bo‘lish istagi yonardi. Xullas, taqdir taqozosi bilan 2015-yili Norin tumanidagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi pedagoglari safiga qo‘shildi. Tez orada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari maktabda tug‘ma iqtidorli muallima ishlayotganidan xabardor bo‘ldi. Dilbandini Ruxsoraning sinfida o‘qitaman, deganlar ko‘paya boshladi.
— Bugunning o‘qituvchisi oliy ta’lim muassasasida o‘rgangan bilim bilan ishlayveraman, desa xato qiladi, — deydi Ruxsora To‘ychiyeva. — O‘z ustida ishlash uchun imkoniyat katta. Masalan, internet manbalari yoki ta’limga oid nashrlar orqali zamonaviy pedagogikaga xos yangiliklar, texnologiyalar va metodlarni o‘zlashtirish mumkin. Bular o‘z uslubingizni topishingizda, tajriba va mahoratingiz oshishida juda katta yordam beradi. Qolaversa, siz bilan yonma-yon ishlayotgan tajribali hamkasbingizni olaylik. Yordam so‘rasangiz, ulardan birortasi rad javobini bermaydi. Baxtim, avvalo, ana shunday ustozlar bilan birga ishlaganim va ishlayotganimda bo‘lsa kerak.
Universitetni bitirib, mehnat faoliyatimni boshlaganimda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi Nargiza G‘oyibnazarova, Namangan shahridagi 5-maktabning boshlang‘ich ta’lim muallimasi Marg‘uba Mirjalolovadan ko‘p maslahat va yo‘l-yo‘riq olganman. Hozir ishlayotgan maktabimda esa kuchli pedagogik salohiyatga ega ustozim Zulxumor Ahmedovaning dars berish uslubi, tajribasi asqotyapti. Jamoamizda bunday ilg‘or muallimalarning borligi biz yoshlar uchun tayyor mahorat maktabi.
— Tashabbuskor, izlanuvchan, bilimli va salohiyatli o‘qituvchiga har qanday joyda talab bor, — dedi 30-maktab direktori Hamida Ergasheva. — Ruxsora ana shunday fazilatlarga egaligini maktabimizda ishlay boshlagandayoq ko‘rsatgan edi. U dars berayotgan sinfda bilim samaradorligi hamisha yuqori. Dars jarayoni yangi pedtexnologiyalar, AKT vositalari yordamida o‘tiladi. AKTga jiddiy e’tibor berishi ham bejiz emas. O‘quvchi ham eshitib, ham ko‘rib o‘rganishi evaziga bilimi mustahkamlanadi. E’tirof etish kerak, hali yosh bo‘lishiga qaramay, 1-toifaga erishdi. O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgani ham samarali mehnati mahsuli.
“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritguncha Ruxsora bir necha sinovlardan o‘tdi. O‘zi kabi bilimdon va mahoratli hamkasblaridan ilgarilab olish uchun juda katta kuch, g‘ayrat, va albatta, bilim talab etilishi aniq edi. U barcha shartlarni ishonch va dadillik bilan bajardi.
— Mazkur tanlovning Termiz shahrida o‘tkazilgan yakuniy bosqichida g‘oliblikka da’vogarlarning aksariyati juda kuchli o‘qituvchilar edi, — deya taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Ruxsora. — Toshkent viloyati vakili hamda surxondaryolik hamkasbim raqobat borasida ustunlikka ega muallimalar edi. Ikkinchi shartdan so‘ng men peshqadamdan 6 ball ortda qolayotgan edim. Negadir ko‘z oldimdan ilk ustozim, hamkasblarim, menga ikkinchi bosqichda ishonch bildirgan hakamlar qiyofalari o‘taverdi. Shunda “sen, albatta, g‘olib bo‘lishing kerak”, deya o‘zimni ishontira boshladim. Va tanlovning mamlakat bosqichida 1-o‘ringa munosib ko‘rildim. Bilasizmi, buning ortida menga yutuq tilab turgan oilam, kasbdoshlarim va barcha do‘stlarimning daldasi ham bor.
U atigi 10 yildan buyon shu kasbda mehnat qilyapti. Biroq kasbga sadoqati kuchli, maktabini, qadrdon o‘quvchilarini yaxshi ko‘radi. Chunki u chin muallima, haqiqiy pedagog, bolajon ustoz ekanini allaqachon isbotlagan. Nufuzli tanlovda esa Ruxsora To‘ychiyeva qisqa pedagogik faoliyatida topgan e’tirof haqli ravishda o‘ziga tegishli ekanini yana bir bor isbotladi.
G‘anisher AKBAROV,
“Ma‘rifat” muxbiri