AQSh ta’lim sohasida O‘zbekistonga 50 million dollargacha mablag‘ ajratadi
Xalq ta’limi vazirligida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi. Hujjatni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va AQSh elchixonasining muvaqqat vakili Alan Melsar hamda USAIDning Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Juli Sausfild imzoladi.
Kelishuvga binoan, AQSh hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimizga ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 million AQSh dollarigacha miqdorda mablag‘ ajratadi. Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning uchinchi yo‘nalishi bo‘yicha XTV tomonidan loyiha ishlab chiqilgan. Uni amalga oshirish uchun mazkur kelishuv doirasida umumiy mablag‘ning 19,5 million dollariga teng bo‘lgan birinchi qismi ajratildi.
— “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ga ko‘ra, tizimni isloh qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi, — deydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — Eng, avvalo, oldimizda uchta maqsad bor. Birinchidan, maktablarda ta’lim sifatini oshirish, ya’ni bunda o‘quvchilarning bilim darajasi xalqaro mezon va talablarga javob bera olishi tushuniladi. Hozir bu borada qator ishlar amalga oshirila boshlandi. Ikkinchi maqsad, chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish. Biz ta’lim muassasalarida ingliz tilini o‘qitish pedagogikasini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu o‘rinda o‘qituvchilarimizning o‘zi chet tilini qay darajada biladi, degan savol turibdi. Birinchi navbatda, o‘qituvchilarning bilim darajasi o‘rganilib, shunga ko‘ra ular malakasini oshirish kerak. Shu yo‘l bilan o‘quvchilarimizning ham chet tilini bilish darajasini oshiramiz. Uchinchi maqsad, axborot texnologiyalarini o‘qitish tizimini kuchaytirish. Buning uchun axborot texnologiyalarini o‘qitish metodikasini ham kuchaytirishimiz kerak. Aynan shu yo‘nalish bo‘yicha AQSh ta’limi juda ham ilg‘or ekanini hammamiz bilamiz. Dunyodagi eng yirik AKT kompaniyalari AQShda paydo bo‘lgan. Shu bois bu mamlakat vakillari bizga shu yo‘nalishda yordam bermoqchi. Ular yurtimizda informatika fanini o‘qitish metodologiyasini tanqidiy o‘rganib chiqib, uni yangicha yo‘lga qo‘yish bo‘yicha metodologiya yaratishda ko‘maklashadi. Bu hamkorlik orqali ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida olib borish, ingliz tili hamda axborot texnologiyalarini o‘qitish sifatini oshiramiz. Bugun shu uch asosiy maqsadga erishish uchun AQShdan 50 million dollarlik grant olish bo‘yicha kelishuvni imzoladik.
Mazkur kelishuv AQSh va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi birinchi keng qamrovli grant shartnoma bo‘lib, AQShning yurtimiz ta’lim sohasidagi taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash borasidagi uzoq muddatli majburiyatini belgilaydi.
Ta’lim sohasidagi asosiy muammolardan biri, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholash vositalarining yo‘qligidir. USAID agentligi ko‘magida umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘qish, matematika (EGRA va EGMA) fanlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Ushbu izlanishlar o‘quvchilarning bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash va mavjud muammolarni bartaraf etishga yordam beradi. Mazkur loyiha uchun USAID qo‘shimcha 1,5 million AQSh dollari ajratadi.
Shuningdek, USAID agentligi Xalq ta’limi vazirligiga maktablarimizda ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishda yordam beradi. AQShlik hamkorlar bu loyihani amalga oshirish uchun yana 5 million dollar taqdim etadi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri