Shifokorning Gippokrat, o‘qituvchining esa vijdon qasamyodi bo‘ladi
Oddiy, pastqamgina qishloq maktabi. Sinfimizning oqlangan devoridan loysuvoq somonlari bo‘rtib turadi.
O‘tin yoqiladigan pechlar gohida shunday tutardiki, quyuq tutun ko‘zimizni achishtirar, muzlagan qo‘llarimiz bilan burnimizni yopamiz. Shu payt sinfga g‘urur bilan o‘qituvchimiz kirib keladi. 15 o‘quvchi birvarakayiga tik turib, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘ygancha salom beramiz, “Assalomu aleykum”. Bu jarangdor ovozning kuchli hayajoni hamon yodimda...
Yillar o‘tib, maktabdan uchirma bo‘ldik. Katta hayot yo‘li sari ulkan maqsad va shirindan-shirin o‘y-xayollar bilan odimlar ekanmiz, albatta o‘qituvchi bo‘laman, degan yuksak orzu bilan ilk bor qishlog‘imdan olislaganman.
Niyatimga yetdim. Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetini tugatib, 10 yil maktabimizda biologiya fanidan o‘quvchilarga dars berdim. Hozirga qadar esa shu maktabning direktori lavozimida ishlab kelayapman.
Faoliyatim mobaynida sobiq ittifoq davrida ta’lim tizimi vakillari, hatto o‘quvchilarning paxtakorga aylantirilganiga guvoh bo‘ldik. O‘zimiz ham ko‘p qatori tuppa-tuzuk ilg‘or terimchi bo‘ldik. Hozir o‘sha davrlar, mustaqilligimizning ilk yillari taftini ayni paytdagi ta’lim tizimida kechayotgan islohotlar bilan qiyoslayman.
Shu yillar davomida g‘ururli, qalbi mehrga limmo-lim o‘qituvchi hamkasblarimiz go‘yo baland cho‘qqilar, himoyasiz so‘qmoqlar va poyonsiz sahrolardan kechib o‘tdi. Har qanday manzil uni tanlagan yo‘lidan adashtirmadi.
Hatto shunday vaqtlar bo‘ldiki, davraning to‘rida bo‘lguvchi o‘qituvchilar poygakdan o‘rin topdi. Ular mana shu holat bilan bog‘liq hajvlarni ham o‘sha mag‘rur yelkalarida ko‘tardi. Asosiy vazifa – ta’lim-tarbiya qolib, ko‘cha supurish, daraxtlarni oqlash kabi obodonlashtirish ishlari, paxta chikanka qilish va terish bilan mashg‘ul bo‘ldi necha zamonlar. Xayriyatki, bular endi o‘tmishda qoldi.
Joriy yilning 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimizning ta’limga bildirgan fikrlari va xalqimizga qilgan murojaati tarixiy voqea bo‘ldi. Bu e’tibor va e’tirofdan cheksiz faxr tuydim.
Kasbimiz ulug‘lanayotgani va mavqei qayta tiklanayotganini chuqur his eta boshladim. Zamonga mos o‘qituvchilarni tarbiyalash, ta’lim muassasalarida zamonaviy metodlarni joriy etish, darsliklar yaratish, o‘qituvchi mehnatini moddiy rag‘batlantirish kabi masalalar eng chekka va eng olis hududlarda ham bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, tizimda o‘ziga xos yangi davrni ochib bermoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus maktab ta’limiga to‘liq kirib borishiga erishish, ijrosini ta’minlashda bor salohiyat va imkoniyatimizni ishga solishimiz zarur. Ilm ma’rifatli, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk yoshlar ana shunda tarbiyalanadi.
O‘qituvchi bo‘lganimdan hech qachon afsuslanmaganman. Shifokorlar sohasida gippokrat qasami bo‘lganidek, o‘qituvchi ishida vijdon qasamyodi bo‘ladi. Zotan bu kasb – millat, mamlakat taqdiri bilan bevosita bog‘liq.
Qaysiki davrda yashamaylik, o‘qituvchi muallim o‘zligidan kechib, o‘zgani kamolga yetkazguvchi fidoyi bo‘lib qolaveradi. Zero, bu fitrat o‘zgarmasdir. Kasbning zahmati, mashaqqati, matonati yildan-yilga uni ulug‘laydi, sharaflaydi. Buni 37 yillik faoliyatim davomida har bir o‘quvchimning nigohidagi hurmat, ehtirom va mamnuniyatda ko‘raman.
Maktabimiz Samarqand viloyatining olis hududlaridan biri – Ingichka qo‘rg‘onida joylashgan. Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-umumta’lim maktabi shaharchamizning eng qadrli va fayzli maskanidan biri. Ziyo maskanimizda 840 nafardan ortiq o‘quvchiga 46 nafar pedagog ta’lim beradi. Bu dargohdagi har bir o‘qituvchining mehnati bebaho. Sinf xonalari yorug‘, keng, zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlari hamda texnologiyalar bilan boyitilgan. O‘quvchilarimizning ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, samimiy chehrasi qalbimni iftixorga to‘ldiradi.
Mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida boshlangan xayrli islohotlardan ruhlanib, qalbimdagi necha yillik orzuimni amalga oshirishni niyat qildim. Koinotning cheksiz bag‘ri, ummonning tubsiz qa’ri va yer kurrasining butun zaminidan ilmni, ziyoni taratayotgan hurmatli hamkasblarimni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan samimiy qutlayman. Mamlakatimiz rivoji va taraqqiyoti yo‘lida yosh avlodni munosib kamolga yetkazishda hormang va tolmang! Zero, ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
Suyun MUSAYEV,
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 15-umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi. O‘zA