Mehridaryo, fidoyi ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi
Prezidentimizning joriy yil 27-sentabrdagi "O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq poytaxtlik 19 nafar ustoz va murabbiylar ham vatanimizning faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.
Toshkent shahar hokimligida ustoz va murabbiylarni mazkur davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga o‘qituvchi va murabbiylar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, jamoatchilik, poytaxt faollari taklif etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor ustoz va murabbiylar, keng pedagogik jamoatchilikning ishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ularning mehnatini qadrlash, ijtimoiy muhofazalash, har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday ezgu ishlarning bari o‘qitish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda milliy an’ana va qadriyatlarga sodiqlik, vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirishda muhim poydevor yaratmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘qituvchilarni e’zozlash, jamiyatda bu kasbning mavqeini yuksaltirish borasidagi yuksak e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Shu kuni poytaxtimizdagi "Navro‘z" madaniyat va istirohat bog‘ida Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va murabbiylar uchun sayl tashkil etildi.
– Islohotlar ta’limning barcha bo‘g‘inlarini qamrab olayotgani yosh avlod kelajagi, uning istiqboli yo‘lida ko‘rsatilayotgan chin g‘amxo‘rlikning amaliy namunasidir, – dedi Toshkent shahri Olmazor tumanidagi yengil sanoat kasb-hunar kollejining ishlab chiqarish ta’limi ustasi, "Shuhrat" medali sohibasi Gulsaraxon Ahmedjonova. – Kamtarona mehnatlarim shunday yuksak qadr va e’tibor topganidan qalbim hayajonga to‘ldi, ruhiyatim osmonlar qadar yuksaldi. Nazarimda bugun har bir pedagogning ko‘nglidan shunday tuyg‘ular kechmoqda, desak yanglishmayman. O‘qituvchilardek oddiy, xokisor va shu bilan birga g‘oyat mas’uliyatli kasb egalariga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun Prezidentimizdan juda minnatdormiz.
Saylda o‘qituvchilarning muloqot qilishi, o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bolalar badiiy ijodiyot markazlari faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi musiqiy dastur ustoz va murabbiylarga g‘oyat manzur bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlar Toshkent shahridagi ko‘plab madaniyat va istirohat bog‘larida bo‘lib o‘tdi. Mehridaryo ustozlarga bag‘ishlangan bayram shukuhi mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Manba: www.uza.uz