Yuzi yorug‘, qaddi baland murabbiy
Baxmal tumani O‘damali qishlog‘idagi 28-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Turg‘un Jonzoqov “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bo‘ladigan bola boshidan, deganlaridek, qahramonimiz ham bolaligidan o‘qishga, mutolaaga qiziqishi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. 1987—1997-yillari mazkur maktabda saboq oldi. Birinchi muallimi bobosi Musulmon Jonzoqov bo‘lgan. Bilimga chanqoq bola keyinchalik ham ustozlar ko‘magiga tayanib, barcha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirdi. Bolalik yillari kimyo fani o‘qituvchisi Toshtemir Abdurashidovning darslarini o‘zgacha ishtiyoq bilan tinglardi. Oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorlaydigan ustozi Mirahmad Begiboyevning maslahati va amaliy ko‘magini aslo unutmaydi. 1997-yili Jizzax davlat pedagogika institutining kimyo yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. 2001-yili qadrdon maskani — 28-maktabga kimyo fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga keldi.
— O‘quvchilik yillarimda turli tanlovlarda ko‘p qatnashganman, — deydi Turg‘un Jonzoqov. — Maktabimizda o‘quv-laboratoriya jihozlari yo‘qligi tufayli tanlovning viloyat bosqichida amaliy mashg‘ulotlardan past ball olardim. O‘shanda bizning ham maktabimizda laboratoriya jihozlari bo‘lishini juda orzu qilardim. Niyatim ro‘yobga chiqdi. Hozir zamonaviy laboratoriya jihozlari yordamida dars o‘tyapmiz. Shogirdlarim o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni qiynalmay bajaradi. Turli tadbirlarda faol ishtirok etadi.
Maktabda yaratilgan sharoit o‘quvchilarning kimyo-biologiya fanlarini o‘zlashtirishiga zamin yaratmoqda. 2011- yildan boshlab o‘quvchilar bilimlar bellashuvi va fan olimpiadasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Mohinur Musulmonova 2015-2016-o‘quv yilida bilimlar bellashuvining respublika bosqichida 2-o‘rinni egalladi. 10-sinf o‘quvchisi Zulxumor Alimuhamedova innovatsion olimpiadada sovrinli o‘ringa muyassar bo‘ldi. Shuningdek, Durdona Karimova, Hojiakbar Yo‘ldoshev kabi o‘quvchilar ham innovatsion olimpiadada ishtirok etishdi. Aksariyat bitiruvchilarimiz oliy o‘quv yurtiga kirmoqda. Jahongir Alimuhamedov 211,9 ball bilan Samarqand davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirib, 3-bosqichda tahsil olmoqda. Uchqun Alimuhamedov esa shu institutning magistranti.
O‘g‘il-qizlarning bunday natijaga erishishida tajribali muallimning xizmati katta. Har bir dars va mashg‘ulot ko‘rgazmali qurollar, tarqatma materiallar, test savollari asosida tashkil etiladi. 4 mingdan ko‘proq test savollari o‘quvchilarni izlanishga, bilim doirasini kengaytirishga, hozirjavoblikka chorlaydi. Albatta, AKTdan foydalaniladi. Mavzuga oid amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi va to‘garak mashg‘ulotlarida bu jarayon davom ettiriladi.
— Barcha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirish o‘quvchilarning burchi, — dedi suhbatdoshimiz. — O‘g‘il-qizlarning kimyoga qiziqishini ko‘zidan sezib olaman. Bunday o‘quvchilar qiziqish va ishtiyoqi bilan ajralib turadi. Ularning fanimga munosabatini yanada kuchaytirish uchun qiziqarli ma’lumotlar, mashhur kimyogarlar haqida hikoyalar so‘zlab beraman. Bolalarning bilimini mustahkamlashda uyga vazifaning o‘rni katta. Topshiriqlar bolalarni qiynab qo‘ymasligi kerak. Uning bajarilishini nazoratga olaman. Vazifani yaxshi bajargan o‘quvchini rag‘batlantiraman. Haftasiga uch kun to‘garak mashg‘ulotlari olib borib, mavzularni mustahkamlaymiz, bilimlar bellashuvi va fan olimpiadasiga hozirlik ko‘ramiz.
Muallim va shifokorning xizmati bir-biriga o‘xshaydi. Shifokor inson vujudini darddan xalos etadi. O‘qituvchi esa ruhni poklaydi, aqlni charxlaydi. Bolaning oq qog‘ozdek beg‘ubor qalbiga o‘qish, o‘rganish asnosida yaxshilik, odob-axloq, ezgulik urug‘ini qadaydi. Chinakam ustoz maktabda ham, uyda ham, ko‘chada ham shu haqda o‘ylaydi. Turg‘un shogirdlarida darsga, kimyo faniga qiziqish uyg‘otish uchun izlanadi, o‘z ustida ishlaydi. Donolarning bilganim bilmaganlarim oldida hech narsa emas, degan aqidasiga amal qiladi. Kasbdoshlarining darslarini kuzatadi. Tajribali ustozlardan ham, yosh pedagoglardan ham nimanidir o‘rganadi. Ustoz bilan suhbatlashsangiz, ko‘nglingiz ravshan tortadi. Ko‘zlarida bolalarga xos soddalik va samimiyat balqib turadi. Ana shu xislat muallimga ulug‘vorlik baxsh etadi, nazarimda. Yutuqlar boisi nimada desam, bir so‘z bilan mehnatda, deydi. Yana jilmayib qo‘shib qo‘yadi: “Ishlayapmiz, bolalarga tarbiya beryapmiz. Bu chinakam ustozga xos xislat”.
— O‘quv dargohimizda 273 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularga 27 nafar pedagog saboq beradi, — deydi maktab direktori Shukurullo Shoyzoqov. — Ularning bir nafari oliy, 4 nafari 1-toifali o‘qituvchilar. Ular orasida Turg‘un Jonzoqov borligidan faxrlanamiz. U o‘zining kamtarin mehnati, fidoyiligi bilan ajralib turadi. Har bir darsi yosh pedagoglar uchun mahorat maktabi.
Murabbiyning yuzini yorug‘, qaddini baland tutadigan bu — shogirdlar. Muallimning sobiq o‘quvchisi Abror Musurmonov JDPIning biologiya o‘qitish metodikasi yo‘nalishini tamomlab, hozir 28-maktabda ishlamoqda. U ustozidan dars o‘tish sirlari, o‘quvchilar bilan muloqot, ish hujjatlarini yuritish, to‘garaklar faoliyatini tashkil etishni o‘rganmoqda. Ustoz-shogird kimyo-biologiya fanlarini o‘qitishni yanada takomillashtirish, o‘quvchilarda bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘lida hamfikr, maslakdosh bo‘lib faoliyat olib bormoqda.
Izlanuvchan pedagogning reja va niyatlari katta. Uning fikricha, maktabda monitoring ta’sir doirasini oshirish kerak. Xalq ta’limi vazirligi saytida test savollari joylashtirilib to‘g‘ri javob ko‘rsatilsa, o‘quvchilarning bilim darajasi va saviyasi o‘sadi. Yana “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi ishtirokchilarining dars ishlanmalarini matbuotda muntazam yoritib borish maqsadga muvofiq.
Uning bizga aytmoqchi bo‘lgan fikrlari ko‘pligi bilinib turardi. Qo‘ng‘iroq chalindi. Ustoz uzr aytib, darsga kirdi. Maktabda, qishloqda yosh pedagogni hurmat qiluvchilar, uning kasbiga havas qiluvchilar juda ko‘p. Kamtar, fidoyi, jonkuyar insongina shunday havasga munosib.
Abdusattor SODIQOV