Beshinchi maktab — dunyoning eng keng maskani
Bolalik yodi umrning keyingi bosqichlaridagi taassurotlardan zalvorliroq bo‘ladi. Olis bolalikda tabiat o‘zgacha yam-yashil, mevalar shirinroq, quyosh hozirgidan yorqinroq nur sochgandek tuyuladi. Bolalikda voqealar inson uchun ilk bor yuz beradi. Ular butun umrga xotirada muhrlanib qoladi.
Tasavvurimizda dunyodagi eng bilimdon inson boshlang‘ich sinf muallimamiz edi. Maktabimiz esa dunyodek keng dargoh bo‘lgan. Shu bois, oradan yillar o‘tgach, maktab, sinf, o‘qituvchi, parta kabi so‘zlarning oldiga “sevimli” yoki “jonajon” so‘zlarini qo‘shib eslaymiz: jonajon maktabim, sevimli sinfim, jonajon partam, sevimli o‘qituvchim!
Birinchi sinfga qadam qo‘yish, birinchi muallim, maktabni bitirish hayajonlari, birinchi muhabbat — bularning bari xotiraning eng ardoqli mulki sanaladi.
Maktabga borgan ilk kunim xuddi kechagidek esimda. Yop-yorug‘, go‘zal bir kun edi. Meni maktabga olib borayotib, otam shunday degandilar:
— Agar yaxshi o‘qisang, birinchi sinfning yarmidayoq ikkinchi sinfga o‘tkazishadi. Yiliga ikkitadan sinf o‘qib, o‘n yillik maktab dasturini besh-olti yilda, muddatidan avval tamomlashing mumkin...
Otamning bu so‘zlari ongimda muhrlanib qoldi. Yiliga ikki sinfni bitirmadimku-ya, lekin bu o‘git meni o‘qishga ruhlantirib, maktabga, kitobga mehr uyg‘otgani aniq. Yo‘l-yo‘lakay maktab yonidagi suratxonada hujjat uchun rasmga tushdim (ajab, hozir shu rasmimni ikkinchi o‘g‘lim birovga ko‘rsatib: “bu — men”, desayam bo‘laveradi!).
Qarshi shahridagi 5-maktab uyimizga yaqin edi. Lekin “nulevoy” sinf tugul, hatto sentabrdan bir-ikki kun avval bo‘ladigan tanishuv yig‘inlariga ham bormaganman. Nega? O‘shanda “ishim ko‘p bo‘lgan”, yoki o‘z iqtidorimga qattiq ishonganman, desam, bu shunchaki hazil gap bo‘lar. Har holda, otam bilan maktabga borganimizda, ilk qo‘ng‘iroq chalingan, dars boshlanib ketgan ekan. Menga oxirgi partadan joy tegdi.
Beg‘ubor maktab davri! Bir donishmandning “Odam bolasi olovdagi qo‘rg‘oshin misoli, undan istalgan shaklni yasash mumkin”, degan gapi ko‘proq shu davrga mos tushadi. Maqsadga muvofiq ko‘rkam “shakl”ni yasash esa o‘qituvchining iste’dodi va mahoratiga bog‘liq. Birinchi muallimamiz Toshoy opa Boltayeva ana shunday oqila ayol edi. Shu muallima qo‘lida savodimiz chiqqani nafaqat mening, balki barcha sinfdoshlar uchun hayotdagi ilk yutuqlarimizdan biri bo‘lgani shubhasiz.
O‘quvchilarning puxta bilim egallab, hayotda o‘z o‘rnini topishida, ayniqsa boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining xizmati katta. Shu o‘rinda ustoz mahoratiga oid ayrim jihatlarni esga olish o‘rinli.
Avvalo, boshlang‘ich sinfda xat-savod o‘rganishimiz oson, yengil va silliq kechgani hanuz esimda. Vaholanki, bola uchun bu davr ruhiy-jismoniy jihatdan ancha murakkab sanaladi. O‘quvchi maktabga kelgan ilk kunlari sinf, jamoa tartib-qoidalarini, dars sharoiti, o‘qish mas’uliyatini qabul qilishga qiynaladi. Shuning uchun ham o‘quv yilining birinchi yarim yilligida bolalarni maktab sharoiti, sinf jamoasiga moslashtirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Bizga harf tanitgan muallimamizning yozuvi kitobdagi namunaviy husnixatdan deyarli farq qilmasdi. Ajabki, sinfdagi qirq o‘quvchining yozuvi ham xushxat, bir-biriga ancha-muncha o‘xshash edi.
Sinfdoshlarning o‘zlashtirish darajasi o‘zaro yaqin, qoloq o‘quvchilar esa deyarli bo‘lmagan. Muallimamiz a’lochi o‘quvchilarni ko‘p haddan oshirib maqtamas, past baho olganlarning ham ko‘nglini cho‘ktirmasdi. Lekin me’yorida aytilgan maqtovlari shunchalar ohanrabo ediki, muallimamizning qadrdon ovozi hanuz qulog‘im ostida jaranglab turgandek.
Oradan yillar o‘tgach, pedagogika ilmini o‘rganar ekanman, ko‘z o‘ngimda olis o‘quvchilik davrim qayta jonlangandek bo‘ldi. Negaki, kitobda yozilgan ushbu qoidalar ijrosini bolalikda o‘zim bevosita ko‘rganman: “O‘qituvchining o‘quvchilar bilan do‘stona munosabat o‘rnatishi, bolaning fikrini ochiq bayon qilib, erkin mulohaza yuritishi tarbiyada muhim jihat hisoblanadi. Boshlang‘ich ta’limdanoq bunday ijobiy muhitning yaratilishi barkamol avlodni tarbiyalashning dastlabki shartlaridan biridir”.
Boshlang‘ich sinf muallimamiz o‘z mashg‘ulotlarida og‘zaki suhbatlar, rasmga qarab so‘zlab berish, she’r yodlash, hikoya qilish, savollarga og‘zaki javob berish kabi usullardan mahorat bilan foydalangani hanuz yodimda. Bu usullar o‘quvchi zehni va nutqini o‘stirishda katta ahamiyatga ega. Diktant yozish mashg‘uloti biz uchun kichik bayramdek quvonchli bo‘lardi. Muallimamiz har bir so‘zni o‘z sehri va zalvori bilan talaffuz qilar, qo‘lidagi “Diktantlar to‘plami”, nazarimizda, xuddi sehrli kitobdek tuyulardi. Boshlang‘ich sinfdagi ana shunday yoqimli saboqlar kaminada so‘zga mehr uyg‘otgan bo‘lsa kerak.
Sinfimizda ma’naviy-axloqiy muhit yaxshi edi. Bir ota-onaning farzandlari kabi ahil-inoq edik. Bu ham shubhasiz, o‘qituvchining mahoratidan darak. Negaki, xotirada muallimamizning “bebosh” o‘quvchilarni koyib, jig‘ibiyron bo‘lgan holati emas, balki bir-biridan qiziqarli darslari muhrlanib qolgan.
Pedagogning kasbiy malakasi, qobiliyati, mahorati, madaniyati va ma’naviyati — uning qiyofasini belgilaydi. O‘qituvchining yutuq va nuqsonlarini hammadan avval o‘quvchilar anglab olishadi. Ba’zan pedagogika institutining yuqori kurs talabalari maktabimizga amaliyot o‘tagani kelishardi. Bizning intizomli sinfimizda dars o‘tish ularga yoqishi sezilib turardi, o‘z navbatida biz — o‘quvchilar, amaliyotchilarning dars uslublarini o‘zimizcha muhokama ham qilardik.
Umumxalq bayramlari arafasida rangli qog‘ozlardan bayroqchalar yasab, ipga tizib kelardik. Ular maktabimiz atrofidagi ko‘chalar chetida, daraxtlarga ilib chiqilardi. Ko‘chadan o‘tganda o‘zimiz yasagan bayroqchalarni ko‘rib, juda faxrlanardik. Ustozlarimiz shu tariqa bizda Vatan, yurt obodligiga hissa qo‘shish va bundan faxrlanish hissini tarbiyalashgan.
Atrof yashillikka burkangan bahor pallasida muallima boshchiligida sinfimiz bilan tabiat qo‘yniga ekskursiyaga chiqardik. Yozgi ta’til chog‘i turli o‘simlik va daraxtlarning barglarini daftarga yopishtirib, gerbariylar yasaganmiz. Ona tabiatga mehr qo‘yish, uni e’zozlash bizlarga ana shunday o‘rgatilgan.
Maktabimizga oid xotiralarim ichida sport va vatanparvarlik mavzusi alohida o‘rin tutadi. O‘quvchilarda oriyat, g‘urur va jangovarlik tuyg‘ulari azaldan baland. Yuqori sinf o‘quvchilari o‘sha paytda (1978—80-yillar) endigina urf bo‘layotgan karate bilan shug‘ullanishardi. Ularga juda havas qilardik. Maktabimizning qo‘l to‘pi jamoasi shahar va viloyat miqyosida peshqadamlikni qo‘ldan bermasdi. Buning siri nimada? Ancha yillardan so‘ng bu savolga tarixiy va mantiqiy javob topdim.
Istiqlol sharofati ila asl tariximizni o‘qib-o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Shu asnoda, qarshilik o‘g‘lonlarga xos g‘urur va sportga chanqoqlik xususiyatlarini yana esga oldim. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Qarshi (Nasaf, Naxshab) Sohibqiron Amir Temur tarjimayi holida alohida o‘rin tutadi. Shu shaharda ul zotning madrasa tahsilini olgani haqida ma’lumotlar bor.
Qarshi — Sohibqiron jasoratining boqiy timsolidir. Sohibqiron qo‘shinida qarshilik sarkarda va yovqur navkarlar ham ko‘pchilik bo’lgan. Qarshida Sohibqiron va temuriyzodalik ruhi doimo barqaror. Binobarin, yuksak oriyat va g‘urur, jangovarlik tuyg‘ulari qarshiliklar uchun bobomeros fazilatlardan sanaladi!
Ko‘hna Nasaf — Qarshining tarixi to‘ppa-to‘g‘ri ertak va afsonalarga “ulanib” ketgandek, nazarimda. O‘zbek xalq ertaklaridagi ko‘p voqealar qadim zamonlarda aynan Qarshi shahrida kechgandek tuyuladi.
Maktab ta’limining yarmiga kelganimda, turmush taqozosiga ko‘ra Yakkabog‘ tumaniga ko‘chib ketdik. Shu bois Qarshidagi 5-maktab bilan bog‘liq xotiralarim asosan boshlang‘ich sinf davriga xos. Ammo bu beg‘ubor xotiralar butun hayotimga nur bag‘ishlab turadi. Bu maktab men uchun dunyodagi eng aziz va muqaddas dargohlardan biri. Qarshiga har kelganimda albatta qadrdon maktabimni ziyorat qilishga intilaman. Bu sehrli maskanda olislarda qolgan bolaligim bilan bamisoli yuzma-yuz uchrashaman.
Bolalikdagi do‘stlik — eng beg‘ubor va samimiy tuyg‘u. Garchi chekka tumanda yashab, boshqa maktabda o‘qisam-da, boshlang‘ich sinfdagi sinfdosh do‘stlarim bilan aloqalarimiz uzilmadi. U paytlarda uyali telefonlar yo‘q edi. Biz xat orqali diydorlashishga o‘zimizda istak, hafsala va vaqt topa olganimiz. Bayramlarda bir-birimizga eng iliq tilaklarni bitishda kimo‘zarga o‘ynaganimizni bugun eslasam, hayratga tushaman. Axir, bugun 5-6-sinf bolalarining o‘zaro xat yozishishini tasavvur qilish ham qiyin-da! Alisher, Dilshod, Xurshid, Ubaydullo, Oybek, To‘lqin, Zafar ismli bolalikdagi do‘stlarim bilan qariyb qirq yildan so‘ng qayta uchrashdik. Bu voqeani taqdirning bizga marhamati, deya baholadik. Ulug‘ shoir yozganidek:
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun!
Numerologiya faniga ko‘ra, raqamlarda o‘ziga xos sir-sinoat mujassam bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, beshinchi maktab — o‘z nomiga munosib ulug‘ ostona. Bu maktabni a’lo baholarga tamomlagan insonlarning kelajakdagi ishlari ham albatta “besh” bo‘lishi shubhasiz!
Baxtiyor HAYDAROV, jurnalist