Xalq ta’limi vazirligi EGRA va EGMA xalqaro baholash dasturilarini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tizimda xalqaro baholash dasturilarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirmoqda. Hozirgi kunda vazirlik o‘quvchilarning o‘qish (EGRA) va matematika (EGMA) bo‘yicha qobiliyatlarni baholash tadqiqotlarini tizimga joriy etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda, deb xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
Mazkur tadqiqotlar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirishini yaxshilash hamda ta’lim jarayonidagi kamchiliklarni aniqlashga yordam berishi ta’kidlab o‘tilgan.
Ushbu baholash tizimi dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlarida qo‘llaniladi. Shuningdek, PISA, TIMSS, PIRLS kabi o‘quvchilar bilimi darajasini baholash uchun xalqaro tadqiqotlar hamda dasturlar tayyorlash uchun yaxshi vosita hisoblanadi.
Joriy yilning 9-18 oktabr kunlari ta’lim jarayoniga xalqaro tajribalarni tatbiq etish, umumiy o‘rta ta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish va matematika fanlaridan bilimlarini aniqlash hamda bilim samaradorligini oshirish maqsadida Respublika ta’lim markazida o‘quv-amaliy seminar tashkil etiladi.
Mazkur seminarda EGRA va EGMA xalqaro baholash dasturi loyihasi bo‘yicha 46 nafar monitoring guruhi a’zolari ishtirok etadi.
Seminar-treningda EGRA va EGMA xalqaro baholash dasturi haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, dasturni tizimga tatbiq etish vositalari ishlab chiqiladi. O‘quv seminaridan so‘ng EGRA va EGMA xalqaro tajribalari amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimiga EGRA va EGMA xalqaro baholash dasturlari AQShning USAID tashkiloti bilan hamkorlikda joriy etilmoqda.