“Gapda ravishlar soni nechta?..” yoxud uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida ravish qanday o‘qitilishi kerak?
Tilshunoslik fani paydo bo‘lganidan hozirga qadar so‘zlarni turkumlash masalasi mutaxassislarning e’tiborini jalb qilgan va bu borada hanuz munozaralar davom etib kelyapti. So‘z turkumlari tarixini kuzatar ekanmiz, hindlarning ham, arablarning ham, yunonlarning ham tasnifida, avvalo, nutq uchun muhim bo‘lgan so‘zlar — fe’llar va otlar ajratilganining guvohi bo‘lamiz. Aniqrog‘i, so‘zlarning ibtidoiy tasnifi Sharqda ham G‘arbda ham, asosan uch guruh: harakat bildiradigan so‘zlar (fe’l), nimanidir (narsa, belgi, miqdor, harakat, holat kabi) nomlaydigan so‘zlar (ot/ism) va shu har ikki guruhga kirmaydigan so‘zlardan (yordamchi so‘zlar) iborat edi. Keyinchalik bu sohada olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasi o‘laroq so‘z turkumlari chegarasi va qamrovi aniqlandi, har bir turkumning tasnifiy belgilari ishlab chiqildi. Biroq, shuni ham aytib o‘tish kerakki, tabiatda, jamiyatda bo‘lgani kabi so‘zlarda evolyutsiya — ma’no taraqqiyoti kuzatiladi. So‘zning bir turkumdan ikkinchi turkumga o‘tish bosqichi ba’zan asrlab davom etadi va bu, o‘z navbatida, so‘zni turkumlarga ajratishda davomli muammolarni keltirib chiqaraveradi.
Ma’lumki, maktab grammatikasi ko‘p hollarda eng umumiy nazariy bilimlarni qamrab oladi. Nafaqat o‘zbek, balki jahon tilshunosligida hali to‘la yechimini topmagan, munozarali, javobsiz savollar borki, ularning javobini ba’zan bilib-bilmay oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlarini topshirayotgan o‘quvchidan talab qilishimiz ajablanarli.
Ayni paytda o‘zbek tilshunosligida so‘zlar uch katta guruh:
1. Mustaqil so‘zlar (fe’l, ot, sifat, son, ravish, olmosh).
2. Yordamchi so‘zlar (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama).
3. Oraliqdagi so‘zlar yoki alohida so‘zlarga (undov, taqlid, modal, tasdiq va inkor) bo‘lib o‘qitiladi.
Dastlabki tasniflarda mustaqil so‘zlar otlar (ismlar) va fe’llardan tashkil topgan. Tasnifning takomillashishi bilan bog‘liq keyinchalik ismlar ichidan sifat (belgi nomi), son (miqdor nomi), olmosh ajralib chiqadi va mustaqil so‘zlar soni beshtaga — ot, sifat, son, olmosh, fe’lga yetkaziladi. Ayni paytda ham rus tilshunosligida ushbu so‘zlarga ismlar sifatida qaraladi: имя существительное (ot), имя прилагательное (sifat), имя числительное (son), местоимение (olmosh) kabi. Mustaqil so‘zlar tasnifida eng keyin paydo bo‘lgan so‘z — bu ravishdir.
Ravishlar ma’no va vazifasiga ko‘ra ot, sifat, son, olmoshlarga yaqin so‘zlar bo‘lib, bu arab va Yevropa tilshunosligida ham qayd etiladi. Murakkab tabiati tilshunoslikda ravishni o‘rganishning o‘ziga xos tarixini yuzaga keltirgan. D.R.Koposov rus tilshunosligida ravishlar tadqiqi tarixi bilan shug‘ullanar ekan, M.V.Lomonosov ravishlarni undov va olmoshlar, M.V.Panov sifatlarning bir ko‘rinishi sifatida qaragani, ulardan farqlanib K.S.Aksarov va F.I.Buslayev ravish morfologik hodisa — so‘z turkumi emas, sintaktik birlik deb qaragani, A.A.Potebnya ularning sintaktik tomonlarini inkor qilmagan holda, belgining belgisini bildiradigan so‘z sifatida so‘z turkumlariga qaytargani, A.M.Peshkovskiy ham ravishni sintaktik kategoriya deb atab, unga so‘z turkumi emas, so‘zshakl sifatida qaragani, A.A.Shaxmatov so‘z turkumlari sirasiga kiritib, sifatga yaqinligini e’tirof etgani, F.F.Fortunatov esa o‘zgarmas so‘zlar sifatida baholaganini keltirib o‘tadi. (Копосов Д.Р. Наречие. Динамика классификации феномена. // Ученые записы Казанского государственного университета. Том 150, кн. 6. Гуманитарные науки, 2008.) Ravishlarni atroflicha o‘rgangan V.V. Vinogradov unga “mustaqil so‘zlarning hech bir guruhiga sig‘may qolgan so‘zlar ravish turkumiga yig‘ilgan”, degan haqqoniy bahoni beradi. (Виноградов В.В. Русский язык. — М., 1972. — С. 303.)
O‘zbek tilshunosligida ravishni o‘rganishda rus tilshunosligida ravishlar tadqiqi bilan bog‘liq dastlabki an’analar yetakchilik qilib kelgan. Sharq va G‘arb tilshunosligi ravishlarni ma’no va vazifasi jihatidan emas, balki boshqa birortasiga xos bo‘lmagan belgi — o‘zgarmaslik belgisi bilan ismlardan farqlaydi. Biroq o‘zbek tili grammatik qurilishining tavsifiga bag‘ishlab yozilgan ko‘plab ilmiy adabiyot va darsliklarda ravishlarning o‘zgarmaslik tabiati inobatga olinmaydi. Fitrat sharqona an’ana ta’sirida so‘z turkumlarini to‘rtga: ot, sifat, fe’l, ko‘makchiga ajratadi. Ravishni esa ot, sifat va ayrim ko‘makchilar (yordamchi so‘zlar) ichiga kiritadi. (Zamonaviy o‘zbek tili. Morfologiya. 1-jild “Mumtoz so‘z” nashriyoti. Darslik. Toshkent. 2008-yil.)
Maktabda ravish mavzusi bilan bog‘liq asosiy muammo yasama ravishlarni o‘qitishga aloqador. Ma’lumki, o‘zbek tilida so‘z yasalishining bir necha turi mavjud bo‘lib, ona tili ta’limida yasama so‘z deganda so‘z yasashning ikki asosiy turi — affiksatsiya(yasovchi qo‘shimcha yordamida so‘z yasash) va kompozitsiya(so‘zga so‘z qo‘shish yo‘li orqali so‘z yasash) usullari yordamida yasalgan so‘zlar nazarda tutiladi. Bu, bir tomondan, to‘g‘ri. Negaki, ona tili darsliklarini ilmiylashtirmaslik, grammatikalizatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik talabi bunga monelik qiladi. Ammo o‘quvchi OTMga kirish imtihonlari uchun ravish mavzusi bo‘yicha tuzilgan DTM savollariga javob berishda faqat affiksatsiya va kompozitsiyaga asoslansa, xatoga yo‘l qo‘yadi. Masalan:
Tez-tez, nari-beri, qo‘yarda-qo‘ymay, unda-bunda, uzil-kesil. Ushbu qatorda ravish+ravish juftlanishi orqali yasalgan yasama ravishlar soni nechta?
A) 5 ta B) 1 ta D) 4 ta Е) 3 ta
To‘g‘ri javob: В) 1 ta; nari-beri — yasama ravish. Ilmiy jihatdan bu yerda derivatsiya (til unsurlarining nutqqa ko‘chirilishi) bor, lekin o‘quvchi buning yasalish ekanini tushunmaydi. Akademik litseylarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligidagi “So‘zlarni takrorlash va juftlash yo‘li bilan ham ravish yasash mumkin. Masalan, nari-beri, hali-beri, naridan beri, erta-indin, tez-tez, juda-juda, qadam-baqadam singari ravishlarga e’tibor bersangiz, ularda bir so‘zning takrorlanishi yoki o‘zaro ma’nodosh va zid ma’noli ikki so‘zning juft keltirilganligining guvohi bo‘lasiz. Masalan, tez-tez (bir so‘zning takrori), eson-omon (ma’nodosh so‘zlarning juftlashishi), avval-oxir, erta-kech (zid ma’noli so‘zlar juftlashishi).
Bunday ravish qismlari o‘rtasiga yozuvda doimo chiziqcha qo‘yib yoziladi;
“Juft va takroriy so‘zlar hamda ularning sinonimiyasi” mavzusida yo‘l-yo‘lakay: “So‘zlarni takrorlash va juftlash yo‘li bilan ravish yasalganda, ular quyidagi so‘z turkumlaridan bo‘ladi:
1. Ot-ot (qator-qator, tun-kun, yildan yilga).
2. Sifat-sifat (uzundan uzun, ochiqdan ochiq).
3. Fe’l-fe’l (uzil-kesil, turib-turib, qo‘sha-qo‘sha, qo‘yarda-qo‘ymay, bilinar-bilinmas).
4. Olmosh-ravish (oldinma-keyin, nari-beri).
5. Olmosh-olmosh (o‘z-o‘zidan, o‘z-o‘zicha, o‘zidan o‘zi).
6. Son-son (birma-bir).
7. Тaqlid so‘z-taqlid so‘z (taqa-taq, shart-shurt) va boshqalar” (Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 2-kurs talabalari uchun darslik. A.Nurmonov va boshq. — T.: “ILM ZIYO”, 2010. — 277-b.) kabi uzuq-yuluq fikrlarni hisobga olmaganda, maktab darsliklarida so‘z yasashning bu turi xususida hech qanday ma’lumot uchramaydi. Ammo bu DTM savollar bazasida quyidagi tipdagi bir qancha test savollarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi:
Hamisha, dastlabki, ustma-ust, galma-gal, do‘stona, o‘rtadagi, taxminan, nari-beri. Yuqoridagi berilganlardan yasama ravishlar sonini aniqlang.
A) 5 ta B) 3 ta D) 7 ta Е) 6 ta. To‘g‘ri javob: Е) 6 ta.
Berilgan so‘zlardan nechtasi yasama ravishlar sanaladi? Birin-ketin, saharlab, olg‘a, har gal, vaqtincha, ertalabki, tiriklayin, bir mahal.
A) 4 ta B) 5 ta D) 6 ta Е) 7 ta. To‘g‘ri javob: C) 6 ta.
Quyidagi gapda nechta ot turkumiga mansub so‘z qatnashgan? Qo‘qqisdan osmonni bulut qoplaydi-da, chelak-chelak suv quyadi.
A) 2 ta B) 5 ta D) 3 ta E) 4 ta
To‘g‘ri javob: D) 3 ta. Bu o‘rinda o‘quvchining chelak-chelak so‘zini ravish yoki ot ekanini bilishi nazarda tutilgan.
Holat ravishi qaysi gap tarkibida qo‘llangan?
A) Kunduzlari quyosh saratondagiday qizdirib turdi. B) Bahorda paxtakor uchun vaqt oz, mehnat esa cheksiz mo‘l. D) G‘ulomjon otasi yonida turib atayin atrofga qaradi. Е) Sayohatchilar yuqoriga ko‘tarilib qarag‘ayzor va archazorga yetdilar.
Berilgan gaplarda holat ravishi ishtirok etmagan. Agar saratondagiday nazarda tutilayotgan bo‘lsa, bu ravish emas.
Qaysi qatordagi ajratib ko‘rsatilgan ravishlar turlanmagan? A) Ishimizdan ertaning shabadasi kelib turibdi, o‘g‘lim. B) Baxt axtarib yurgan ko‘plarni bilaman. D) Hozirning o‘zida uning dong‘i dunyoga ketgan. Е) G‘ulomjon orqadan qarab qoldi.
Ravish turlanmaydi. Hozirning so‘zi nazarda tutilayotgan bo‘lsa, ushbu so‘z bu o‘rinda asli ot ekanligini namoyon etyapti.
Shuningdek, keyingi yillarda to‘xtovsiz, sababsiz, vaqtli, noiloj, bevaqt, barvaqt kabi so‘zlar tarkibida kelishi asos qilib olinib, -siz, be-, -li, bar-, no- qo‘shimchalarining ham ravish yasashi va ularning shakldosh qo‘shimcha ekaniga ishora qiluvchi savollar paydo bo‘lmoqda. Bunda yasalish asli sifatda yuz bergan va bu so‘zlar shu holida konversiyaga uchrab, ravishga ko‘chgan. Bu jarayonni esa o‘quvchiga tushuntirish qiyin.
Ravishlarning uzoq davrlar mobaynida so‘z turkumlari sirasida o‘z o‘rnini topa olmagani va hanuz bu borada fikrlar qat’iy emasligining asosiy sababi “ravishlashish” yo‘llarining ko‘pligidir. Ayni paytda mavjud darslik va qo‘llanmalarda so‘z turkumi sifatida umumiy grammatik ma’nosi “Asosan harakatning, qisman predmetning belgi, miqdor yoki holatini bildiruvchi o‘zgarmas so‘z” deb berilayotgan ravishning ta’rifiga tushadigan sof ravishlar o‘zbek tilida sanoqli. Ravish faqat affiksatsiya yoki kompozitsiya yo‘li bilan emas, balki katta miqdorda ko‘chish — reduplikatsiya, konversiya, morfologizatsiya hisobidan kengayib bormoqda.
Shuningdek, ravishlardagi diaxronik (tarixiy) yasalishlarning (qishin-yozin, birin-ketin, oldin, ochin-to‘qin, ostin-ustin kabi) ham savollarga tortilishi boshqa mavzuga doir savollarga javob berishda muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan:
Qaysi qatorda omonim qo‘shimchalar qo‘llanmagan? A)chiziq-tiniq, bosqin-sotqin B) birin-ketin, qishin-yozin D) qirg‘in-so‘lg‘in, chirik-elak Е)Dilafro‘zxon-kitobxon, do‘sti-boyi. To‘g‘ri javob: B.
Berilgan ravishlardan qaysi biri tarkibidagi qo‘shimcha bugungi kunda ajratilmaydi? A) birin-ketin, ostin-ustin B) so‘ngra, uzra D) qayta, ko‘tara Е) hammasi ajratilmaydi.
O‘quvchi “A” javobini to‘g‘ri variantdan chiqaradi, sababi yuqorida keltirilgan litsey darsligida ravish yasovchilar sirasida bu qo‘shimcha olinib, aynan shu misollar keltiriladi: “-n (-in, -un): ertan-kechin, qishin-yozin, ochin-to‘qin, ostin-ustin” (2, 184). Ilmiy jihatdan va o‘quvchining yosh xususiyatidan kelib chiqib yondashilsa, to‘g‘ri javob yo‘q.
Mavjud grammatikalarda ravish yasovchi qo‘shimchalarning ajratilishi, miqdori borasida ham bir xillik kuzatilmaydi: -cha, -larcha, -chasiga, -iga/-siga, -lab, -deb, -day, -ona, -an, -n(-in), -lay /-layin, -n(-in,-un), -simon, -gacha, -namo va boshqa. Shuni aytib o‘tish kerakki, bu qo‘shimchalardan aksariyatining ravish yasovchi ekanligi ham munozarali.
Umuman, o‘zbek tilshunosligida ravishlarda so‘z yasalishi o‘tgan asr oxirlaridayoq inkor etilgan edi. “...mustaqil so‘z tukumlari sifatida qaralayotgan turkumlarning ayrimlari, jumladan, ravish turkumi so‘z yasalish tizimiga ega emas va buning obyektiv sabablari bor”. (А.Ҳожиев, А.Нурмонов, Н.Маҳмудов. Спорные вопросы в системе словообразования тюркских языков // С.Т., 1989, №2.)
So‘z yasalishi, xususan, ravish yasalishi bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirgan akademik A.Hojiyev hatto eng faol ravish yasovchilar sifatida maktab grammatikalarida sanaladigan -cha, -larcha, -chasiga, -iga /-siga, -lab, -an, -ona kabi qo‘shimchalarning ham ravish yasovchi emasligini birma-bir misollar asosida asoslaydi va “Ma’lum bo‘lаdiki, hozirgi o‘zbek adabiy tilida sistema tarzida ravish yasaydigan bironta ham affiksal morfema yo‘q. Darslik va qo‘llanmalarda, shuningdek, ilmiy ishlarda ravish yasovchi deb berilganlarning birortasi ham ravish yasovchi qo‘shimcha, hatto, umuman, so‘z yasovchi qo‘shimcha emas” degan qat’iy xulosaga keladi. (A.Hojiyev. O‘zbek tili va adabiyoti. 2000-yil, 2-son. 42—46-betlar.)
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi o‘zbek tilida ravishlar boshqa mustaqil so‘zlardan farqlanib bir necha yo‘llar bilan:
affiksatsiya — yasovchi qo‘shimchalar vositasida ravish yasash: vaqtincha, yashirincha, hozircha, avvalgicha, yangicha, mardlarcha, yoppasiga, uzunasiga, rostakamiga, nomiga, ko‘plab, haftalab, shaklan, taxminan, qishin-yozin, ahmoqona, oldin, ochin-to‘qin, ostin-ustin;
kompozitsiya — so‘zga so‘z qo‘shish orqali ravish yasash: u yerga, bu yerda, shu yerdan, o‘sha yoqdan, bu oraga, shu o‘rtada, har yerda, har tomonda, biryo‘la, birpasga;
reduplikatsiya — ot, sifat, olmosh, fe’l, ravish, taqlid kabi so‘zlarning takror yoki juftlashib ravishga aylanishi: qop-qop, savat-savat, es-es, nari-beri, oz-oz, kam-kam, uncha-muncha, shu-shu, o‘sha-o‘sha, hali-beri, eson-omon, kundan-kun, zo‘r-bazo‘r, gul-gul, ayrim-ayrim, pishiq-pishiq, ozib-yozib, uzil-kesil, o‘z-o‘zidan, o‘zidan o‘zi, vaqti-bevaqt, taqa-taq, shartta-shartta;
morfologizatsiya — jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishiklari, shuningdek, ayrim egalik shakllari, ko‘plik shaklidagi ot, sifat, olmosh, son kabi so‘zlarning ravishga aylanishi: baxtimizga, kunda, yoddan, to‘g‘riga, uzoqdan, yaqinda, birdan, birga, shunda, bunda, unda-bunda, kechasi, kunduzi, tunlari, oqshomlari;
konversiya (adverbializatsiya) — bir leksik-grammatik kategoriyadagi so‘zning boshqa kategoriyaga ko‘chishi — ayrim ot, sifat, fe’l kabi so‘zlarning ravishlashishi: erta, indin, kecha, kech, kechqurun, burun, hozir, yaqqol, baralla, tugal, bafurja, muttasil, vaqtli, rosa, baravar, uzluksiz, omonsiz, beomon, o‘zgarishsiz, harakatsiz, to‘xtovsiz, beto‘xtov, osha, o‘ta, qiya, qiyo, qo‘sha, qayta kabi kengayish imkoniyatlariga ega.
O‘zbek tilshunosligida so‘z turkumlari yuzasidan bajarilgan so‘nggi tadqiqotlarda: “Maktab grammatikalarida esa yuz yillarki, mustaqil va yordamchi so‘zlar, har ikkalasidan ham farq qiluvchi so‘zlar guruhi juz’iy farqlar bilan aks ettirib kelinmoqda” (Z.Is’hoqov. O‘zbek tilida so‘z turkumlarining o‘zaro munosabati va unda yuklamalarning o‘rni. Qo‘qon, 2011), “Umuman, tilshunosligimizda hozirgacha so‘z turkumlariaro ko‘chishning juz’iy masalalari qalamga olingan, ko‘chish faqat bir yoki bir necha so‘z turkumi doirasidagina olib tekshirilgan, xolos. So‘z turkumlari aro aloqa va ko‘chishning yirik muammolari, xususan, ko‘chishning tafakkuriy, lisoniy va nutqiy asoslari, mustaqil so‘z turkumlariaro ko‘chish, mustaqil so‘zlarning yordamchi so‘z turkumlari bilan aloqasi va o‘zaro ko‘chishi, alohida guruhdagi so‘zlarning mustaqil va yordamchi so‘z turkumlari bilan aloqasi va o‘zaro ko‘chishi, grammatikalizatsiya hodisalari tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda” (J.Eltazarov So‘z turkumlari paradigmasidagi o‘zaro aloqa hamda ko‘chish hollari. — Toshkent: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, 2006. — 168-b.) kabi xulosalarga kelinishiga ham yuqoridagi holatlar asos bo‘lgan.
Joriy darsliklarda: “Ravish yasovchi -larcha qo‘shimchasidagi -cha qismi kabi, singari ko‘makchilari bilan sinonimik munosabatda bo‘ladi. Shuning uchun ular ko‘pincha almashtirib qo‘llaniladi.
-cha o‘rniga -dek, kabi, singari ko‘makchilarini qo‘shish mumkin bo‘lsa, u ravish yasovchi qo‘shimcha hisoblanadi.
So‘zlarni takrorlash va juftlash yo‘li bilan ham ravish yasash mumkin” (AL, 184) kabi tilshunoslikda hali to‘la yechimini topmagan xulosalarning berilishi ushbu qoidalar asosida kirish imtihonlarida munozarali, javobsiz savollarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Umuman, o‘zbek tilshunosligida ravish yasalishi masalasiga zamonaviy yondashuvlar — til unsurlarining nutqqa ko‘chirilishi muammosi bilan bog‘liq derivatsiya nazariyasi nuqtayi nazaridan yondashish ham dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shuningdek, ravishning ma’no turlarini ajratish bilan bog‘liq murakkabliklar (uzoqdan, yaqinda, unda-bunda kabi ravishlarning konteksda payt, o‘rin, holat ravishlari bo‘lib kela olishi), darsliklarda so‘zning hatto ravish ekanligini aniqlash munozarali ekanligi (masalan, hech, sira, aslo kabi so‘zlar dam ravish, dam yuklama, dam olmoshda uchrashi, ravishga to‘la ko‘chib ulgurmagan ayrim ot, sifat, fe’llarning ravish deb talqin etilishi), qolaversa, nafaqat o‘zbek tilshunosligi, balki jahon tilshunosligida bu mavzuni o‘rganishda xilma-xilliklar mavjudligi maktabda ravish o‘qitish masalasiga yangicha yondashishni taqozo qilmoqda.
Bashorat BAHRIDDINOVA, QarDU “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi