Muvaffaqiyatga yetaklagan orzu
— Bir kuni direktorimizning ish stolidagi taqvimga ko‘zim tushdi. Unda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikka erishgan muallimlarning suratlari berilgan edi. “Qanday baxtli insonlar-a!” deb suratlarga havas bilan uzoq tikildim. O‘shanda ko‘nglimda “Men ham, albatta, bir kun kelib, shu o‘qituvchilar qatoridan joy olaman”, degan maqsad paydo bo‘lgan edi, — deydi Barchinoy.
— Ana shu maqsad meni o‘z ustimda tinmay ishlashga, izlanishga undadi.
Ammo orzum bu qadar tez amalga oshadi, deb sira o‘ylamagan edim.
Buxoro shahridagi 39-IDUMning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Barchinoy Karimova oradan uch yil o‘tib “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichi g‘olibiga aylandi. Bugun u nafaqat o‘z jamoasi, balki butun mamlakat pedagoglari orasida obro‘-e’tibor qozondi. Atigi 4 yillik pedagogik tajribaga ega bo‘lgan 26 yoshli muallima uchun bu katta yutuq, yuksak baxt.
- Inson hech qachon yolg‘iz o‘zi biror narsaga erisholmaydi. Atrofingda seni qo‘llab-quvvatlovchi, suyab turuvchi xayrixoh insonlar bo‘lsagina, omad hamisha hamrohingga aylanadi, — deydi Barchinoy. — Bugungi yutug‘im uchun yonimdagi yaqinlarim, jamoamdagi hamkasblarimdan minnatdorman.
Havas va Maqsad
Bizdagi istak, qiziqishlar eng avval havasdan boshlanadi. Kimgadir, nimagadir nisbatan uyg‘ongan havas butun kelajagimizni belgilab berish darajasida hayotimizda muhim rol egallaydi.
— Otam Furqat Karimov ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatida uzoq yillar geografiya fanidan saboq berdi, — deydi muallima. — O‘quvchilari u kishini yaxshi ko‘rishar, hamkasblari esa fidoyiligini qadrlardi. Hanuzgacha ana shu hurmat-ehtirom saqlanib qolgan. Biz — to‘rt farzand ham bolalikdan otamga havas qilganmiz. U kishi qalbimizda muallimlikka mehr uyg‘otgan. Vaqt o‘tishi bilan bu havas maqsadga aylandi. Garchand akam boshqa sohani tanlagan bo‘lsa-da, ikki opam va men otamning izidan ketdik. Bu tanlovimiz bugun uchalamiz uchun ham to‘g‘ri va omadli bo‘lganidan mamnunmiz.
Otam bizga har doim “Inson tanlayotgan kasbiga yurakdan mehr qo‘ysa, unga borlig‘ini berolsagina, muvaffaqiyatga erishadi. Yo‘qsa, hech kimligicha qolib ketadi. Ayniqsa, o‘qituvchilikda fidoyilik, jonkuyarlik nihoyatda muhim”, deya qayta-qayta uqtiradi. Har doim yonimizda turib, maslahat beradi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi.
Oliy o‘quv yurtini tugatib, o‘qituvchilik faoliyatimni boshlagan ilk kundan bu kasbning otam aytganidek nechog‘li mashaqqatli va mas’uliyatli ekanini angladim. Endi faqat o‘zim, farzandlarim uchungina emas, xalqning farzandlari uchun javobgar ekanligim, ularning kelajagi uchun qayg‘urishim lozimligini his etdim. Bu hissiyot yelkaga og‘ir yuk ortishi bilan birga, qalbga allaqanday yoqimli iliqlik beradi. Ana shu harorat har qanday mashaqqatni yengib o‘tishda kuch-quvvat baxsh etadi.
Barchinoy metodi yoxud muammoning yechimi o‘zimizda
O‘zbek tili affiksal, rus tili esa flektiv tillar turkumiga kiradi. Shu bois rus tilida so‘zlashadigan o‘quvchilarning nutqda qo‘shimchalarni to‘g‘ri qo‘llay olmasligi bugungi o‘zbek tili ta’limining dolzarb muammolaridandir. Muammoning sababi, qo‘shimchalarni qo‘llash bilan bog‘liq asosiy ma’lumotlar 5-sinfdan o‘rgatiladi. Boshlang‘ich sinf darsliklaridagi 2-3 qo‘shimchali so‘zlar bolalarni chalkashtiradi va matn yoki gaplarni tushunmasdan, ko‘r-ko‘rona yodlashga undaydi. Lug‘atlarda ham so‘zlarning faqat asos qismi tarjimasi keltiriladi. Jumladan, 3-sinf o‘zbek tili darsligida 1-darsning o‘zidayoq o‘quvchi savollar iskanjasida qoladi. Darslikdagi “Vatan” matnida Vatanimizni, viloyatlarda, korxonalari kabi 2-3 qo‘shimchali so‘zlar ishtirok etgan. Lug‘atda esa so‘zlarning faqat asos qismi tarjimasi keltirilgan, xolos.
Til o‘rganishda soddalik muhim ahamiyat kasb etadi. Qo‘shimchalarni nutqda to‘g‘ri qo‘llashni boshlang‘ich sinfdan o‘rgata boshlash uchun sodda va oson “Arqon” metodini qo‘llash samara beradi. O‘quvchida qo‘shimchalar nimaga xizmat qilishi haqida dastlabki tushunchalar paydo bo‘lgandan so‘ng ushbu tushunchalarni xotirada mustahkamlash maqsadida xalq o‘yinlaridan hisoblangan “Arqon tortish” musobaqasi 2-3 bosqichda o‘tkaziladi:
Yana bir muammo — bu rusiyzabon o‘quvchilarning aksariyatida o‘z fikrini o‘zbek tilida ravon ifoda etish ko‘nikmalari shakllanmaganidir. Sababi o‘zbek tili grammatikasining biror o‘rnida gap tuzish bilan bog‘liq ko‘rsatma keltirilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchida hadiksirash, qo‘rquv, o‘ziga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Ushbu muammoni bartaraf etishda “Rasmlar tilga kirganda” metodidan foydalanish nihoyatda samara beradi. O‘tgan o‘quv yilida bu metodni 3—5-sinflar kesimida sinovdan o‘tkazdim va ko‘zlangan natijaga erisholdim. Bunda o‘quvchilarning ruhiy holatini hisobga olgan holda darslikda belgilangan mavzularga oid rangli rasmlar namoyish etiladi va bu rasmlar asosida quyidagi savol hamda topshiriqlarni bajarish talab etiladi:
Rasmga sarlavha qo‘ying!
Rasm asosida hikoya tuzing!
Rasmdagi ranglarni yana qayerda uchratish mumkin?
Suratda nechta obyekt tasvirlangan?
Rasmda tasvirlangan predmetlar haqida ma’lumot bering!
Bu topshiriqlar o‘quvchilarni fikrlashga majbur qiladi, fikrlarni ketma-ket joylashtirish ko‘nikmasini shakllantiradi. Atrof-olamga sinchkov bo‘lishga undaydi. Shuning barobarida zehnni kuchaytiradi, bilimni mustahkamlab, hayotda qo‘llay olish ko‘nikmasini hosil qiladi.
O‘zbek tilini o‘qitishdan asosiy maqsad nutqni o‘stirishdir. Afsuski, darsliklardagi ayrim kamchiliklar bu maqsadni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. 5-sinf darsligida 45 daqiqa davomida bajarish uchun berilgan topshiriqlarning miqdori juda ko‘p. O‘quvchilarning yosh xususiyatini inobatga olganda ularning hammasini bir darsda mukammal bajarishning iloji yo‘q. 6-sinf darsligida juda ko‘p o‘rinlarda imloviy, ishoraviy va texnik xatolarga duch kelish mumkin. “O‘zbek tili” darsliklarining barchasida termin, nazariy ma’lumotlar faqat o‘zbek tilida berilgan. O‘quvchilar ularning ruscha tarjimasi hamda muqobilini bilmasa, qanday qilib o‘z ustida mustaqil ishlay oladi? Bu muammoning eng to‘g‘ri yechimi — “O‘zbek tili” darsliklarini til o‘rganishning jahon standartlariga mos keluvchi metodikalari bilan qayta boyitish. Amaldagi darsliklardagi aksariyat metodlar juda eskirgan bo‘lib, samaradorligi past. Berilgan tayanch so‘zlarni o‘zaro grammatik va ma’no jihatidan bir-biriga bog‘lab, mustaqil gap va bog‘lanishli matn tuzish yo‘li bilan nutq o‘stirishga erishish mumkin.
Iroda ORIPOVA