Turkistonda ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha Markaziy Osiyo xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 4-5-oktyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha 3-Markaziy Osiyo xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillaridan “Xalqaro aloqalar” bo‘limi boshlig‘i Madina Xojimurodova va “Oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish” bo‘limi bosh mutaxassisi Ikrom Saburov O‘zbekiston nomidan ishtirok etishdi.
Qozoq-turk xalqaro universitetida tashkil etilgan tadbirda 20dan ortiq davlat vakillari hamda 70dan ortiq ta’lim tizimiga oid vazirlik va idoralardan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Mazkur forum Markaziy Osiyo mintaqasida ta’lim sifatini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, galdagi vazifalarni belgilash va eng asosiysi bu borada yanada kengroq hamkorlik yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida Qozog‘istonning“Akkreditatsiya va reyting mustaqil agentligi” direktori Alina Jumagulova yig‘ilganlarni tashrifi bilan qutlab, ushbu agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, forumning ochilish marosimida Qozog‘iston Respublikasi Senati vakili Baxtjan Jumagulov, Qozog‘iston Respublikasi Fan va ta’lim vaziri Asxad Aymagambetov, Qirg‘iziston Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Kudayberdi Kojobekov, Tojikiston Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Sayfiddin Davlatzoda va boshqa mutasaddilar kirish so‘zi bilan ishtirok etishdi.
Forumning 1-kunida Germaniya, Moldova, Rossiya, Bolgariya, Niderlandiya, Latviya, Turkiya, Tojikistondan tashrif buyurgan ishtirokchilar tomonidan asosiy ma’ruzalar qilindi. Unda oliy ta’lim va ta’lim sifatini ta’minlashda raqamli texnologiyalar, Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim sifatini baholash tizimi, ta’lim sifatini ta’minlashdagi dolzarb muammolarga yangicha yondashuvlar, ta’lim sifatini baholashdagi xalqaro darajalar va tashkilotlar haqida ma’lumotlar hamda oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotni rivojlantirishning 11 ta yangi innovatsion yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida barcha ishtirokchilar maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha seksiyalarda ma’ruzalar va savol-javoblarda ishtirok etishdi. Unda ta’lim sifatini ta’minlashda xalqaro tajriba, ta’lim sifatini oshirishda tadqiqotlarni tijoratlashtirish, ta’lim sifati va ta’lim markazida talaba, tibbiy yo‘nalishlarda ta’lim sifati, ta’limda mustaqillik va ta’limning xalqarolashgan shakllarida oliy ta’lim tizimida boshqaruv strategiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha seksiyalar tashkil etildi.
Forumning 2-kuni yalpi yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari tomonidan inspeksiyasi faoliyati va O‘zbekiston OTMlarining milliy reytingi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi. Bunda Ta’lim inspeksiyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumotlar yetkazildi. Ayniqsa, O‘zbekiston milliy OTM reytining metodologiyasi va turli yo‘nalishlar bo‘yicha alohida shakllantirilgan ko‘rsatkichlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, reyting indikatorlarining asosiy qismlaridan biri bo‘lgan ish beruvchilar fikrini o‘rganishning tashkil etilganligi va bunda 5719 tashkilot va muassasalar ishtirok etganligi forum qatnashchilarininge’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Qolaversa, reytingda OTMlarining ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida daromadlarining ham turli yo‘nalishlarda ya’ni xalqaro grantlar, soha buyurtmalari va davlat grantlari kabi aniqliklar bilan hisoblanishi milliy reyting tizimi yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etilib, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari tomonidan ushbu mamlakatlarda OTMlar reytingini tuzishda hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirildi, deb xabar berdi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.