Chin dildan ishlashning o‘zi kifoya
Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘zini ta’limga daxldor deb bilgan har bir insonni ruhlantirdi, yuragida kelajakka ishonchni yana bir karra orttirdi. Haqiqatan ham, bugun maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda. Bu borada o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘sini oshirish, nufuzini ko‘tarish dastlabki vazifalardan.
Davlatimiz rahbari biz, o‘qituvchilarga bunday g‘amxo‘rlikning sabablarini o‘z chiqishlarida isbotlab berdi. Aminmanki, bunday g‘amxo‘rlik respublikamizdagi har bir pedagog qalbiga cheksiz quvonch baxsh etib, ularni yangi marralar sari undadi. Tabrik bahona oxirgi yillarda sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlar yodga tushdi.
Ta’limdagi islohotlarning mazmun-mohiyati yagona maqsad — ta’lim uzluksizligi, izchilligini ta’minlash, mazmunini yangilash orqali komil insonni, malakali mutaxassisni tayyorlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan sohaning barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz.
Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori biz, pedagoglar uchun ta’limning yangi davrini boshlab berdi. Unda yuksak ma’naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega, fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash bosh maqsad etib belgilandi. Shuningdek, pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy, ma’naviy hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida boshlang‘ich va yuqori sinf o‘qituvchilari, maktab psixologlari hamda maktab rahbarlarining ish haqi oshirildi.
Qolaversa, o‘quvchilari olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan pedagoglar eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladigan bo‘ldi. Qarorning yana bir muhim jihati, pedagog kadrlarning arzon uy-joy bilan ta’minlanishi hamda ularga avtokreditlar berilishidir. O‘tgan o‘quv yilidan 11-sinfni a’lo baholarga bitirgan o‘quvchilarga oltin va kumush medallar berish mexanizmining joriy etilishi o‘quvchilarning qalbida ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirdi.
Tumanimiz misolida gapiradigan bo‘lsak, hozir 77 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi. Ta’lim o‘zbek, rus, tojik tillarida olib boriladi. 2 229 nafar o‘qituvchi 31 650 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda. Pedagoglarning 1 451 nafari oliy ma’lumotli, 72 nafari tugallanmagan oliy va 706 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Ular orasida ko‘pyillik tajribaga ega, mahorati, o‘z uslubi bilan namuna bo‘layotgan murabbiylar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Tumanimizda ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar natijasi pedagog xodimlar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan turli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Jumladan, o‘tgan o‘quv yilida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida tumanimizdagi 41-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi Gulmira Mahmudova 3-o‘rinni egalladi. Fan olimpiadasining viloyat bosqichida tumanimizdagi umumta’lim maktablaridan 25 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ularning aksari yuqori o‘rinlarni egalladi.
Ta’lim sohasida yangiliklar ko‘p. Yangidan qabul qilingan hujjatlarni o‘zimizga dasturilamal qilib, chin dildan ishlasak, ana shuning o‘ziyoq o‘qituvchi mavqeyining jamiyatda keskin oshishiga xizmat qiladi.
Ravshan TO‘RAYEV, Nurobod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri