Buxoroda Italiyaning Piza universiteti bilan hamkorlikda matematika olimpiadasi tashkil etilmoqda
Joriy yilning 13-oktabr kuni Buxoro viloyatida Xalq ta’limi vazirligi, Buxoro davlat universiteti va Italiyaning Piza universiteti hamkorligida ochiq matematika olimpiadasi o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu olimpiadada mamlakatimiz umumta’lim maktablarining 7-11-sinf, akademik litseylarning 1-2-bosqich va kasb-hunar kollejlarining 3-bosqich o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Olimpiadada 5 ta masala beriladi va har bir masala 7 ballik tizimda baholanadi. Ishtirokchilarga masalalarni yechish uchun 4 soat beriladi.
Olimpiada uchun topshiriqlar (yozma ishlar) Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti, Buxoro davlat universiteti va Italiyaning Piza universiteti mutaxassislari hamkorligida tuziladi.
Ishtirokchilar orasidan “o‘ziga xos yechim”, “eng yaxshi g‘oya” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlash rejalashtirilgan.
Olimpiadada ishtirok etishni xohlovchi o‘quvchilar quyidagi telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tishlari so‘raladi: +998974559676.
Mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi Prezident qarori (PQ-4306-son) ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
Ro‘yxatga olish 2019-yil, 12-oktabr, soat 19:00 ga qadar davom etadi.