O‘qituvchi nimani orzu qiladi?
Tartibsizlik, ko‘chadagi urush-janjallar oldidan jimgina o‘tib ketamiz. Ko‘pincha bizga aloqasi bo‘lmagan bunday holatlarga aralashish ortiqcha “boshog‘rig‘i”dek tuyuladi. Ammo bir toifa insonlar borki, bu borada biz kabi yo‘l tutmaydi. Ular har qanday imloviy xatoga, har qanday noto‘g‘ri fikrga, nojoiz muomala, tartibsiz harakat-u urush-janjallarga befarq bo‘lolmaydi. Shunday insonni ko‘chada ko‘rib qolsa, “O‘qituvchi emasmisiz?” deb so‘raydiganlar ham topiladi. Ha, shubhasiz, bu o‘qituvchi. Uning o‘zi bu odatini “Kasb kasalligi”, deydi. Agar shu kasallik bo‘lsa, hech ikkilanmay aytish kerakki, jamiyatga bunday “kasallik” kerak. O‘qituvchining har bir so‘zi, harakati, o‘y-tashvishi boshqalarnikidan farqli o‘laroq, umumning manfaati ko‘zlangani bilan ajralib turadi. Hatto uning orzusi ham.
O‘qituvchi nimani orzu qiladi? Biz shu savolga javob izlab, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi a’zolarini suhbatga chorladik.
Tohira NURIDDINOVA:
— Menga chet tilini o‘rgatgan ustozim hozir betob. Ayni damda u kishining o‘rnidan turib, maktabga kelishini, bir soatlik darsimni kuzatib, o‘z maslahatlarini berishini orzu qilaman. Qaniydi, yana xatolarimni ko‘rsatib bersa! O‘quvchilik davrimda shu muallimimning darslarida ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan edim. Repetitorga bormay institutga kirdim. U yerda ham xorijiy tilni eng yaxshi biladigan talaba hisoblanardim. Bu hammasi maktabdagi ingliz tili o‘qituvchimning mehnati samarasi edi. Keyinchalik u kishi darslarimni tahlil qildi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, eng a’lo maslahatchimga aylandi. Hozir u kishiga juda ehtiyoj sezyapman. Yonimda shunday aziz insonimni yana ko‘rishni orzu qilaman. Birgalikda hali ko‘p o‘quvchilarga ta’lim berishimiz kerak. Sog‘ayib keling, ustoz!
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Eng katta orzum — talabalik yillarimda boshlagan agnonimlar haqidagi ilmiy ishimni nihoyasiga yetkazish. Ana shunda aziz ustozim, ilmiy rahbarimning ishonchini to‘liq oqlagan bo‘lardim.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi:
— 25 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Har safar yangi sinfni qabul qilayotganimda ko‘nglimdan o‘kinchli bir o‘y o‘tadi: “Ilohim, bu safargi bolakaylarim to‘liq oila farzandi bo‘lsin-da”. Ota-onasi xorijga ishlagani ketgan yoki tirik yetim qolgan bolalarning ahvolini ko‘raverib, yuragim zada bo‘lib ketgan. Ular faqat mehrga, shirin so‘zga muhtoj bo‘lib qolarkan. Ularga onasiday mehr berishga harakat qilaman. Biroq baribir ota-onasini qo‘msab, sog‘inib yig‘laydi. Shunday paytlarda ba’zan chora topmay qiynalaman.
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Umrning yarim asri eshik qoqib turganda bolalikdagi orzularimizni sarhisob qilib qolarkanmiz. Men orzularimga yetdimmi? Ha, bir qanchasiga erishdim. O‘zim istagan kasb egasi bo‘ldim. Salkam o‘n yil farzandli bo‘lish orzusida o‘quvchilarimga onadek mehribon bo‘lishga intildim. Orzum ro‘yobga chiqib, o‘g‘illi bo‘ldim. Farzand tilagida har bir o‘quvchimga ona bo‘ldim. Bugun hech ikkilanmay, farzandim bitta emas, juda ham ko‘p deb ayta olaman. Barcha bolamning fazl-u kamolini ko‘rishni orzu qilaman.
Mohidil XUSHVAQTOVA, Izboskan tumanidagi 15-maktab o‘qituvchi:
— Eng iqtidorli o‘quvchimni bilimlar bellashuviga tayyorlayapman. Bir yildan so‘ng fan olimpiadasida qatnashadi. Hozir u 9-sinfda. 11-sinfni bitirguncha respublikada birinchi o‘rinni olishini hamda IELTSdan 10 ballga munosib topilishini, shu o‘quvchimning yutuqlari ortidan men ham quvonib, O‘qituvchi va murabbiylar umumxalq bayrami kuni Toshkentda o‘tkaziladigan katta konsert tantanalarida qatnashishni orzu qilaman.
Muzaffar QOSIMOV, Farg‘ona tumanidagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Qachondir men saboq bergan o‘quvchilar to‘planganda “Shu ustoz bizni o‘qitgandi, zo‘r dars o‘tardi”, deb eslashlarini, farzandlarimga “Otangiz bizni o‘qitgan edi, shunday ustozning farzandimisiz?” deyishlarini orzu qilaman.
Ulug‘oy XUDOYNAZAROVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi agrosanoat va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji direktori:
— Maktab davrimda fan olimpiadalarida qatnashishni yaxshi ko‘rardim. Ba’zan o‘quvchilarimning o‘rniga o‘zim qatnashgim keladi. Ko‘plab iqtidorli o‘quvchilarimning qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun fan olimpiadalariga tayyorlayman. Ularning xalqaro fan olimpiadalarida qatnashib, yutuqlarga erishishini orzu qilaman.
Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Orzuga ayb yo‘q. Mening orzularim juda ko‘p. Jumladan:
— har bir sinfda rangli printer, televizor, proyektor, elektron doska, har bir mavzuga mos elektron darsliklar, 35 dona internet tarmog‘iga ulangan noutbuk bo‘lsa;
— 10-11-sinf o‘quvchilarimizga onlayn tarzda dunyo reytingida o‘ntalikka kirgan OTM o‘qituvchilari reja asosida mahorat darslarini o‘tsa, o‘qituvchilarimiz ular bilan tajriba almashsa;
— eng ko‘p investitsiya ta’lim sohasiga kiritilsa. Intiluvchan, iqtidorli o‘quvchilar jahonning mashhur muzeylariga sayohatga olib borilsa;
— har bir maktabga xizmat mashinasi, kuryer shtati berilsa. Shunda o‘qituvchilar hujjat tashish, o‘quvchilarning uylariga borib, xabar olish kabi yugur-yugurlardan xalos bo‘lardi.
Farida AXBORALIYEVA, Zangiota tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi:
— Men to‘kis xonadonda ulg‘aydim. 18 yoshga to‘lganimda hayotning qattiq zarbasiga duch keldim. Jondan aziz onam 42 yoshida olamdan o‘tdi. Bir necha yillardan so‘ng bu bo‘shliq to‘ldirildi. Qaynonam menga haqiqiy ona bo‘ldi. Kelin bo‘lganimda ma’lumotim o‘rta maxsus edi. Qaynonam universitetda o‘qitdi. Hozir 1-toifali o‘qituvchiman. Ilmiy izlanishlar olib boryapman. Eng katta orzum — 7 farzandning volidasi, 15 nevara, 6 chevaraning mehribon buvisi bo‘lgan onajonim — qaynonamni o‘z halol maoshimni yig‘ib haj safariga yuborish.
Zilola MUXTOROVA, Qarshi shahridagi 1-IDUM o‘qituvchisi:
— Katta orzum — oliy ma’lumotli bo‘lish. Avvaliga uy-ro‘zg‘or dedik, keyin ketma-ket farzandli bo‘ldim. Maktabda 23 yillik faoliyatim davomida qanchadan-qancha o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berdim. Ularning fanga qiziqishini oshirish maqsadida turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, ochiq darslar o‘tkazdim. Lekin bularning barchasini katta maydonga olib chiqolmayman. Sababi, oliy ma’lumotim yo‘q.
Dilorom JALILOVA, Chilonzor tumanidagi 181-maktab o‘qituvchisi:
— Qishloqdan endigina kelib, maktab jamoasiga, ayniqsa, o‘quvchilar qalbiga kirib borish oson bo‘lmadi. Tinimsiz izlanib, o‘qib-o‘rgandim. Bu yil 11-sinfni tamomlagan o‘quvchilarimning 15 nafari O‘zbekiston va xalqaro OTMlariga talabalikka qabul qilindi. Ularning qo‘ng‘iroq qilib “Ustoz, mehnatingiz samara berdi”, deyishidan shu qadar quvondim. Mana shu e’tiroflar orzularimning ro‘yobi edi.
Go‘zal MUXTOROVA, Forish tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:
— Birinchi ustozim — onajonim. Qariyb 40 yildan ziyod umrini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishladi. Maktabga ilk bor qadam qo‘yganimizda bizga hayotni tanitdi, orzu qilishni o‘rgatdi. Hozir ham orzularimning cheki yo‘q. Maktablarda radio to‘garaklari tashkil etilishini orzu qilaman. O‘quvchilarning nutqiy savodxonligini oshirishda katta yordam beradi, deb o‘ylayman. O‘quvchilarimning viloyat va respublika miqyosidagi tanlovlarda yuqori natijalarni egallashi katta orzularimdan.
Shohida HAMROYEVA, Romitan tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi:
— Barcha ota-onalar farzandining ta’lim-tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishini, maktabga tez-tez kelib, xabar olib turishini orzu qilaman. Zero, muallim maqomini oshirishda, avvalo, ota-onalarning maktab, o‘qituvchi haqidagi qarashlarini o‘zgartirish kerak. Shuningdek, Prezidentimiz qo‘llaridan davlat mukofoti olishni orzu qilaman.
Odinaxon AHMEDOVA, Bag‘dod tumanidagi 51-maktab o‘qituvchisi:
— Eng katta orzum — ona tili fanini ikki guruhga bo‘lingan holatda o‘tishga erishish. Darslarni ko‘ngildagidek tashkillashtirishga imkon bo‘lardi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.