Janubiy Koreya taraqqiyotidagi ikkinchi “mo‘jiza”
Koreys mo‘jizasining omillaridan biri mehnatsevar aholisi bo‘lsa, yana bir jihati Janubiy Koreyadagi o‘ziga xos ta’lim tizimidir. Ushbu mamlakatning ta’lim tizimi besh bosqichli: o‘qish — boshlang‘ich maktabda 6 yil, ikkinchi bosqich maktabida 3 yil, yuqori maktabda 3 yil, kollejda 2 yil, universitetda esa 4 yildan iborat. Faqat boshlang‘ich va ikkinchi bosqich maktabida ta’lim olish majburiy hisoblanadi. Maktablarda ko‘pincha matematika, koreys va ingliz tillari, aniq va ijtimoiy fanlarga ko‘proq ahamiyat beriladi. Jismoniy tarbiya asosiy o‘quv predmeti hisoblanmagani bois, ko‘plab koreys maktablarida zaruriy sport jihozlari mavjud emas. E’tiborlisi, barcha ta’lim muassasalarida yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyati mavjud.
O‘quv yili ikki semestrga bo‘lingan bo‘lib, birinchisi mart oyida boshlanadi va iyulning o‘rtalarida tugaydi. Ikkinchi yarim yillik o‘qish davri avgust oyining oxirida boshlanib, fevralning o‘rtalarida nihoyasiga yetadi. Yozgi ta’til iyul oyining oxiridan avgustning oxirigacha, qishkisi esa dekabr oxiridan fevralning boshlarigacha davom etadi. Bundan tashqari, fevralning o‘rtasidan to oy oxirigacha davom etadigan qisqa dam olish kunlari ham mavjud.
Mamlakatda o‘quv dasturi qat’iy emas. Bir ta’lim dargohidagi o‘quv dasturi boshqasidan farq qilishi mumkin. Janubiy Koreyada o‘qitish jarayonini ta’lim vazirligi boshqaradi. Koreya Respublikasining 1998–2003-yillardagi prezidenti Kim De Chjun ma’muriyati 2001-yili fuqarolarning sifatli ta’lim olishiga birinchi darajali masala sifatida e’tibor qaratdi. Natijada ta’lim vazirligi vakolatlari kengaytirilib, uning rahbariga bosh vazir o‘rinbosari maqomi berildi.
Boshqa barcha vazirlar singari ta’lim vaziri ham prezident tomonidan ilgari muayyan darajada ta’lim sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan nomzodlar orasidan qisqa muddatga (taxminan bir yilga) tayinlanadi.
Bog‘chani tamomlaganga diplom
Koreys bolalar bog‘chasi umumiy ta’lim dasturining bir qismi hisoblanmaydi. Shuning uchun ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy muassasalarga beradi. Aksariyat maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘qish koreys tilida olib boriladi. Ko‘pida ingliz tili sinflari ham mavjud. Ba’zilarida esa ingliz tili asosiy ta’lim tili hisoblanadi. U yerga uch yoshdan besh yoshgacha bo‘lgan bolalar boradi. Bolalar ota-onalar ixtiyoriga qarab maktabgacha ta’lim olmasliklari ham mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ular ham boshqa bolalar bilan bog‘chaga qatnaydi. Guruhdagi bolalar o‘rtasidagi yosh farqi uch yoshgacha bo‘lishi mumkin. Odatda olti yoshda ular boshlang‘ich maktabga boradi.
Janubiy Koreyada o‘tgan asrning 80-yillari maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul darajasida ko‘tarilish kuzatildi: 1980-yili 901 ta bog‘chaga 66 ming 434 bola qabul qilingan bo‘lsa, 1987-yilga kelib 7 ming 792 ta muassasaga 397 ming 20 nafar bola qamrab olindi. Xuddi shu davrda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachi va o‘qituvchilari soni 3 ming 339 nafardan 11 ming 920 nafargacha oshdi, ularning 92 foizi — ayollar. Ta’lim vazirligining qo‘llab-quvvatlashi va yordam ko‘rsatishi, mehnat bozoriga kirib kelayotgan ayollar sonining ko‘payishi, oilada yoshi kattalar yo‘qligi sababli bolalarga qaray olmaydigan nuklear oilalar sonining oshishi, bolalar bog‘chalarining keyingi ta’limni osonlashtirishi bunga sabab bo‘lishi mumkin.
Ota-onalarda muayyan darajada o‘z bolasi bilan g‘ururlanish tuyg‘usini uyg‘otadigan bitiruv marosimlari, shuningdek, bolalar bog‘chasini tugatganlik to‘g‘risidagi diplom va faxriy yorliqlar ham bunga muhim omil bo‘ldi.
Keyingi bosqichga o‘tish imtihonga bog‘liq emas
Koreyslar “chxodin xakkyo” deb ataydigan boshlang‘ich maktabga 7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lganlar qatnaydi. Bu yerda 6 yoshdan o‘qishi boshlanganlar ham topiladi. O‘qish muddati — 6 yil. Koreys tili, matematika, aniq fanlar, ijtimoiy fanlar, chet tillar, tasviriy san’at va musiqa o‘rganiladigan fanlarga kiradi. Odatda ushbu fanlarning barchasi bir nafar sinf rahbari tomonidan o‘qitiladi. Biroq ba’zi ixtisoslashtirilgan fanlarni boshqa o‘qituvchi o‘tishi mumkin.
Ta’lim tizimining boshlang‘ich maktabdan o‘rta maktabga o‘tish bosqichi turli imtihonlar natijasi asosida emas, balki faqat o‘quvchining yoshiga qarab belgilanadi.
XX asrning 80-yillari oxirigacha ingliz tili odatda ikkinchi bosqich maktabidan o‘qitila boshlangan, biroq hozir u boshlang‘ich maktabning 3-sinfidan o‘tiladi. Koreys tili grammatik nuqtayi nazardan ingliz tilidan ancha farq qiladi. Shuning uchun ingliz tilini o‘rganish katta qiyinchilik bilan kechadi.
Ko‘pgina ota-onalar farzandini qo‘shimcha “xagvonam” deb nomlanadigan xususiy maktablarda o‘qitadi.
Janubiy Koreyada davlatga qarashli boshlang‘ich maktablardan tashqari qator xususiy maktablar ham mavjud. Ularning o‘quv dasturlari davlat muassasalarinikiga ozmi-ko‘pmi mos keladi, ammo u ancha yuqori darajada amalga tatbiq etiladi: kam sonli o‘quvchilarga ko‘p o‘qituvchilar dars beradi, qo‘shimcha fanlar o‘qitiladi va umuman, ta’limning yuqori standartlari joriy etiladi. Biroq ularda o‘qish narxi ancha yuqori.
Sinf rahbarining obro‘si baland
Koreys tilida ikkinchi bosqich maktabi “chunxakkyo” deb nomlanadi. So‘zma-so‘z tarjima qilinganda “o‘rta maktab” degan ma’noni anglatadi. Koreys ikkinchi bosqich maktabi 3 sinfdan iborat. Aksariyat o‘quvchilar unda o‘qishni 12 yoshda boshlab, 15 yoshda tugatadi.
Ikkinchi bosqich maktabi o‘z o‘quvchilariga boshlang‘ich maktabga qaraganda ancha yuqori talablar qo‘yadi. Deyarli har doim o‘quvchilar hayotining boshqa jihatlari kabi kiyim va soch turmagi qat’iy tartibga olinadi.
Boshlang‘ich maktabda bo‘lgani kabi o‘quvchilar kunning asosiy qismini sinfdoshlari bilan bir sinfda o‘tkazadilar, ammo har bir fan o‘z o‘qituvchisi tomonidan o‘qitiladi. O‘qituvchilar sinfdan sinfga yurib dars beradi. “Maxsus” fandan saboq beriladigan ba’zi xonalarga o‘quvchi o‘zi boradi.
Sinf rahbarlari (koreyscha “tamim sonsennim”) o‘quvchilar hayotida muhim rol o‘ynaydi va boshqa yurtlardagi hamkasblariga qaraganda katta obro‘ga ega.
Ikkinchi bosqich maktabi o‘quvchilariga kuniga oltita dars o‘tiladi. Ularga odatda har kuni ertalab darsdan oldin bo‘ladigan bitta maxsus vaqt bloki hamda har bir mutaxassislik uchun alohida yettinchi dars ham qo‘shiladi.
Universitetdan farqli o‘laroq, bir maktabdagi o‘quv dasturi boshqasidan farq qilmaydi. O‘quv dasturining asosini quyidagilar tashkil etadi: matematika, koreys va ingliz tillari, shuningdek, bir qator aniq fanlar.
Qo‘shimcha fanlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: san’at turlari, jismoniy madaniyat, tarix, xancha (xitoy iyeroglifikasi), etika, oila iqtisodiyotini yuritish, kompyuter savodxonligi. O‘qiladigan fanlar va ularning soni har yili o‘zgarib turadi.
Baholar universitetga kirishga ta’sir qiladi
Dars davomiyligi — 45 daqiqa. Birinchi dars boshlanishidan oldin o‘quvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra mustaqil o‘qish, maxsus ta’lim kanali (Education Broadcast System, EBS) tomonidan efirga uzatiladigan dasturlarni tomosha qilish yoki shaxsiy yumushlar, shuningdek, sinf ishlarini bajarish uchun sarflashlari mumkin bo‘lgan 30 daqiqa beriladi.
O‘quvchilar dushanbadan jumagacha to‘liq kunlik darslarga, har oyning birinchi, uchinchi va beshinchi shanbasida yarim kunlik mashg‘ulotlarga qatnaydi. Shanba kuni o‘quvchilar biror to‘garakda qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan band bo‘ladi.
Boshlang‘ich maktabda bo‘lganidek, o‘quvchilar o‘zlashtirish darajasidan qat’i nazar, sinfdan sinfga o‘tadilar. Natijada bitta fanni bir sinfda o‘quv tayyorgarligi mutlaqo farqli bo‘lgan o‘quvchilar o‘rganishi mumkin.
Texnik kasbda emas, balki ilmiy sohada ishlamoqchi bo‘lganlar uchun ta’limning so‘nggi yilida baholar juda muhim rol o‘ynay boshlaydi. Chunki ular o‘quvchining muayyan universitetga kirish imkoniyatiga ta’sir qiladi.
Ba’zi fanlar bo‘yicha imtihonlarning bir nechta standart shakli mavjud. Ilmiy fanlar o‘qituvchilari tavsiya etilgan o‘quv qo‘llanmalariga amal qilishi shart. Odatda ikkinchi bosqich maktabi o‘qituvchilari kurs dasturi va o‘qitish uslubi borasida universitet o‘qituvchilariga nisbatan ko‘proq vakolatga ega.
Ikkinchi bosqich maktabining ko‘plab o‘quvchilari darsdan so‘ng qo‘shimcha kurslarga (“xagvon”) qatnaydi yoki xususiy repetitorlardan ta’lim oladi.
Ingliz tili va matematikaga alohida e’tibor qaratiladi. Ba’zi “xagvon”lar faqat bitta fanga, boshqalari esa barcha asosiy fanlarga ixtisoslashgan. Shuning uchun ham ko‘pincha o‘quvchiga yanada ko‘proq yuk tushadi. Bundan tashqari, ba’zi o‘quvchilar jang san’ati to‘garaklariga yoki musiqa maktablariga qatnaydi, uyga kechqurun qaytadi.
Yuqori maktab oliy ta’limga tayyorlaydi
Koreys yuqori maktabi “kodinxakkyo” deb nomlanadi. Janubiy Koreyadagi bunday maktablarda 15 — 17 yoshli o‘quvchilar uch yil o‘qishadi.
Maktablar o‘quvchining manfaatlariga mos keladigan va uning karyerasiga mutanosib ixtisoslashgan bo‘limlarga bo‘linishi mumkin. Masalan, “ilmiy” o‘rta maktablar (Science high school), chet tillarni o‘qitish va san’at maktablari shular jumlasidan. Ularning barchasi kirish uchun murakkab imtihonlar topshirishni talab etadi.
Yuqori maktablarni ham davlat maktablari va xususiylarga ajratish mumkin. Bunday maktablar hech qanday mutaxassislik o‘rgatmaydi, balki o‘z o‘quvchilarini universitetga kirishga tayyorlaydi. Biror sababga ko‘ra universitetda ta’lim olishni istamaydigan o‘quvchilar uchun texnika, qishloq xo‘jaligi yoki moliya sohalariga ixtisoslashgan kasbiy bilim yurtlari mavjud.
Asosiy fanlar koreys va ingliz tillari, matematika, shuningdek, turli ijtimoiy va tabiiy fanlarni o‘z ichiga oladi. Muayyan fanlar va ularni o‘qitish darajasi bunday o‘quv yurtlarining ixtisosligiga qarab bir-biridan farq qilishi mumkin. Yuqori maktab o‘quvchilari uchun “o‘z-o‘zini o‘qitish” intensiv mashg‘ulotlaridan uyga yarim tunda qaytish odatiy hol.
Boshlang‘ich va ikkinchi bosqich maktablaridan farqli o‘laroq, yuqori maktabda o‘qish majburiy emas. Biroq, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2005-yili yosh koreyslarning 97 foizi yuqori maktabni ham tugatgan.
Alisher EGAMBERDIYEV, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi