AQSh O‘zbekistondagi ta’lim islohoti uchun 50 million dollar ajratadi
AQSh va O‘zbekiston tomonidan muhim shartnomaga imzo chekildi, deb xabar berdi uza.uz sayti. Shartnomada O‘zbekistondagi ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. AQSh keyingi besh yil ichida O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish uchun 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitilish metodikasini takomillashtirish uchun 5 million AQSh dollari ajratishni ko‘zda tutgan.
Bu haqda bugun, poytaxtimizdagi “Miran” mehmonxonasida tashkil etilgan AQSh universitetlari yarmarkasining ochilish marosimida so‘zga chiqqan AQSh davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ma’lum qildi.
Mazkur yarmarkada AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan (Education USA Fair) AQSh kollej va universitetlari ko‘rgazmasida 465 ta ta’lim markazlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Amerikaning 16 ta kollej va universitetlari vakillari ishtirok etdi. Ular ko‘rgazmaga tashrif buyurgan o‘quvchi va talabalarga AQShda ta’lim olish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish bilan birga talabalarning qiziqtirgan savollariga javob berdilar. Ushbu mamlakat universitetlarida o‘qish uchun grant yutib olish, o‘qish vizalarini olish bo‘yicha talabalarga maxsus ma’ruzalar tashkil etildi. AQSh Universitetlari yarmarkasi (Education USA Fair) dunyo bo‘yicha 77 ta davlatda o‘tkazib kelinadi va 500 taga yaqin axborot markazlariga ega.