Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik!
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ta’lim tizimiga mas’ul vazirlik, tegishli boshqarma va tashkilot mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyati maktablarida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xususan, Yurtboshimiz raisligida joriy yilning 23 avgust kuni Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari mavzusida bo‘lib o‘tgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov viloyatdagi ta’lim muassasalarida bo‘lib, maktablarda islohotlar samaradorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, Farg‘ona viloyatidagi 1-aniq va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatiga tashrifi davomida pedagoglarning sifat tarkibi va kasbiy mahorati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘qituvchilar bilan davra suhbati hamda 11-sinf o‘quvchilari bilan "Vazir soati"ni o‘tkazdi.
Marg‘ilon shahridagi 24-umumta’lim maktabda bo‘lib, ta’lim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha maktab o‘qituvchilariga tavsiyalar berildi. Uchko‘prik tumanidagi 21-maktabida ta’lim sifatini yanada ko‘tarish, xalq ta’limi sohasini yangi bosqichga olib chiqish, o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘sini oshirish yuzasidan o‘qituvchilar bilan suhbatlar tashkil etildi.
Hududlardagi umumta’lim maktablarda o‘quvchilarning bilim olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish bo‘yicha mavjud holat yuzasidan Furqat tumanidagi 34-IDUM ma’muriyati hamda o‘quvchilarning taklif va mulohazalari o‘rganildi.
Qo‘qon shahridagi 33-maktabga tashrif davomida Xalq ta’limi vaziri tomonidan maktabning fan o‘qituvchilariga 1 soatlik “Vazir soati” darslari o‘tkazildi. Pedagoglar bilan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Joylarda vazir tomonidan “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik!” shiorini dasturilamal qilib, maktab ta’limini rivojlantirishga yo‘naltirilgan buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga yetakchilik qilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati, Furqat tumanida maktab o‘quvchilarining ota-onalari bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati va professor o‘qituvchilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori L.N.To‘ychiyev va prorektori T.A.Bobomurotov 305 nafar ota-onaga “Oila - mahalla - ta’lim muassasasi” konsepsiyasini amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi. Maktablarda ta’lim sifatini oshirishda ota-onaning roli, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimidagi islohotlar bilan ota-onalar tanishtirildi. Maktab o‘qituvchisini mavqeini oshirishda “Ustozim - hayotim chirog‘i” mavzusida har bir o‘quvchi taqdimot o‘tkazishi kerakligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Har bir ota-ona farzandini chuqur bilim olishida o‘z hissasini qo‘shishi, oilasi, mahallasi bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish maqsadida barcha maktablarda “Oilam - mening faxrim”, “Mahallam - mening g‘ururim” mavzusida taqdimotlar o‘tkazish, yoshlarni vatanparvarlikka undash maqsadida “Keling - Vatanimizga qanot bo‘laylik” mavzularida aksiyalar o‘tkazish belgilab olindi.