Vatanparvarlik ona tilini sevishdan boshlanadi
Milliy o‘zlik, avvalo, qadriyatlarga munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Ona tilimizni, kuy-qo‘shiqlarimizni, milliy libos va raqslarimizni sevamizmi? Ularni ifoda, ijro etishga ishtiyoqimiz qanday? Ona tilini filologlar, kuyni musiqashunoslar, raqsni raqqos(a)lar, adabiyotni shoir va yozuvchilar, vatanni harbiylar asraydi, degan tushunchamiz qachon o‘zgaradi?! Qachon yigit-qizlarimiz nikoh to‘ylarida vals o‘rniga milliy kuylarimizga raqs tushib, ko‘zni quvontiradi?! Qachon ota farzandlari bilan milliy ashulalarimizni xirgoyi qiladi? Qachon onalar tavallud kunida farzandlarini o‘zbek tilida qutlashni odat qiladi? Tadbirkorlarimiz ishlab chiqargan mahsulotlariga, bino va tashkilotlar peshtoqiga qachon iftixor bilan o‘zbekcha nom tanlab yozdiradi?!
Bu kabi savollarni istagancha davom ettirish mumkin.
21-oktabrni nega faqat ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari hamda o‘quvchilargina nishonlaydi? Bu har bir o‘zbek, har bir o‘zbekistonlik uchun bayram emasmi, til xalqniki-ku?! Ona tilimizning oyoqosti bo‘lib borayotgani nega san’atkorlarimizni o‘ylantirmaydi? Ular shu til tufayli yurtga ma’lum va mashhur bo‘lmadimi?! Xususiy tele- va radiokanallar boshlovchilari adabiy til nima ekanini biladimi o‘zi? Adabiy til, adabiy talaffuz — madaniyat belgisi, u ziyolilarning o‘zaro axborot almashish shaklidir. Bu haqda o‘quvchiga ham tushuncha berilishi lozim. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga faqat til xususiyatlari, ta’riflarni o‘rgatmay, adabiy tilning ahamiyati anglatilishi kerak. Tildan foydalanuvchilar jamiyatda yuksak mavqeni orzu qilganda shunga mos muloqot madaniyatiga ham ega bo‘lishi shartligini bilib qo‘yishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, nutq — individual hodisa, undagi muammolar har bir so‘zlovchining o‘zigagina tegishlidir. Har kim nutqidagi kamchilikni bartaraf etishga o‘zi mas’ul…
El orasida mashhurlar oynayi jahonda xalq bilan yuzma-yuz bo‘lganda adabiy tilda so‘zlash lozimligini bilmaydimi yoki bilaturib shunday odobsizlik qiladimi?! Millat deganda, avvalo, til tushuniladi. Uning qolgan belgilari keyin ko‘z oldimizga keladi. O‘z ona tilini sevmagan, uning taqdiri, mavqeyi bilan qiziqmaydigan kishining millatsevarligiga, yurtni sevishiga ishonib bo‘lmaydi.
Bir yigit bilan suhbatlashib qoldim. U Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini tamomlagan ekan. Yigit ona tiliga munosabatini shunday ifodaladi:
— Qishloqqa borsam, ota-onam xususiy bog‘cha tashkil qilayotgan ekan. Nomlanishi masalasida suhbat bo‘layotgandi. Ular ham boshqalarga ergashib bir nechta inglizcha nomlarni yozib olishgan, shulardan birini tanlashmoqchi.
Mening ham fikrimni so‘rashdi. Bog‘chaga o‘zbekcha nom qo‘yishni taklif qildim. Masalan, “Umid g‘unchalari” yoki “Yurt kelajagi”, degandim, ota-onamga ham ma’qul bo‘ldi…
Bunday yoshlar, afsuski, juda kam.
Bugun o‘zbek tilini o‘qitish holati ko‘ngildagidek emas. Nega degan savol har doim o‘rtaga tashlanadi? Maktablardan oliy ta’lim muassasasigacha bo‘lgan tizimda ona tili sifatida ham, davlat tili sifatida ham tilimiz o‘z qadr-qimmatini topgan deb bo‘lmaydi. Maktabda ham, ta’limning keyingi bosqichlarida ham ona tili darslari shunchaki o‘quv fani sifatida o‘qitilmoqda.
O‘quvchi son-sanoqsiz grammatik qoidalar orqali tilni o‘zlashtira olmaydi. Ona tilini, asosan, umumiy o‘rta ta’lim tizimida milliy qadriyat sifatida o‘rgatishimiz lozim. O‘quvchi darsda o‘zbek tilining bor jozibasini, nihoyatda boy ekanini shunchaki bilishi emas, anglashi, qalban his qilishi kerak. Shundagina ona tiliga mehri oshadi, u bilan faxrlanadi, uni himoya qiladi, qizg‘onadi, qadrlaydi. Hozircha esa o‘quvchilar tilimizning tarovatidan bebahra, ifoda imkoniyatlaridan mosuvodir.
Yana nega degan savol tug‘iladi. Nazarimda, aksariyat o‘qituvchilarimiz tilni biladi, lekin his qilmaydi, ular til sezgirligi, muloqot madaniyatiga ega emasdek. Ayrim o‘qituvchilarning imlo va talaffuz qoidalarini mukammal bilmasligi, tinish belgilarining ifoda imkoniyatlaridan bexabarligi, so‘zni his etmasligi, so‘z boyligining nochorligi dars sifatiga, o‘quvchining tilga munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Darsliklar mazmuni bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Ona tilini o‘qitish metodikasi shunday mukammal ishlab chiqilishi kerakki, ona tili o‘qituvchilarga sirli sandiq — xazina, o‘quvchilarga esa dunyo ilmlarini anglash va o‘zlashtirish, zarur paytda qo‘llash vositasiga aylanishi kerak.
Ona tili darslari orqali o‘quvchilar qalbida, avvalo, milliy qadriyatlarga muhabbat uyg‘otish lozim. Ona tili, ona vatan, vijdon, iymon, ustoz kabi so‘zlarni daraxt, telefon, pul, mashina so‘zlari bilan bir xil ohangda o‘qitib bo‘lmaydi. O‘quvchi, avvalo, vatan, til, tarix, vijdon va ustoz singari tushunchalar inson hayotida qanday ahamiyat kasb etishini anglashi kerak. Darsdagi har bir o‘quv materiali tarbiyaviy maqsadga yo‘naltirilsa, o‘quvchi milliy qadriyatlarga sodiq, til qoidalarining buzilishini davlat chegarasining buzilganidek qabul qila boshlaydi.
Tildan foydalanish bugungi kunda dolzarb masalaga aylanmoqda. Kundalik hayotimizda bu bilan bog‘liq juda ko‘p hodisalarga duch kelamiz. Savodxonlik borasidagi kamchiliklar ko‘p yillardan buyon ko‘zga tashlanadi. Biroq bugungi kunda eng katta muammolardan biri adabiy talaffuzdir. Adabiy til millatni birlashtiradi. Ming afsuski, bog‘chalardan tortib, butun xalqni ortidan ergashtirayotgan, ma’rifat ulashayotgan televideniye va radioeshittirishlarda adabiy til qoidalari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Ko‘cha-ko‘yda, rasmiy tashkilotlarda savodsizlarcha yozilgan e’lonlarga, peshtaxtalarga ko‘zingiz tushganda, ensangiz qotadi.
Endi e’lon, reklamalarda ham shevaga xos so‘zlar aks etmoqda. Mehmonxona, bank xizmatlari, tarixiy obidalarda ingliz tili so‘zlari faol qo‘llanishini tushunish mumkin, ammo mashina yuvadigan joylar, restoran, kafe, qurilish tashkilotlari, hatto bog‘chalarning nomi inglizcha so‘zlar bilan yuritilayotganini qanday tushunish kerak? Maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham inglizcha (“Carwash”, “Wedding”, “Mini shop”, “Workshop”). Nodavlat telekanal dasturlarining “Sketch shou”, “Cover up”, “Baqlajon stand up shou” tarzida nomlanishi o‘zbek tiliga, millatga nisbatan hurmatsizlikdir. Bu kabi ko‘rsatuvlar kimlar uchun? Achinarli tomoni shundaki, el ardog‘idagi ayrim aktyorlar, sport ustalari, hatto ba’zi ziyolilar televideniye yoki radio orqali noadabiy qatlamga oid so‘zlarni ishlatib, maktab ta’limini ko‘rmagandek taassurot qoldiradi kishida.
Nodavlat tele va radio boshlovchilarining tap tortmay muayyan hududgagina xos shevalardan bemalol foydalanayotgani davlat tili va uning qoidalarini mensimaslikdan boshqa narsa emas. Boshlovchilar chiqishlarini faqatgina mahalladoshlari, yaqin qarindoshlari emas, butun mamlakat eshitayotganini, ko‘rayotganini unutmasligi kerak. Adabiy tilgina barchaga tushunarli bo‘lishini, adabiy talaffuzgina hammaga birdek yoqishini bilishi lozim. Afsuski, maktabda to‘g‘ri talaffuz ko‘nikmalari shakllantirilmagani uchun ko‘pchilik shevadan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Ona tili darslari o‘quvchilarning nutq malakasini kerakli darajada shakllantira olishi, har bir o‘quvchi o‘zbek tilidan mohirlik bilan foydalana olishi, istalgan muloqot vaziyatiga mos(xoh rasmiy, xoh ilmiy va xoh oddiy nutq vaziyati bo‘lsin) o‘z fikrini ixcham, ta’sirchan ifodalay olishi kerak. Umumta’lim maktablari bu borada qanday natijalarga erishayotgani barchamizga ma’lum. Aksariyat o‘qituvchilarning o‘z nutqiy kamchiliklari ustida ishlamasligi, eng asosiysi, adabiy talaffuz ko‘nikmasi yo‘qligi, imloviy savodxon emasligi ming-minglab o‘quvchilarning jamiyatda o‘z o‘rinini topa olmasligiga sabab bo‘lmoqda. O‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari muayyan ixtisoslikka yo‘naltiradi, umumta’lim maktabida esa muntazam ona tili darslari orqali o‘quvchilar tildan mohirona foydalanish malakalariga ega bo‘ladi. Demoqchimizki, adabiy talaffuz ko‘nikmalari, asosan, maktabda shakllanadi. Biroq respublikaning turli hududidagi o‘quvchilarning asosiy qismi ayrim o‘qituvchilarning layoqatsizligi (buni mas’uliyatsizlik deb ham atash mumkin) tufayli adabiy tilda muloqot qilish malakalariga ega bo‘lolmayapti.
“Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini ta’minlash, o‘zbek tilining mamlakat va dunyo miqyosidagi mavqeyini ko‘tarish uchun ona tilida shunday ta’lim berishimiz kerakki, har bir fuqaro, avvalo, o‘z tilidan g‘ururlansin, undan mahorat bilan foydalana olsin, tilning taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shsin.
G‘ofir HAMROYEV, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)