Xalq ta’limi sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Xalq ta’limi muassasalarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi”ni joriy etishga oid Hukumat qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz sahifasiga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yilning 23-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish, xususan, poytaxt - Toshkent tajribasini respublikamizning boshqa hududlarida ommalashtirish yuzasidan qator vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalar doirasida oliy ta’lim muassasalari bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish orqali, pedagog kadrlar tajribasi, salohiyatini oshirish;
Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini to‘liq yuqori malakali oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalaridagi chet tili kafedralarining professor o‘qituvchilarni maktablarga metodik yordamini tashkil etish orqali maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan ingliz tili o‘qituvchilarining barchasini C1-CEFR darajasiga olib chiqish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich yoshlarning axborot kommunikatsiya texnologiyalar sohasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “IT-Nation” loyihasini amalga oshirish;
o‘quvchilarda fundamental bilimlarni amaliy tajribalar asosida mustahkamlashga, ularni ilmiy ijodkorlik va mustaqil tadqiqotlarga yo‘naltirishga qaratilgan maktablararo STEAM laboratoriya markazlarini lab-sharing tamoyili asosida tashkil etish;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining xalqaro baholash tadqiqotlariga (PISA, PIRLS, TIMSS) tayyorglash ishlarini yanada kuchaytirish;
2019-2020 o‘quv yilidan boshlab inklyuziv ta’limga jalb qilingan o‘quvchilar mavjud bo‘lgan boshlang‘ich sinflarga “assistent-o‘qituvchi” lavozimini joriy etish;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarni xalqaro fan olimpiadalari va musobaqalariga tayyorlashga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatini tashkil etish belgilangan.
2020-yil 1-yanvardan boshlab, Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlari mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan oylik maoshlarini oshirish choralarini ko‘rish nazarda tutilgan.