Menga ham so‘z bering
Yurtimizda pedagoglar uchun imkoniyatlar eshigi keng ochilmoqda. Yangi maktab, o‘quv-laboratoriya uskunalari, jihozlar, xullas, o‘qituvchi uchun zarur barcha sharoitlar mavjud bo‘lsa-da, umumta’lim sifatida o‘zgarish sezilmayapti. Buning tub sababi nimada? Ta’lim mazmuniga chuqur kirib borolmayotganimizmi yoki o‘qitishning eng muvofiq usullarini tanlay olmayotganimiz?
Bu borada bir necha taklif va mulohazalarimni hamkasblarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Birinchidan, qaysi davlatning ta’lim metodini qo‘llayapmiz? Nazarimda, milliy modelimizni yaratib, o‘qitish tizimida qo‘llash fursati yetdi. Davlat ta’lim standartini ham qaytadan ko‘rib chiqish lozim. Chunki biz o‘quvchilarga dasturdagi minimal talabni emas, balki fanlar kesimida o‘quv rejadagi malaka talablarining yuqori ko‘rsatkichini bajarishni o‘rgatishimiz kerak.
Ikkinchidan, fikrimcha, nazorat turidan test usulini olib tashlash yoki test bankining barcha maktablarga mo‘ljallangan bazasini yaratish kerak. Misol uchun, bitta fandan 25 talik test sinovini o‘tkazish uchun kamida 3-4 soat dars vaqti ketadi. Bunday testdan ancha bo‘ladi, ya’ni oraliq nazorat ishi, tashqi nazorat ishi, ichki nazorat ishi, monitoring nazorati, choraklik testi, samaradorlik testi. Bunday testlar barcha fandan har oyda olinadi.
Uchinchidan, o‘qituvchi maktabga dars o‘tish uchun emas, balki “komissiya”ga hujjat to‘ldirish uchun keladi. Ya’ni, yuklamani qog‘ozda bajarish bilan ovora. Yuklama nima o‘zi? Qilingan ishlarning hisoboti. Konspekt daftari kamida uch yil saqlansa, o‘quvchilar baholanadigan jurnal kamida 70 yil saqlansa, o‘quvchilar bilan individual ishlash uchun qo‘shimcha to‘garak jurnali bo‘lsa, bundan tashqari, har ikki yilda bir marotaba nazorat-taftishdan kelib tekshirilsa, shundan keyin ham yuklama kerakmi?
To‘rtinchidan, ta’lim tizimida ishlayotgan xodimlar(rahbarlar)ning ayrimlari SanPiN qoida va me’yorlarini bilmasligi va ularga amal qilmasligini qanday tushunish lozim?
Beshinchidan, qo‘shimcha haq, ustama oladigan va olmaydigan o‘qituvchilar o‘rtasida farq deyarli sezilmayapti. O‘quv yilining yakuniga qarab, pedagogik faoliyatida yutuqlarga erishgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish kerak.
Oltinchidan, ta’lim tizimining kadrlar bilan ta’minlanish darajasi o‘rtacha 65—70 foizni tashkil etadi. Psixolog, iqtisodiy bilim asoslari, informatika, ingliz tili, musiqa, jismoniy tarbiya (qiz bolalar guruhiga), huquq, tasviriy san’at va chizmachilik fanlaridan mutaxassislar yetishmaydi.
Yettinchidan, xalq ta’limi bo‘limidagi xodimlarning vazifalari taqsimotini ham ko‘rib chiqish lozim. Masalan, XTBdagi monitoring va psixolog shtati hozirgi kunda shart emas, chunki monitoring ishini fan metodistlari bajaradi. Har bir fanga hamda o‘qituvchi soniga qarab fan metodisti ajratish kerak. Shunda maktab o‘qituvchilariga yetarli darajada uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish mumkin.
Sakkizinchidan, maktablar reytingining nazoratini kuchaytirish kerak. Birinchi o‘ntalikda turgan maktab rahbarlari tez-tez almashsa-da, oxirgi o‘ntalikda turadigan maktab direktorining uzluksiz rahbarlik staji kami 10 yil! Vaholanki, oxirgi reytingda oxirgi o‘rinni band etgan maktab rahbarlarining o‘quv yili yakuni asosida lavozimda qolish-qolmasligi masalasi ko‘rib chiqilishi shart.
To‘qqizinchidan, dars beradigan o‘qituvchilar uchun alohida darslik ajratish va o‘quv qo‘llanmalar yaratish kerak. Darsliklar faqat o‘quvchilar uchun ijaraga beriladi.
O‘ninchidan, XTB xodimlari tarkibini qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Aksariyatining na toifasi bor, na pedagogik staji. Ular kimga nimani o‘rgatadi?..
Olimjon TOSHBEKOV, Payariq tuman XTB aniq fanlar uslubchisi, xalq ta’limi a’lochisi