Fan oyliklari o‘tkazish rejani bajarish uchun emas
Har o‘quv yilida 9 ta fan oyligi doirasida o‘quvchilar faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Oylik doirasida har yili bir xil tadbirlar o‘tkazilishi gazetamizga keladigan xabarlar orqali bizga yaxshi ma’lum. Ochiq darslar, badiiy kechalar, davra suhbatlari, ko‘rik-tanlovlar, devoriy gazetalar… Xo‘sh, bu tadbirlar kerakmi o‘zi? Har bir fandan 3-4 hafta davomida o‘tkaziladigan bunday tadbirlar ta’lim sifatiga qanchalik hissa qo‘shadi? Ular orqali rostdan ham o‘quvchining fanga bo‘lgan qiziqishi, faolligi ortadimi? Xuddi mana shu savollar yuzasidan “telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida munozara kechdi. Quyida o‘qituvchilarning fikrlari bilan tanishing.
Hoshim HAKIMOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
— Bir oygina davom etadigan tadbirlar tufayli o‘quvchining bilimi oshib qolmaydi. Fan oyligi rejasini tuzish, kirish-chiqish testlari, ko‘rik-tanlovlar, tadbirlar va ularning hujjatlarini tayyorlash o‘qituvchini haddan ortiq charchatadi. Bunday ishlar aslida faqat fan oyligida emas, yil davomida qilinishi kerak. Ammo biz fan oyligi davomida shuncha ishning hammasini sanoqli kunlarga tiqishtiramiz. Natijaga erisholmasak-da, hujjatdagi ishlarni bajarib qo‘ysak, bo‘ldi. Hozirgi zamon talabiga ko‘ra, har kunlik darsimiz ochiq dars bo‘lishi kerak. Ammo aksariyat o‘qituvchilar bir amallab fan oyligini o‘tkazib olishsa hisob. Qolgani yana o‘lda-jo‘lda kechadi.
Hulkaroy AZIMOVA, Baliqchi tumanidagi 50-maktab o‘qituvchisi:
— Fan oyliklari bo‘lgani yaxshi. Tizimli ravishda har bir fanga urg‘u beriladi. Tadbirlar, aksiyalar, uchrashuvlar, ko‘rgazmalar o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangilikka undaydi. Biroq rasmi bo‘lmasa, qilgan ishlarimizga ishonishmaydi. Hatto ochiq darslarni ham berilib o‘tolmaymiz. Xayolda rasmga olish kerak, yuborish kerak, degan o‘y turadi. Ochiq dars vaqtida rasm olish uchun kirgan odam xalal beradi, o‘quvchilarning fikrini chalg‘itadi. Bugun bir tadbir uyushtirdikmi, ertasiga “ma’naviyatchi” rasm topshirmaganimiz uchun tanbeh beradi. Rasm chiqartirish uchun esa tuman markaziga borishimiz kerak. Tushlikkacha dars, tushdan keyin tadbir o‘tkazib, rasm chiqartirishga ulgurmay qolganimiz inobatga olinmaydi. Ertasiga ertalabdan yana darsimiz bor. Ammo vaqt topib rasm chiqartirib kelamiz. Axborot, hisobot va boshqalar — asosiy masala. Shu tadbir natijasida qaysi o‘quvchi nimani o‘rgandi, deb so‘ralmaydi.
Sherzod NORMO‘MINOV:
— O‘quvchilarning yil davomida 9 ta fan oyligi uchun tinimsiz tadbirlarda qatnashishiga to‘g‘ri kelyapti. Har bir tadbir uchun 1 soat kirish, 1 soat chiqish testi, tadbirga tayyorlanish uchun kamida bir hafta, ochiq dars uchun ham tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qachon o‘quvchi kitob o‘qiydi, fanlarni o‘rganadi?
Ra’no AVEZOVA, Qorovulbozor tumanidagi 8-IDUM o‘qituvchisi:
— Fan oyligi uchun ketkazgan vaqtimizni o‘quvchilar bilimini mustahkamlashga sarflash kerak. Fan oyligi — bu ortiqcha qog‘ozbozlik.
Dilafro‘z BOBOJONOVA, Jizzax viloyatidagi“Umid” IDUMI o‘qituvchisi:
— O‘quvchilik davrimizda fan oyliklari yo‘q edi. Qanday qiziqdik ekan fanlarga?! Oylik davomida vaqtimiz ko‘proq yugur-yugurlarga ketadi. Mazza qilib dars o‘tishga qo‘yib berilsa edi! Ammo biz natija deb hujjatlar, ko‘rgazmalar, rasmlarnigina tushunadigan odamlarni ishontirishga astoydil urinishimiz kerak.
Nigora URISHEVA, Baliqchi tumanidagi 50-maktab o‘qituvchisi:
— O‘qituvchi faqat bir oy emas, yil mobaynida fan oyligidagidek ishlashi kerak. Ammo fan oyligi bo‘lgani uchun aksariyat o‘qituvchilarda shu oyda faol ishlab bersam bo‘ldi, degan fikr shakllanib qolgan. Ayrim o‘qituvchilar faqat rasmlar bilan o‘ziga “ochko” yig‘adi. Hamma vijdonan, halol ishlasa, ta’lim sifati yaxshilanadi.
Feruza PARPIYEVA, Farg‘ona tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi:
— O‘tgan yili fan oyligidagi qog‘ozbozliklardan charchab, kreditga rangli printer oldim. Mana, yana bir oynikini to‘lasam, qarzimdan qutulaman. Ancha ko‘rgazmalar chiqarib
oldim. Lekin bir yil oilaviy budjetimizda qiyinchilik yuzaga keldi. Oyiga 475000 so‘mdan qarzimga berishimga to‘g‘ri keldi. Afsuski, shunday o‘qituvchilar ham borki, ular fan oyligida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tadbirlarning rasm va hujjatlarini tayyorlab qo‘yibgina rejani bajaradi, amalda esa hech ish qilmaydi.
Madina BAXSHILLOYEVA, Romitan tumanidagi 23-IDUM o‘qituvchisi:
— Fan oyligi o’tkazilgani yaxshi, tadbirlar-u ochiq darslar ham. Ammo qilgan har bir ishimizni suratga olib hisobot topshirishimiz ko‘p vaqtimizni o‘g‘irlaydi. Hisobotning bir nusxasi metodbirlashmaga, bir nusxasi reyting papkaga, bir nusxasi ustama papkaga, bittasi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga beriladi, bittasi o‘zimizda turadi. Shuncha qalqon kerakmi bizga?
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Fanlar yo‘nalishida o‘tkaziladigan tanlovlar, ko‘rgazmalar, uchrashuvlar va sayohat darslarini tashkil qilish o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytiradi. Kasb tanlashida katta yordam beradi. Masalan, biz o‘quvchilarni fan oyligida TerDUga sayohatga olib boramiz. Bu bolalarda juda katta taassurot qoldiradi. Albatta, bu ishlar faqat fan oyligida emas, yil davomida qilinishi kerak, lekin fan oyligida rejalar tasdiqlangandan keyin yaxshigina kuchga kiradi.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Fan oyligi bo‘lgani yaxshi, ammo bu rasmiyatchilikdan iborat bo‘lmasligi kerak. Hozir rasm bilan qog‘oz “gapiradigan” zamon bo‘lib qoldi. Holbuki, bilimli, tafakkurli avlodni tarbiyalash uchun kurashyapmiz. Hech kim bola nima kitob o‘qidi, mazmunidan nimani tushundi, o‘tilgan mavzudan bola nima oldi, deb so‘ramaydi. Shunchaki, haybarakallachilikka qilingan ishdan kimga nima naf? Rasm-u hisobotlarni tayyorlash uchun qilayotgan harakatimiz, sarflayotgan vaqtimizga qancha o‘z ustimizda ishlashimiz mumkin, axir. Har holda har bir ishga majburiyatdan emas, ko‘ngildan yondashsak, maqsadimizga erishgan bo‘lardik.
Muzaffar QOSIMOV, Farg‘ona tumanidagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Men fan oyligi bo‘lishi tarafdoriman. Muayyan fanni bir oy davomida chuqurroq o‘rganish va shu fanga o‘quvchilarning qiziqishini oshirish yaxshi-ku. Bir oygina o‘qituvchining ko‘proq harakatini bahona qilib, o‘quvchilarning orziqib kutadigan fan oyligini bekor qilish to‘g‘irimikan?! Faqat fan oyliklarining samaradorligini oshirish zarur. Mas’ulyat bilan yondashilmagani uchun keraksizdek ko‘rinyapti. Reja asosida qiziqarli tashkillashtirilsa, fan oyliklari o‘rtasida raqobat shakllantirilsa, yuqori natijaga erishish mumkin.
Mahliyo IBROHIMJONOVNA:
— Fan oyligini takomillashtirish kerak. Masalan, oktabr — ona tili, fevral — adabiyot fan oyligi bo‘lishi kerak. Shunda yanayam yaxshi bo‘lardi.
Jo‘rabek QO‘YJONOV, Xatirchi tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
— Fan oyligini yanada takomillashtirish kerak. O‘tgan o‘quv yilida har hafta ikkitadan o‘quvchimning qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha fanimga (matematika) bog‘lab, kichik izlanishlar olib borishga undadim. Izlanishlari samarasini taqdimot qilib berdilar. Bu o‘quvchilarga ham manzur bo‘lgan edi.
Ma’muraxon ESHCHANOVA, Xiva shahridagi 17-IDUM o‘qituvchisi:
— Biz, filologlarni faollik yil davomida tark etmaydi. Yil boshidan insholar tanlovi boshlanadi. Soliq, odam savdosi, korrupsiya, konstitutsiya, kitobxonlik va boshqa mavzularda yoziladigan insholar zamirida o‘quvchilarning bu mavzular bo‘yicha fikrlashi, bilimi bilan birga savodxonlik darajasi ham sinovdan o‘tadi. Ammo tadbirlar… bu — bahsli masala. Bir tadbirni deb o‘quvchilar ko‘plab darslardan qoladi. Tayyorgarlik deb hali u yerga olib chiqib ketiladi, hali bu yerga... Shu tadbirlarni ham bir tartibga solish kerak.
Zilola MADATOVA tayyorladi.