Zamonaviy maktab direktori laboratoriyasi
Bugun maktab direktorining zimmasidagi mas’uliyat yuki ancha zalvorli. Endi undan pedagoglik mahorati bilan birga ko‘plab xislatlarga ega bo‘lish talab etilmoqda. Bunday rahbar bo‘lish uchun esa pedagoglar o‘z ustida tinimsiz ishlashi, o‘zaro tajriba almashishi muhim ahamiyatga ega. Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan Zamonaviy rahbar laboratoriyasi bu borada maktab direktorlariga ko‘mak beradi.
Laboratoriya faoliyati doirasida xalq ta’limi sohasiga oid yangi qaror va farmonlar, amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalari tizimning eng quyi bo‘g‘inida xizmat qilayotgan xodimlarga ham yetib borishi uchun videodarslar ishlab chiqiladi. Mashg‘ulotlarni vazirlik tizimidagi mutasaddilar olib boradi.
Jumladan, Shayxontohur tumanidagi 324-maktabda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov olib borgan mashg‘ulot poytaxtimizdagi 25 ta maktab rahbarlari uchun har jihatdan foydali bo‘ldi.
Darsda ishtirok etgan aksariyat pedagoglar rahbarlik qilayotgan maktablar ko‘p yillar kamquvvatli hisoblab kelingan. Ammo so‘nggi vaqtda direktorlarning sa’y-harakati bilan ular rahbarligidagi maktablarda ta’lim-tarbiya samaradorligi oshmoqda. Videodars uchun ana shunday ilg‘or, harakatchan rahbarlar tanlab olingani ham bejiz emas.
“Zamonaviy maktab rahbari qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak?”, “Siz maktabingizda ta’lim sifati oshishi uchun qanday o‘zgarishlarni amalga oshirdingiz?” kabi savollarga maktab rahbarlari fikr-mulohazalarini bildirib, tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Dars davomida Alisher Umarov direktorlarga ish faoliyati davomida e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan jihatlar haqida zaruriy ko‘rsatmalar berdi.
— Maktabda ishlayotgan har bir xodim — xoh u o‘qituvchi bo‘lsin, xoh sport murabbiyi, xoh santexnik, xoh farrosh — “nopedagog” bo‘lolmaydi, — dedi vazir o‘rinbosari. — Masalan, birgina santexnikning o‘z ishiga mas’uliyatsiz qarashi oqibatida, sinfxona yaxshi isimasa, bu davomatga salbiy ta’sir qiladi. Natijada o‘quvchilar bilimida bo‘shliq paydo bo‘ladi, ta’lim sifati pasaydi. Shuning uchun maktabda faoliyat yuritayotgan har bir xodim o‘zi ishlayotgan ta’lim muassasasini yaxshi ko‘rishi kerak. Shu dargohdagi ta’lim sifatiga o‘zini mas’ul deb bilishi shart. Bugungi pedagog zukko, savodli, zamonaviy bo‘lish bilan birga, menejerlik, tadbirkorlik xususiyatiga ham ega bo‘lishi zarur. Biz Prezidentimiz ilgari surayotgan ta’lim islohotlari, vazirlik amalga oshirayotgan yangiliklar yurtimizning barcha jabhasiga yetib borishi uchun laboratoriya tashkil etishni ma’qul topdik. Natijada vazirlik xodimlari faqat boshqarmalarga buyruq berib o‘tirmaydi, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri islohotlar ishtirokchisiga aylanadi.
Mazkur laboratoriya darslari joylarda muntazam o‘tkazilishi va videotasmaga muhrlanib, har bir viloyat va maktablarga tarqatilishi rejalashtirilgan. Laboratoriyada vazirlikning boshqa xodimlari, boshqarma boshliqlari, ilg‘or, tashabbuskor maktab rahbarlari ham o‘z mahorat darslarini o‘tishlari ko‘zda tutilgan.
Yangi o‘quv yilida “O‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik” shiori ostida boshlangan bunday samarali ishlar har bir pedagogning yanada yaxshiroq ishlashi, o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarashga undashi, bilim va yangiliklardan xabardorlik darajasi ortishiga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri