Muallim mehnati ulug‘lanadigan zamon
O‘qituvchi oilasida ulg‘aydim. Muallimlarning fidoyiligiga havas qilib, ularning mashaqqatli yo‘lini o‘zimning taqdirim deb bildim. Mana o‘qituvchi bo‘lganimga ham yigirma bir yil to‘libdi.
Har kuni bir necha martalab o‘ttiz sakkiz yillik pedagogik tajribaga ega, shogirdlari davlat ravnaqi uchun kamarbasta bo‘lgan nafaqadagi o‘qituvchi — onam bilan ta’lim-tarbiya xususida suhbatlashamiz. Ba’zan xushxabarlar yetkazaman:
“Ona, bugun maktabimizga poytaxtdan akademik keldi!”.
“Ona, bugun maktabimizga hokim keldi!”.
“Ona, bugun maktabimizga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i keldi. O‘quvchilarim bilan suhbatlashdi. Sovg‘a qilgan kitoblarini o‘quvchilarim sinf kutubxonasiga qo‘ydi”.
“Ona, bugun maktabimizga universitetdan professorlar keldi! O‘quvchilar bilan kelajakdagi orzulari xususida suhbatlashdi”.
“Ona, bugun maktabimizga Ozodbek Nazarbekov keldi! O‘quvchilar bilan ta’lim to‘g‘risida erinmay suhbat qildi”.
“Ona, bugun maktabimizga…”.
Har bir xushxabardan onam quvonib:
— G‘ayrat qilib ishla, qizim, biz havas qilgan, orzu qilgan davrda ishlash senga nasib etdi. O‘quvchilar-ku o‘z yo‘liga, o‘rni kelgan ekan, aytayin, biz hatto tuman hokimi u yoqda tursin, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirini ham tanimasdik… Jon-dilingdan, maktabga mehringni berib ishla! Bugungi harakating ertangi kuning poydevoridir. Buni har lahza his etishing kerak. O‘qituvchining mehnati ulug‘lanadigan zamon kelibdi, qizim, — deydi.
Yaqinda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov viloyatimizdagi maktablarda bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan uchrashdi. Jumladan, Termiz tumanida ham. Juda havasimiz keldi hamkasblarimizga! O‘zim esa ayni paytda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazida o‘qishdaman. Qaniydi, biz, tinglovchilar bilan ham uchrashuv tashkil etilsa, deb tursak, hududiy markazda ham o‘qituvchilar bilan davra suhbati tashkil etilishini aytib qolishdi (bu ham men onam bilan baham ko‘rgan ajoyib xushxabar!).
Vazir markaz o‘qituvchi va tinglovchilari bilan ochiq, samimiy suhbat o‘tkazdi. O‘qituvchilardan ta’lim sifatini oshirish uchun takliflar so‘radi:
— Faraz qiling, bir tuman yoki shaharda bir xil sharoit, bir xil ma’lumotli o‘qituvchilar, bir xil aholi, ammo maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilinishidagi ko‘rsatkich nega keskin farq qiladi? Nima qilsak, oradagi farq yo‘qoladi yoki kichik foiz bilan farqlanadi? Taklif beringki, ta’lim sifati yanada oshsin.
Vazirimiz shu qadar kuyunyapti, amaliyotchi o‘qituvchilardan asosli takliflar kutyapti.
Davra biroz sukunatdan so‘ng birdan jonlandi. Jo‘yali takliflar ham bo‘ldi, shunchaki fikr bildirishlar ham. Bu uchrashuv orqali o‘qituvchilarning bir tomondan ta’lim islohotlariga munosabati qanday ekani o‘rganildi. Ikkinchi tomondan esa mustaqil fikri tinglandi. Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchilarning barcha savollariga batafsil javob berdi. Fikrlariga samimiy munosabat bildirdi. Suhbat yakunida esa viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Saparov bugungi o‘qituvchi psixolog bo‘lib, nafaqat o‘quvchi, kerak bo‘lsa, ota-ona qalbiga yo‘l topa oladigan mahorat egasi, davr talabiga mos pedagog, tinimsiz izlanish barobarida o‘quvchiga mukammal bilim bera oladigan ustoz bo‘lishi ta’lim sifatini oshirishda muhim omil hisoblanishini ta’kidladi.
Shundan beri ko‘p o‘ylayapman. Go‘yo ko‘zgu oldida o‘tirgandekman. Qarshimdan Abdulla Qahhorning “Adabiyot muallimi” chiqib: “Senga nima degandim, hali menga o‘xshagan hamkasblarim bor”, deyayotgandek. Men esa, fikrimni isbotlashga urinaman: “Yo‘q unday emas, axir, VIJDON uyg‘oq!”. Biz uchun imkoniyat eshiklari ochiq ekan, bundan oqilona foydalanish faqat o‘z qo‘limizda. O‘quvchida ishtiyoq uyg‘otish, orzular ro‘yobini hayotda aks ettirishning o‘zi ma’naviy bilimni charxlashdir. Hatto oiladagi muhitni o‘zgartirishga sabab bo‘ladigan tarbiyadir.
Bugungi o‘qituvchilar davlatimiz rahbarining ishonchini, albatta, oqlaydi: jamiyatdagi eng hurmatli inson bo‘lish uchun, avvalo, o‘zini hurmatga loyiq inson sifatida kashf etadi. Yaqin vaqt ichida amaliy ishlari, ilmi bilan e’tiborga munosib javob beradi.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi