Toshkentda 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash bo‘yicha maktablarga zarur jihozlar topshirildi
Toshkent shahar prokuratura organlari tomonidan shahar hokimligi, shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektordagi “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida”gi topshiriq bo‘yicha maktablardagi to‘garak faoliyati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablarini kerakli jihozlar bilan ta’minlash maqsadida jami 4 mlrd. so‘mdan ziyod pul mablag‘i ajratildi.
Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni amalda joriy etish orqali yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 130 mingdan ziyod badiiy kitob, 500 dan ortiq musiqa asboblari hamda 400 ga yaqin tikuv mashinalari umumta’lim maktablariga topshirildi.
Tez kunlarda poytaxtimiz yoshlariga sport jihozlari, kompyuter to‘plamlari va pishiriq pechlari ham yetkazilishi kutilmoqda.