Ta’limni rivojlantirishning besh yo‘li
Rivojlanish hech bir davlat uchun oson kechmagan. Bu yo‘lda o‘ziga xos to‘siqlar, qiyinchilig-u yechimi yo‘qdek tuyuluvchi muammolar ko‘p uchraydi. Shularni yengib o‘tgan xalq uchun eng buyuk mukofot — hayotiy tajriba. Bugun taraqqiy etgan mamlakatlar o‘z ta’lim tizimini yuqori darajaga olib chiqish uchun qanchadan qancha mashaqqatlarni yengib o‘tmagan, deysiz.
AQShlik tadqiqotchi Liliana Lehorn rivojlangan davlatlardagi ta’limning yutuqlaridan biri oddiy predmetni o‘qitish bilan cheklanib qolmaslikda, deb hisoblaydi. Shuningdek, o‘qitishga katta miqdorda mablag‘ ajratishni ta’lim rivojining muhim omillaridan biri sifatida keltiradi. Tadqiqotchi o‘z kuzatuvlari asosida rivojlanayotgan davlatlar uchun ta’limni isloh qilishning besh yo‘lini ishlab chiqqan. Quyida shular bilan tanishamiz.
Birinchidan, ta’lim narxini arzonlashtirish. Ko‘pgina Afrika davlatlarida maktab uchun to‘lov olib tashlanishi natijasida boshlang‘ich ta’lim oluvchi bolalar soni oshgan. Masalan, maktab ta’limi bepul bo‘lgach, o‘quvchilar soni Ganada 12, Keniyada 18, Efiopiyada 23 va Malavida 51 foizga o‘sgan.
Bizda: To‘g‘ri, mamlakatimizda umumiy o‘rta ta’lim majburiy va tekin. Lekin oliy ta’limga nisbatan bunday deyolmaymiz. Yildan yilga oliy ma’lumotli bo‘lish ham oson, ham qiyin bo‘lib bormoqda. Oson tomoni, qancha ball yig‘sangiz ham shartnoma pulining muayyan barobarini to‘lab, o‘qiyverasiz. Qiyin tomoni, hammaning ham bunga qurbi, imkoniyati yetmaydi. Shartnoma asosida ta’lim olish narxi esa yil sayin oshmoqda. Bu davlat budjeti va universitet moddiy ahvolini yaxshilashi mumkin. Ta’lim sifatini qay darajada oshirishini esa vaqt ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, maktabda tushlik ta’minoti.
Afsuski, dunyo bo‘yicha o‘sib kelayotgan avlodning ko‘p qismi qashshoq sharoitda ta’lim olmoqda. “The World Food Programme” dasturi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 66 million o‘quvchi ochlikdan, qashshoqlikdan aziyat chekmoqda.
Maktabda tushlik yoki yengil tamaddi ta’minotining yaxshi yo‘lga qo‘yilishi o‘quvchining darslarni yaxshi o‘zlashtirishida muhim rol o‘ynaydi. Maktabda beriladigan bepul va sifatli tushlik bolalarning matematikani yaxshi o‘rganishida, diqqatini jamlashi va umumiy rivojlanishida katta ahamiyatga egaligi jahon tajribasida o‘z isbotini topgan. Masalan, Xitoyning qoloq hududlarida joylashgan maktablarda kamqon bor bolalarga vitaminga to‘yingan tabiiy mahsulotlarni berib borish ularning darslarni o‘zlashtirishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Bizda: O‘quvchilarni tushlik bilan ta’minlash hozircha xususiy maktablar yoki ayrim umumta’lim maktablarida ochilgan maxsus guruhlarda yo‘lga qo‘yilgan. Oddiy maktabga qatnovchi bolalar esa o‘quv maskani hududidagi oshxonalarda turli sifat va sharoitlarda tayyorlangan ovqat yoki yengil yeguliklar bilan tamaddi qiladi.
Uchinchidan, ota-onalarga ta’lim berish.
Ota-onalar ta’limiga investitsiya kiritish bolalarning kelajakdagi muvaffaqiyatining asosidir. Lekin, statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha 759 milliondan ortiq katta avlod vakili savodsiz ekan. Bolalarning tahsil olishi, oliy ta’limga intilishi va jamiyatga kerakli inson bo‘lishi ota-onalarning bu borada qay darajada bilimga egaligiga bog‘liq.
Bizda: Afsuski, ota-onalarning ko‘p qismini oliy ma’lumotlilar tashkil etadi, deyolmaymiz. Chunki ota-onalar kitob o‘qish, o‘z ustida ishlash o‘rniga tirikchilik tashvishida o‘zini o‘qqa-cho‘qqa uradi. Hatto ba’zida farzandi bilan gaplashish uchun vaqti, imkoni bo‘lmaydi. Demak, hali qilinadigan ishlar ko‘p...
To‘rtinchidan, yangi ta’lim modelini joriy qilish.
Stanford ijtimoiy innovatsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yangicha ta’lim modelida an’anaviylik bilan zamonaviylik uyg‘un bo‘lishi lozim. Har bir talaba jamoada ishlash, yetakchilik va tanqidiy fikrlash kabilarni o‘rganishi, shuningdek, biznes sohasi imkoniyatlaridan ham yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Yosh avlodni ana shunday bilimga ega qilib tarbiyalash mamlakatning faqatgina ijtimoiy emas, iqtisodiy, siyosiy jihatdan ham rivojlanishini ta’minlaydi.
Bizda: Shahardagi xususiy maktabda ta’lim olgan bola qishloqning chang ko‘chalarida qishin-yozin mashaqqat bilan maktabga borgan o‘quvchidan ko‘ra bilimli, zukko bo‘lib, bir nechta tilni mukammal egallab voyaga yetadi. Shahar markazi va olis qishloqlardagi ta’lim tizimi, o‘qitish metodlari, yaratilayotgan sharoitlar va hattoki, o‘qituvchilar salohiyatidagi tafovut kattaligi ta’lim modelimiz hali ko‘p islohotlarga muhtojligini ko‘rsatadi.
Beshinchidan, o‘qituvchilar resursini boyitish.
Zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlash ta’lim sifatini oshirishdagi asosiy qadamlardan biridir. Faqat kompyuterlar ta’lim bera oladigan texnik xodimga aylansagina, o‘z natijasini ko‘rsatadi.
Bizda: Respublikamizning barcha maktablari kompyuter jihozlari bilan ta’minlangan. Lekin ulardan samarali foydalanish darajasi hududlarda turlicha. Ayrim maktablarda zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmaydi, elektr energiyasi ta’minoti pand berishi ham bor gap. Ayrim hududlardagi kompyuter xonalari esa, faqat tekshiruvchilar kelgandagina ochiladi.
Sohiba MULLAYEVA tayyorladi.