Malaka oshirishda yangiliklar
Yurtimizda so‘nggi yillarda oliy ta’lim sifatini oshirish borasida qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Masalan, Prezidentimizning 2019-yil 27-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining kasbiy bilimi, ko‘nikmalari va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom”ga muvofiq, malaka oshirishning turli shakllari joriy etilishi biz, pedagoglarni quvontirdi. Nizomga muvofiq malaka oshirishning masofaviy, mustaqil va muqobil shakllarining amaliyotga tatbiq etilishi professor-o‘qituvchilar uchun bir qator yengillik va imtiyozlar berdi. Masalan, muqobil malaka oshirish — individual kasbiy mahorat natijalari tasdig‘ining malaka oshirish shakllariga tenglashtirildi. Ya’ni, malaka oshirish muddati yaqinlashgan yili ilmiy tadqiqot ishlarini yakunlab, ilmiy daraja olgan pedagoglarga mustaqil malaka oshirish imtiyozi berildi.
Shu yilning oktabr oyida O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida 144 soatlik malaka oshirish kursida qatnashdim. Shu jarayonda menga muqobil malaka oshirish imtiyozidan foydalanishim mumkinligi tushuntirildi. Chunki shu yilning 28-mart kuni “Gaz sanoati oltingugurt birikmali chiqindilarining qurg‘oqchil mintaqa tuproqlari xossalariga va daraxtlarga ta’siri hamda ularni yaxshilash yo‘llari” mavzusidagi dissertatsiyamni himoya qilib, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diplomini olgan edim. Quvonchim ichimga sig‘madi, ilm-fan yo‘lida qilgan xizmatlarim e’tiborsiz qolmagani menda kuchli iftixor uyg‘otdi.
Muhabbat DIYOROVA, Qarshi davlat universiteti katta o‘qituvchisi, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)