Ta’lim tizimida islohot va samara
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Xalq ta’limi vazirligiga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qator vazifalar yuklatilgandi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani mazkur vazifalarning ijrosi va tizimdagi o‘zgarishlarga bag‘ishlandi. Tadbirda ta’kidlandiki, xalq ta’limi vazirligi maktablarda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, o‘qituvchi mavqeini oshirish, o‘quv dasturi va darsliklar mazmunini takomillashtirish kabi masalalar aytildi. Shu bilan birga xalqaro ta’lim dasturlarining (STEAM) ijobiy natijalarini o‘rgangan holda milliy ta’lim dasturlarini yaratish, xalqaro baholash dasturlarini (PISA va PIRLS-2021) tatbiq etish bilan bog‘liq yangiliklar tilga olindi. Qolaversa, quyidagi o‘zgarishlarga to‘xtab o‘tildi:
Ta’lim sifatini baholash tizimini yaratish bo‘yicha vazirlik mamlakatimizda ta’lim sifatini baholash tizimini o‘rganib chiqdi. O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki, shu paytgacha ta’lim tizimi sifati va yagona yondashuvga asoslangan real holatni baholovchi tizim bo‘lmagan. Shu bois ta’lim sifatini aniqlash uchun bir necha tashqi manbalar ma’lumoti o‘rganilib, xalqaro tajribalar amaliyotga joriy etilgan holda shaffof hamda ob’ektiv baholash mezonlari yaratilmoqda.
Shuningdek, maktab bitiruvchilarining 2019-yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra 2 mingdan ziyod maktabning bironta o‘quvchisi oliy o‘quv yurtiga kira olmaganligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan bu yil ilk bor maktablar reytingi e’lon qilindi. Reyting pedagoglar salohiyati, 9-sinf o‘quvchilari bilim darajasi, bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichlari va ijtimoiy so‘rovnomalarga asoslandi.
2020-yilda AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda boshlang‘ich sinf (2- va 4-sinf) o‘quvchilari o‘rtasida o‘qish (EGRA) va matematika (EGMA) savodxonligi bo‘yicha xalqaro baholash o‘tkaziladi. Hozirgi kunda baholashni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
2021-yilda o‘quvchilar bilimi PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlari asosida aniqlanadi. Mazkur xalqaro baholash dasturlari mamlakatimiz ta’lim tizimini boshqa davlatlar bilan solishtirish va kamchiliklarini aniqlashga ko‘mak beradi.
Joriy yilning oktabr oyida Sirdaryo viloyatida ta’lim sifatini baholash va viloyatni ta’lim sifati bo‘yicha namunali hududga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Tajriba doirasida o‘qituvchilar va o‘quvchilarning bilimlari baholandi.
Bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarga kirmagan maktablar (2000 dan ortiq) birinchi navbatda davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan o‘tkazish rejalashtirildi.
Pedagog va rahbarlarning uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini yaratish bo‘yicha 23-avgustdagi videoselektorda o‘qituvchi va murabbiylarning o‘zi ham bilim va saviyasini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obro‘sini oshirishi kerakligiga urg‘u berildi. Shu bilan birgalikda, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi hamda o‘qituvchilarning bilim va saviyasini yuksaltirishda malaka oshirish tizimining o‘rni sezilmas yig‘ilishda tanqid qilib o‘tildi.
Shu bois, “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida” Prezident qarori loyihasi tayyorlanib, keng muhokamaga qo‘yildi. Unda uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha quyidagilar belgilandi:— Xalqaro andozalarga asoslanib xalq ta’limi tizimidagi pedagoglarning kompetensiyalari darajasini belgilovchi yagona kasbiy standart va baholash tizimini ishlab chiqish;
— amaldagi metodist lavozimini tugatgan holda o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini doimiy rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun “mentor” lavozimini joriy etish. Mentorlikka tajribali oliy toifali o‘qituvchilar va yuqori malakali kadrlarni jalb etish hamda ularning oyligini oliy toifali o‘qituvchilarga nisbatan 1,35 baravar ko‘proq etib belgilash;
Akademiyada malakali va iqtidorli amaliyotchi pedagoglar tarkibidan yangi zamon ta’lim boshqaruvchilarini tayyorlash maqsadida tashkil etiladigan “Ta’lim menejmenti” mutaxassisligi bo‘yicha 1 yillik va va “Kattalar ta’limi” mutaxassisligi bo‘yicha 2 yillik magistraturalar tashkil etish kabi masalalar taklif etildi.
Kasbiy litsenziya tizimini joriy etish bo‘yicha ushbu qaror loyihasi bilan o‘qituvchilar uchun kasbiy litsenziya tizimini joriy etish taklif etilmoqda. “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari va maktab direktorlarini zamonaviy malaka talablari asosida sinovdan o‘tkazib, ularning faoliyatini litsenziyalash belgilangan. Shu bois, uni amaliyotga joriy etish taklif etilmoqda. Konsepsiyaga muvofiq litsenziyalash bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda jami o‘qituvchilar soniga nisbatan kasbiy litsenziyaga ega o‘qituvchilarni 2021-yilda 5 foizga, 2030-yilda 20 foizga yetkazish belgilangan.
Hozirda xalq ta’limi tizimidagi 466 462 nafar o‘qituvchidan 3,1 foizi oliy malaka, 14,6 foizi birinchi malaka, 29,4 foizi ikkinchi malaka toifasiga ega. Qolgan 52,9 foiz o‘qituvchi toifaga ega emas (!).
Toshkent tajribasi bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish maqsadida “Toshkent tajribasi”ni joriy etish ham taklif etilmoqda. Loyiha doirasida oliy ta’lim muassasalari bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish orqali pedagog kadrlar tajribasi, salohiyatini oshirish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini to‘liq yuqori malakali oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan ta’minlash, “IT-Nation” loyihasini amalga oshirish kabi islohotlar ko‘zlangan.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, umumta’lim maktablarida “Tarbiya” fanini joriy etish rejalashtirilgan. Bu ham 23-avgustdagi videoselektorda maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish topshirig‘iga asoslanadi.
Maktablarimizda o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, o‘quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha ham islohotlar olib boriladi. Jumladan, o‘zbek tilini bilish darajasini baholash uchun 4 ta (eshitish, o‘qish, yozish va suhbatlashish) ko‘nikmasiga asoslangan milliy baholash tizimini yaratish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mamlakatdagi barcha maktab o‘quvchilarining sifatli ta’lim olishi uchun «Elektron ta’lim» loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Matbuot anjumanida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari xodimlarining ta’lim tizimidagi jarayon bilan bog‘liq barcha savollariga atroflicha javob berdi.