Surxondaryo viloyati hokimi “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2019-yilning 9-noyabr kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida To‘ra Bobolovga mukofotni topshirdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Surxondaryo viloyati hokimiga ushbu mukofot xalq ta’limi sohasini qo‘llab-quvvatlash va mintaqadagi maktab infratuzilmasini yaxshilashga ko‘rsatgan yordami uchun topshirildi.
Shuningdek, hokimiyat har bir viloyatning tuman xalq ta’limi bo‘limlariga avtomobil ajratdi. Avtomobillar tuman boshqarmalari xodimlariga maktablar faoliyatini o‘rganishga va muammolarni vaqtida o‘rganib chiqishga ko‘mak bermoqda.
Joriy yilda viloyatda investitsiya dasturi doirasida bitta maktab qurildi, 9 ta maktab kapital ta’mirlandi hamda 55 ta maktab rekonstruksiya qilindi. "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlariga ko‘ra, viloyatdagi mahalliy byudjet hisobidan 29 ta maktab kapital ta’mirlandi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 30-apreldan 1-maygacha Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshirig‘iga binoan, viloyatdagi 15 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlariga qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Hozir ushbu maktablarda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Musa Yerniyazov «Ta’lim homiysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi.