Har bir maktabga qo‘riqlash xizmati kerak
Keyingi yillarda ta’lim tizimini isloh etish va rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, sohada ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan viloyatlardagi ta’lim jarayoni, mavjud vaziyat atroflicha o‘rganilayotgani sohada yechimini kutayotgan muammolar tez kunlarda hal etilishidan darak berayotgandek. Zero, o‘qituvchi va ta’lim oluvchilar uchun yaxshi shart-sharoitlar yaratilishidan biz — qishloq maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar umidvormiz.
Ustozlar sha’ni, qadr-qimmatini yuksaltirish borasida katta ishlar boshlandi. Joylarda bu sa’y-harakatlarni davom ettirish, sohadagi islohotlarni, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash har bir fuqaroning burchiga aylanmog‘i lozim.
Men qishloq maktabida chorak asrdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan oddiy muallim sifatida ba’zi hollarda ota-onalarning farzandi yoki nabirasi ta’lim-tarbiyasi masalasida bemavrid kelib, dars jarayonini buzishiga (navbatchiga bo‘ysunmasdan), hatto o‘qituvchining obro’sini to‘kishiga guvoh bo‘lganman. Bunday holatlar o‘qituvchi va o‘quvchi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bolalar ko‘z oldida muallimning sha’ni yerga urilishiga sabab bo‘ladi. Keyin esa maktabda yuz bergan holat mahalla-ko‘yda, o‘quvchilar oilasida muhokama qilinadi. Ota-onalarining har bir xatti-harakatini to‘g‘ri deb biladigan bolalarda darsni buzib sinfga kirib borish, o‘qituvchiga gap qaytarish mumkin ekan-ku, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Shuning uchun har bir maktabda qo‘riqlash xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq. Albatta, buni amalga oshirish moliyaviy masalalarga borib taqaladi. Ammo bunga ham yechim topish mumkin. Masalan, hozir maktablarda faoliyat yuritayotgan kunduzgi va tungi qorovullar o‘rnida qo‘riqchi shtatini shakllantirish mumkin.
Maxsus qo‘riqlash xizmati xodimlari zimmasiga maktab hududiga kirib-chiqayotgan shaxslarni qat’iy nazoratga olish, muassasa osudaligini ta’minlash vazifasi yuklatiladi. Natijada dars muqaddasligiga erishilib, pedagogik faoliyat izchilligi orqali ta’lim sifatini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Bu taklifga siz nima deysiz, aziz hamkasblar?
G‘ayrat SAIDQULOV, Do‘stlik tumanidagi 17-maktab o‘qituvchisi