“Qo‘lingga bir kun muhri Sulaymonni berur maktab...”
Yaponiyalik yigit AQShdagi universitetlardan biriga o‘qishga kiradi. Stipendiya hisobiga tahsil olayotgani uchun ortiqcha kiyim-kechagi ham yo‘q. Yil davomida bir xil kiyimda yuradigan yapon studentining yagona maqsadi — o‘qish. Bir kuni yigitning ko‘ylak tugmasi tushib, yo‘qoladi. Tugma o‘rniga koka-kola qopqog‘idagi halqani bog‘lab olgani uchun butun universitet ancha vaqt ustidan kulib yuradi. Vaziyat juda ayanchli va sharmandali bo‘lsa-da, yigit ahamiyat bermaydi..
Nihoyat o‘qish tugaydi. Diplom topshirish marosimida yaponiyalik yigit so‘zga chiqib, hamma ustidan kulishiga sabab bo‘lgan tugma voqeasiga to‘xtaladi. Shuncha masxara qilishlariga qaramay, yangi tugma olmaganining siri haqida katta anjumanda dadil so‘zlaganda, butun boshli kiborlar ham mulzamlikdan yerga qaradilar:
“Bitta tugma bahona yillar bo‘yi ustimdan kuldingiz. Nimaga yangi tugma olib, qadab olmaganimni, nimaga shuncha vaqt masxara qilishlaringizga yo‘l berib qo‘yganimni bilishni istasangiz kerak. Unda eshiting: Xirosimada yuz minglab xalqimni halok etgan davlatning men uchun bitta tugmachalik qiymati bo‘lmagani uchun shunday qildim. Bu o‘lka topgan pulimning bir tiyinini sarflashga ham arzimaydi. Shuning uchun bu yerga bitta tugma puli ham tashlamay AQShdan ketayotganimdan baxtliman!”
Bu vatanparvarlik va milliy g‘urur, o‘zlikning namunasidir. Bizda aynan shu fazilat biroz yetishmayapti, desam adashmayman.
Kelajak masalasi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda ko‘tarilgan masalalar millatning yorug‘ ertasi uchun qo‘yilgan yana bir katta qadam, dasturilamal bo‘ldi. “Maktab — bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak”, dedi yurtboshimiz.
So‘nggi uch yilda ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar o‘qituvchilarning qaddini tikladi, ustozlik rutbasini yana bir pog‘onaga ko‘tardi. Quvonarlisi, millatning ertasi yo‘lida eng to‘g‘ri qadamlar tashlandi. Ta’lim va ma’naviyatga daxldor islohotlar hosilini faqatgina hozir o‘sayotgan avlod misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Yurtboshimiz videoselektorda ta’kidlaganidek, kelajak masalasida og‘riqli savollarimizga hozir javob topib, yechim izlamasak, kelajak avlod bizni kechirmaydi. Juda ko‘p holatlarda ko‘ngilsizliklar oqibatini yumshatish bilan ovoramiz, lekin jamiyat uchun o‘ta noxush bu hodisalarning sabablari bartaraf qilinmay qolib ketgani uchun yoshlar tarbiyasida saktaliklar (bo‘shliq) yuzaga keldi. Xalq ta’limi sohasi vakili sifatida amaliyotda duch kelayotgan og‘riqlarimiz va kamchiliklarimiz to‘g‘risida shaxsiy fikrlarimni bildirmoqchiman.
Fikrlashga o‘rgatish kerak
AQShning o‘n oltinchi prezidenti Avraam Linkoln besh yoshli o‘g‘li Uilyamning o‘qituvchisiga yozgan maktubida shunday jumlalar bor:
“...Uni atrofdagilar har qancha o‘z yo‘riqlariga yurgizishga urinishmasin, o‘z shaxsiy fikrida sobit tura olishga ham o‘rgatasiz, degan umiddaman. O‘g‘limga mohiyatni anglamasdan turib, g‘alaba qozonganlar tarafiga o‘tib ketadigan olomonga ergashmaslikni uqtirishga harakat qiling. Zarurat bo‘lganida o‘z aqli va tanasidagi mushaklar kuchini eng qimmat narxda sotishi mumkin, lekin o‘lsa ham yuragi, ruhi, vijdonini sotishga haqqi yo‘qligini anglating”.
Bugun dunyo sahnasida axborot xuruji va tahdidlari turli ijtimoiy tarmoqlar orqali ayovsiz singdirilib, odamlar ongi boshqarilmoqda. Natijada, olomon kayfiyati hukmron bo‘lmoqda. Bu adadsiz axborot iskanjasidan dilbandlarimizni qanday qutqarishimiz mumkin? Albatta, buyuk davlat arbobi Linkoln bitganidek, mustaqil fikrlashni shakllantirish orqali.
Biz esa faqat darslik bilan kifoyalanamiz. Mavjud manbalarni texnika vositalarida qo‘llab, innovatsion yondashdik, deb o‘ylaymiz. Aslida-chi? Bugungi shiddatli ilm-fan taraqqiyoti jarayonidagi yangi xabarlar kechagi ma’lumotni inkor etmoqda. Buning uchun esa mutaxassis o‘z ustida tinmay mustaqil izlanish olib borishi, yangi yondashuvlar va o‘quvchining mavzuga munosabatini shakllantirish orqali fikrlashga chorlashi kerak. Mustaqil fikrga tafakkur orqali erishiladi. Voqea va hodisalarni tahlil qilish va o‘ylash mustaqil fikrni shakllantiradi. Yana bir xatomiz shundaki, oilada shakllangan odat bo‘yicha kattalar gapirganda kichiklar jim quloq soladi. Biz “tilingni tiy” degan nasihatlar ichida ulg‘aydik. Va hozir ham ba’zida o‘z so‘zimizni aytolmaymiz. Shuning uchun bolani tinglay bilishimiz, o‘z tushunchasini ayta olishiga imkon berishimiz kerak. Misol uchun, namunali ta’lim tizimiga ega finlar alohida munosabatga talabgor yoshlarni jamiyatga maksimal darajada integratsiya qilishga harakat qilishadi. Fin bolalariga bizdagidek ko‘p dars o‘tilmaydi, lekin ular dunyodagi eng ashaddiy kitobsevarlardir. Chunki ular nima uchun maktabga borayotganini yaxshi anglaydi. “Yo hayotga tayyorlaymiz, yoki imtihonlarga. Biz birinchisini tanlaymiz”, deydi finlar.
Finlandiyada maktab bolani asosan mustaqil muvaffaqiyatli hayotga tayyorlashi kerak, deb hisoblanadi. Shu bois u yerda fikr yuritish va o‘z xohishiga ko‘ra bilim olishga o‘rgatiladi. O‘qituvchi yangi mavzuni so‘zlab o‘tirmaydi — barchasi kitobda bor. Yod olingan formulalar emas, ma’lumotnomadan, matndan, internetdan, kalkulyatordan foydalanish — joriy muammolar yechimini topish uchun kerakli resurslarni jalb qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lish muhim.
Rag‘bat va jazo
Ta’lim va tarbiya — egizak tushunchalar. Ma’lum vaqt biz ta’limni tarbiyadan uzib qo‘yganimiz uchun bugun og‘riqlarimiz ko‘paygan. Ko‘p ota-onalarimiz tirikchilik bilan shunchalik andarmonki, bolasining xulqida jiddiy o‘zgarish yuz bermaguncha yelkasidagi butun majburiyatni maktabga yuklaydi. Ayrim sinflarda o‘quvchi sonining 35 nafardan ko‘pligi o‘qituvchining ruhan toliqishiga, o‘quvchiga nazorat kamayishiga, dars sifatining pasayishiga olib kelyapti. Oqibatda o‘qituvchi murosa yo‘liga o‘tishga majbur bo‘lyapti. Rag‘bat berib, nisbatan bahosini ko‘taryapti, lekin jazolamayapti. Maktab nizomida mavjud bo‘lgan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi past o‘quvchini sinfdan sinfga qoldirish tartibi deyarli amalda qo‘llanilmayapti. Finlandiya ta’limini o‘rganganimizda, ularda o‘qituvchi bergan vazifani bajarmagan, darsda ishlamagan bolaning ota-onasi maktabga chaqirtirilmaydi, tanbeh ham berilmaydi, aqliy qoloqlikda ayblanmaydi ham. Agar ota-ona farzandining bunday xatti-harakatlariga befarq qarasa, bola shunchaki keyingi sinfga o‘tmaydi.
Qanday dars olgan bo‘lsangiz, shunday dars berasiz
Bugun o‘qituvchi o‘quvchini ergashtira olyaptimi? Shu savolni o‘z-o‘zimga berib, fidoyi bir ustozning gaplari yodimga tushdi.
— Ilgari ustozlik rutbasi ulug‘ edi. Hozir-chi? O‘qituvchi bilan o‘quvchining orasida deyarli masofa qolmadi. Sababi, ishga olinayotgan o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati, namuna bo‘ladigan ma’naviyati yo‘q. Yurish-turishi, kiyinishi, so‘zi va amali bilan o‘quvchiga namuna bo‘lolmayapti. “Pedagogika” bolani yetaklash degani. O‘z fazilatlari, amali, ilmi bilan namuna bo‘lmasa, qanday qilib o‘quvchini ortidan ergashtira oladi? Yosh o‘qituvchilarga hayron qolaman, bo‘sh vaqtlarida, ochiq soatlarida ilmiy munozara, muzokara o‘rniga telefon, internet titkilab o‘tirishadi. Yangi pedtexnologiya deb, kompyuter, ko‘rgazmali qurollar va yana boshqa vositalarni darsda qo‘llagani bilan o‘qituvchi o‘z fanining ustasi bo‘lmas ekan, o‘quvchiga hech nima berolmaydi. Aslida bitta achchiq haqiqat bor: sizga qanday dars o‘tishgan bo‘lishsa, siz ham shunday dars o‘tasiz. Demak, pedagog kadrlarni tayyorlovchi oliy ta’limda ham jiddiy islohot o‘tkazish darkor.
Murojaat
O‘tgan asrning 50-yillari Erix Fromm “Vaqti keladi, televideniye jamiyat uchun narkotiklardan ko‘ra xavfliroq bo‘lib qoladi”, deb bashorat qilgan edi. Afsuski, bugun o‘sha bashoratning amalga oshganini ko‘ryapmiz va ayanchli og‘riqlarini davolash bilan ovoramiz. Hozir televideniye orqali namoyish qilinayotgan serial, klip, rolik, tok-shou va reklamalar o‘sha zahoti yoki kechroq odamlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga ta’sir qilib, ruhiy va somatik siljishlarga sabab bo‘lmoqda. Qamoqxonada saqlanayotgan 208 nafar mahbus ishtirok etgan so‘rovda har 10 kishidan 9 nafari jinoyatlar haqidagi teledasturlar yangi jinoiy usullarga o‘rgatadi, deb tasdiqlagan. Har 10 nafardan 4 nafari esa qachonlardir televizorda ko‘rgan jinoyatlarini takrorlashganini aytishgan.
Men demokratiya tarafdoriman, lekin kasbiy xususiyatimdan kelib chiqib bitta narsani aniq bilaman: o‘zini demokratiya etaloni, deb hisoblaydigan davlatlar ham mafkurasiga, milliy, ma’naviy, diniy qadriyatlariga yot tushuncha, g‘oyalarning bemalol turli manbalardan, turli axborot ko‘rinishida kirib kelib, fuqarolar ongiga to‘siqsiz joylashishiga yo‘l qo‘ymaydi, ularni filtrlaydi, saralaydi, pinhona senzura qiladi. Qolaversa, hozir ko‘pchilik havas qiladigan G‘arb o‘zi yaratib qo‘ygan “to‘la erkinlik doktrinasidan” boshi osmonda emas.
Bolalarimizning nozik qalbini o‘ldirmaylik! Ommaviy axborot vositalarida behayo, fahsh va zo‘ravonlik sahnalari, g‘arbona xudbinlikni targ‘ib etuvchi serial, kino, multfilmlarni, ko‘rsatuv va shoularni namoyish etayotganlarni, boshlovchi va suxandonlarning tashqi ko‘rinishi, o‘zini tutishi, ona tilimizga hurmati, saviyasini milliy qadriyatlarimiz va odatlarimizga mos holda bo‘lishini nazoratga olish vaqti keldi. Sochlari yoyilgan, yirtiq shim yoki kalta, tor yubka kiygan boshlovchilar kamera qarshisida yastanib, oyog‘ini chalishtirib, shevada, yana sharaqlab kulib chiqishiga pedagog sifatida toqat qilolmayman!
Ilmingiz himoyachingizdir
Finlandiyada boshlang‘ich 1-2-sinflarda ona (fin) tili va o‘qish, matematika, tabiat, din (e’tiqodiga qarab) yoki hayotiy tushunchalar (dinga qiziqmaydiganlar uchun), musiqa, tasviriy san’at, mehnat va jismoniy tarbiya fanlari o‘qitilar ekan.
Deyarli biznikidek, lekin din yoki hayotiy tushunchalar fani bilan biznikidan farqlanar ekan. Mening ilk diniy qarashlarim va e’tiqodim shakllanishida buvamning ta’siri katta bo‘lgan. Yomon ishlar qilayotganimizni Xudo ko‘rib turadi, degan hadik ko‘p xatolardan qaytargan. Umidsizlik va ruhiy tushkunlikda Xudoga ishonish va duo orqali so‘rash, o‘z joniga qasd va suiqasd kechirilmaydigan gunoh degan tushunchalar musibatli kunlardan g‘olib chiqish, odamiylikka xiyonat qilmaslikka sabab bo‘lgan.
Vayronkor g‘oyalar va axborot xurujidan dilbandlarimiz ham g‘olib chiqishi uchun balki ana shunday boshlang‘ich shakldagi diniy ta’limotlarni o‘rgatish zarurati yuzaga kelgandir? Bugungi kunda bu masala g‘oyat muhimdir.
Endi sarlavha mazmuniga qaytamiz. Madrasa va tangalarda olti qirrali yulduz shakliga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Bu 13 yoshida taxtga o‘tirgan odil payg‘ambar, hazrati Sulaymonning (a.s.) muhri ramzidir. Olti qirrali yulduz musulmonlarda yovuz ko‘z, kuchlardan himoya qiluvchi ramz hisoblangan. Qarangki, o‘quvchi ilm olish orqali bir kun ramziy ma’nodagi Sulaymon muhrini qo‘lga kiritishi mumkin, muhr esa uni ertangi hayot yo‘lida duch kelishi mumkin bo‘lgan turli balo-qazolardan muhofaza etarkan. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning sarlavhadagi satrlari ko‘pdan beri o‘ylab kelayotgan fikrlarimni qog‘ozga tushirishimga turtki berdi. Millatimning barcha qora ko‘zlari muhri Sulaymonni qo‘lga kiritishini juda ham istayman.
Nigora MANNOPOVA, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi direktori