Dars jadvali o‘zgaradimi?
Dars jadvali o‘qituvchi va o‘quvchilar faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish, pedagoglarning mehnat qilishi, dam olishi hamda ta’lim-tarbiya jarayoniga hissa qo‘shishida asosiy rasmiy hujjatdir.
Dars jadvali tuzish, fanlarning maqsadga muvofiq o‘tilishini ta’minlash ilmiy bo‘lim mudiridan mahorat, tajriba va izchil tartibda ish yuritishni taqozo qiladi. Masalan, tabiiy va aniq fanlarni samarali o‘qitish pedagoglardan katta mas’uliyat talab etadi. Shuning uchun fanlarning xususiyatiga qarab, gumanitar fanlar, jumladan, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari hamda iqtisodiy bilim asoslari kabilar haftaning birinchi va oxirgi kunlari o‘quv dars jadvaliga kiritiladi. Hafta kunlarining qolgan qismida ikkinchi va uchinchi soatlarga matematika, informatika, fizika, kimyo kabi aniq va tabiiy fanlar, o‘rtada xorijiy tillar, davlat va huquq asoslari, oxirgi soatlarda esa mehnat ta’limi, jismoniy tarbiya, tasviriy san’at va chizmachilik, musiqa fanlari qo‘yilishi ijobiy natija beradi. Mehnat ta’limi fanining ketma-ket qo‘yilishi dars samaradorligini oshiradi.
Bundan tashqari, boshlang‘ich sinflarning dars jadvalini tuzishda asosan o‘quvchilarning psixofiziologik holatini hisobga olib, matematika, ona tili, xorijiy til fanlari oralig‘iga tasviriy san’at, musiqa, odobnoma, jismoniy tarbiya kabi fanlarni kiritish dars samaradorligini oshiradi. Kichik yoshdagi bolalar uchun yozma mashqlar ko‘p uchraydigan fanlar ketma-ket qo‘yilmaydi. Chunki ular toliqib qolishi mumkin. O‘quvchilarning aqliy ish qobiliyati haftaning o‘rtasida yuqori darajada bo‘lishini hisobga olsak, o‘zlashtirilishi murakkab fanlarning o‘quv yuklamasini taqsimlashda e’tiborli bo‘lish lozim. Ya’ni o‘quv yuklamali fanlarning katta hajmi seshanba, chorshanba, payshanba va juma kunlariga to‘g‘ri kelishi maqsadga muvofiq. Nazorat ishlari ham imkon boricha shu kunlarda o‘tkazilishi kerak. Qolaversa, amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslari, nazorat ishlarini o‘tkazish va mehnat ta’limi darslarini ketma-ket ikki soatdan qo‘yish, fakultativ darslarni esa asosiy fanlar kam bo‘lgan kunlarga rejalashtirish lozim. O‘quvchilarni uy vazifalari bilan ortiqcha band qilib qo‘ymaslik uchun fanlar hafta kunlariga to‘g‘ri taqsimlanadi. Murakkab fanlarni musiqa, tasviriy san’at, mehnat ta’limi va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan aralashtirib, dars jadvaliga joylashtirish lozim.
Yana bir muhim jihat shuki, fan o‘qituvchilariga hafta ichida uslubiy kun belgilanadi. Maqsad, zamonaviy o‘quv va o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar hamda o‘quv-uslubiy materiallar bilan tanishish, o‘z ustida ishlab malakasini oshirish, kitob do‘konlaridan turli adabiyot va zarur o‘quv qurollari xarid qilish kabi ishlar uchun shart-sharoit yaratib berishdan iborat. Aksariyat ta’lim muassasalarida dars jadvali o‘quv yili davomida hech bir o‘zgarishsiz devorda osig‘liq turadi, pedagoglarning esa qaysi xonada, qaysi fandan dars yoki mashg‘ulot o‘tishi maktab ma’muriyati tomonidan og‘zaki boshqariladi, xolos. Bu unchalik to‘g‘ri emas. O‘qituvchilarning malaka oshirishi yoki qayta tayyorlov guruhlarida o‘qishi kabilarni inobatga olib jadval o‘zgarib turishi mumkin.
Dars jadvali tuzish ham san’at, ham mas’uliyat. Bu esa maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosaridan katta mahorat, ijodkorlik va xotirani jamlab, bir maromda ishlashni talab etadi. Bu ishni xuddi shaxmat taxtasidagi katakchalar ustida bosh qotirib, dona surishga o‘xshatgim keladi. Mana shunday zukkolik, aql-zakovat, mas’uliyat bilan ishlash har bir pedagogni doimiy izlanish, yuqori natijalarga erishish hamda faol bo‘lishga undaydi.
Zuhriddin MAHMUDOV, G‘allaorol tumanidagi 22-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari