Issiq sinfxonalar sovuq ob-havoda ham o‘quvchi faolligini ta’minlaydi
Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufida 557 ta muassasa faoliyat yuritib, ularning 542 tasi maktab, 6 tasi maxsus maktab-internat, 1 tasi Mehribonlik uyi va 14 tasi “Barkamol avlod” bolalar markazidir. Joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 246 764 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ayni kunlarda o‘g‘il-qizlarning ta’lim olishiga qulay sharoit yaratish uchun muassasalarda kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilyapti. Viloyatda 318 ta maktab ko‘mir, 199 tasi tabiiy gaz, 21 tasi suyuq yoqilg‘i bilan isitiladi. 5 ta maktab markazlashgan isitish tarmog‘iga ulangan.
Sh.Rashidov tumani viloyatdagi katta hududlardan biri. Ushbu tumanning chekka qishloqlarida ham kuz-qish mavsumiga puxta taraddud ko‘rilmoqda. 45-maktab Ko‘rpasoy QFYda joylashgan. Hozir muassasada 158 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Maktabga olis hududdan qatnab o‘qiydigan o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Mullasoy qishlog‘ida 40 o‘quvchiga mo‘ljallangan filial binosi qurib bitkazildi. Hozir mazkur ta’lim muassasalarida qishga tayyorgarlik nihoyasiga yetkazildi. 10 tonna ko‘mir keltirilgan, 3 ta qozonxona sinovdan o‘tkazilib, mavsumga tayyor.
— Maktabimiz qishda yaxshi isiydi, — deydi 11-sinf o‘quvchisi Xusniyabonu Egamova. — Darsdan tashqari turli to‘garaklar, qo‘shimcha darslarda ham bemalol qolib qatnashamiz. Rasm chizish va she’r yozishni yaxshi ko‘raman. Hozirda fan olimpiyadasiga tayyorlanish uchun ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz Umida Boynazarovaning qo‘shimcha mashg‘ulotlarida muntazam qatnashib kelyapman. Maktabimizda yaratilgan shart-sharoitlar a’lo darajada bilim olishimizni ta’minlayapti.
Shu hududdagi 41-maktabda ham mavsumga tayyorgarlik nihoyasiga yetkazilgan. 35 tonna ko‘mir olib kelingan. 4 ta qozonxona ta’mirlangan. 2 nafar mavsumiy ishchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.
7-umumta’lim maktabi Xuroson qishlog‘ida joylashgan. Jamoa o‘tgan o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomladi. 11-sinf bitiruvchilarining 25 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Albatta, bunda yaratilgan shart-sharoitning o‘rni katta. Muassasada qish mavsumi har yili namunali tashkil etiladi. Xonalar tabiiy gaz bilan isitiladi. 2 ta isitish qozonxonasi mavjud. 6 ta sinfxonaning eshik va derazalari maxsus vositalar bilan qoplandi. Qish mavsumida o‘quvchilarning to‘garakdagi faolligini to‘xtatmaslik uchun ham barcha sharoit yaratildi.
Ravat qishlog‘idagi 56-maktab ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladi. 102 nafar o‘quvchi tahsil oladigan maskan qish mavsumiga tayyor. 10 tonna ko‘mir keltirilgan, yana 15 tonna keltirish rejalashtirilgan. Kuz-qish mavsumini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh faoliyat olib bormoqda.
— Tumanimizda 25 ta umumta’lim maktabi ko‘mir mahsulotlari bilan isitiladi, — deydi Sh.Rashidov tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Olimjon Nazarov. — Ularga hozirgacha 153 so‘mdan ko‘mir va 285 tonna ko‘mir briketi yetkazib berildi. XTB qoshida yetti kishidan iborat shtab tashkil etilib, nazorat ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim muassasalarida mavsum davomida navbatchilik tashkil etilgan. Maxsus ta’mirlash ekspluatatsiya xizmati xodimlari maktablarga o‘z vaqtida kerakli yordamni amalga oshirmoqda.
Viloyat bo‘yicha mavsumda 29 ta ta’lim muassasasiga 88 ta isitish qozonlari o‘rnatish rejalashtirilgan. Ana shu maqsadga 502 million so‘m mablag‘ ajratildi. 28 ta maktab va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazini joriy yilda ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 1950 million so‘m ajratiladi. Viloyat bo‘yicha hozir ta’lim muassasalariga rejadagi ko‘mir va briket mahsulotlarining 81 foizi yetkazib berildi. Qolgan qismini kerakli joylarga yetkazish uchun chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ta’lim-tarbiya sifatini oshirishda kuz-qish mavsumini to‘g‘ri va namunali yo‘lga qo‘yishning ahamiyati katta. Bu mutasaddi rahbarlardan jarayonga mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Kuz-qish mavsumiga qanchalik puxta taraddud ko‘rilsa, har qanday ob-havo o‘quvchilarning puxta bilim olishiga to‘sqinlik qilolmaydi.
Abdusattor SODIQOV,
“Ma’rifat” muxbiri