Eskidan voz kechib, yangiga ko‘nikish mashaqqati
YOXUD UMUMTA’LIM MUASSASALARIDA ONA TILINI O‘QITISHDAGI MUAMMOLAR XUSUSIDA BA’ZI MULOHAZA VA TAKLIFLAR
Rasmiy hujjatlarda ta’lim tizimiga qo‘yilgan muayyan talablar o‘quv jarayonining maqsad, vazifa, tur va bosqichlarini belgilab beradi. Har bir fan bo‘yicha buyurtma mazmuni davlat ta’lim standartlari (malaka talablari) ko‘rinishida aks etadi. Davlat buyurtmasi asosida ta’limning umumiy maqsadi belgilab berilishi soha mutaxassislari uchun sir emas.
Bu, xususan, milliyligimizning yorqin ifodasi bo‘lgan ona tili ta’limi maqsadida o‘zining aniq ifodasini topgan: “Maktabda ona tili ta’limi maqsadi o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda to‘g‘ri va ravon bayon qiladigan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil va ijodiy fikrlay oladigan, o‘zgalar fikrini anglaydigan — muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirishdan iborat”.
Ona tili ta’limi maqsadi ta’limning umumiy maqsadiga uyg‘un bo‘lib, uning ikki talabini o‘zida juz’iylashtiradi: ijodiy va mustaqil fikrlash malakasini qaror toptirish hamda buning natijasida ta’lim oluvchining har tomonlama yetuk shaxs sifatida kamol topishi. Demak, ona tili imkoniyatlarini egallash hamda shu asosda barkamol inson sifatida shakllanishga bo‘lgan talab bu fanni o‘qitish oldiga juda ko‘p vazifalarni qo‘yadi. Jumladan, ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlar o‘quvchilarning o‘zida zarur malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishiga qaratiladi. Ta’lim usuli, mazmuni, vositalari ana shu ulkan va ulug‘ vazifalarning aniq va puxta bajarilishiga yo‘naltirilgan bo‘lishi shart.
Shu o‘rinda, eng avvalo, ona tili ta’limi va uning natijasi borasida ikki jihatni farqlab olishimiz zarur. Bular:
1) ona tili ta’limi jarayonida tahsil oluvchiga tilning beqiyos imkoniyatlaridan foydalanish, ya’ni tilning kommunikativ-amaliy qiymatini yuksak darajada namoyon eta olish ko‘nikmalarini singdirish;
2) ona tili ta’limi jarayonida tahsil oluvchiga tilshunoslik asoslarini muntazam o‘rgatib borish, tom ma’noda, jamiyat uchun tilshunoslikning qonun-qoidalarini biladigan shaxsni tayyorlash.
Xo‘sh, bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchi uchun kelajakda qay biri muhim? Til imkoniyatlaridan foydalana oladigan, so‘zning mantig‘i va qadriga yeta oladigan shaxs sifatida shakllanishmi yoki maktabni bitirgunicha qariyb 1500 ta qoidani yod olib, oliy ta’limga o‘qishga kirish uchun ulardan chala-chulpa (ba’zan, omadiga tayanib) foydalanadigan kishi bo‘lib yetishish?
Umumiy o‘rta ta’limning amaldagi malaka talablarida “Ona tili” o‘quv predmetini o‘qitishning asosiy vazifalari quyidagicha belgilangan:
— o‘quvchi shaxsini fikrlashga, o‘zgalar fikrini anglashga, o‘z fikrini og‘zaki hamda yozma shaklda savodli bayon qila olishga qaratilgan nutqiy kompetensiyani rivojlantirish;
— o‘quvchilarda grammatikaga oid o‘zlashtiriladigan bilimlarni (fonetika, leksikologiya, so‘zning tarkibi, so‘z yasalishi, morfologiya, sintaksis, yozuv va imlo, tinish belgilari, nutq uslublari, stilistikaga oid tushunchalarni) rivojlantirish;
— ona tilining keng imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda to‘g‘ri va ravon bayon eta olishni rivojlantirishga qaratilgan lingvistik kompetensiyalarni shakllantirishdan iborat.
Belgilangan vazifalarga diqqat qilsak, 1- va 3-vazifalar ona tili ta’limining bosh maqsadiga to‘la hamohang, 2-vazifa esa qisman. To‘g‘rirog‘i, 1- va 3-vazifalar o‘quvchiga til imkoniyatlarini o‘rgatish talabini qo‘ysa, 2-vazifa ta’lim oluvchiga tilshunoslik asoslarini muntazam o‘rgatib borishni taqozo etadi. Ya’ni 1-, 3-vazifalar bolani ijtimoiy hayotga, turmushga tayyorlash muddaosini ko‘zlaydi. 2-vazifa ijrosi esa uni tabiiy hayot tarzidan uzib qo‘yishga olib keladi. Bu holatni, afsuski, maktabda o‘qitiladigan barcha o‘quv predmetlari ta’limida kuzatishimiz mumkin.
Tilshunos olim B.Mengliyev yaqinda saytlardan biriga bergan intervyusida shunday dedi: “Hammamiz maktabda fizika, kimyo, matematika, biologiya predmetlarini o‘qiganmiz. Ulardan qoyillatib besh baho olganmiz. Ammo ko‘p hollarda oddiygina elektr chirog‘i patronini o‘rnatishni ham, daraxtni payvand qilishni ham, yulduzlarga qarab vaqtni aniqlashni ham, jarohatga qanday malham qo‘yishni ham, biror narsaning hajmini hisoblashni ham eplay olmaymiz. Hatto oddiygina isitish tizimidagi suvning aylanma harakatini ham tushunmaymiz. Nega? Chunki biz olgan ta’lim hayotdan uzilib qolgan. Hamma ham fizik, matematik, biolog bo‘lavermaydi-ku! Shuning uchun o‘quvchida hayotiy kompetensiya birinchi o‘ringa chiqishi lozim edi”.
Haq gap. Olimning fikridagi bir so‘zni ham rad eta olmaymiz. Bolalarning maktabdan bezishiga ham mana shu jihatlar sabab bo‘lmayaptimikan?! Iqtibosni davom ettiramiz:
“Endi o‘zimizning “Ona tili”mizga kelaylik. Ona tili ta’limining ahvoli qanday? Boshi ham, adog‘i ham yo‘q, buning ustiga darslikdan darslikka o‘tish, sinfdan sinfga ko‘chish bilan o‘zgarib turadigan son-sanoqsiz ilmiy (lingvistik) qoidalarni yodlatamiz. Matnning, berilgan gaplarning avra-astarini chiqarib, ipidan ignasigacha tahlil qildiramiz. Biroq bu “bilim”lar og‘zaki va yozma nutqimizga qay darajada ta’sir qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz”.
Olimning fikrlaridan ijodiy va mustaqil fikrli shaxsni tarbiyalashda ona tili va uni o‘qitish tizimi, buni tashkil etuvchi vositalarning roli va xarakteri beqiyos ekanligi ayon bo‘ladi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bugungi jamiyat bilimdon shaxsga ehtiyojmandmi yoki ko‘zlangan maqsadga erishishning o‘nlab yo‘llari borligini, muayyan sharoitda shulardan qay biri yuksak samara bera olishini biluvchi va uni qo‘llay oluvchi shaxsgami?!
O‘zbekistonda bozor iqtisodiyoti shakllanib, taraqqiy etmoqda. Jamiyatda mulkchilik munosabatlari qaror topib, uning a’zolari ongida boqimandalik kayfiyati, fikriy tanballik, “yuqori” ko‘rsatmasi asosida ishlash hissi o‘rnini iqtisodiy tafakkur, tadbirkorlik, yo‘qdan bor qilish, ichki imkoniyatlarni ishga solish zarurati egallab, aql-idrokka, muayyan sharoitga ko‘ra ish tutishga yagona yaratuvchi kuch sifatida qarash, chetdan madad kutmaslik tuyg‘usi shakllanmoqda. Bu bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biri. Biroq iqtisodiy tafakkur boshqa hodisalarga nisbatan barqarorligi, juda sekin almashish, rivojlanish va o‘zgarish xossasi bilan ajralib turadi. Buni bizda umumiy mulkchilik tafakkuri o‘rnini sekinlik bilan xususiy mulkchilik va bozor iqtisodiyoti tafakkuri egallayotgani, ya’ni iqtisodiy tafakkur almashinuvi yuz berayotgani bilan izohlash zarur.
Bozor iqtisodiyotidan avvalgi davr bilim qamrovi keng, turli fanlarni va o‘z ixtisosligini chuqur egallagan, ko‘rsatilgan masalalarni belgilangan tarzda yecha oladigan mutaxassislarni talab qilib, ommaning tadbirkorligi va mustaqil fikrlashini taqozo etmas edi. Shuningdek, sobiq sho‘ro mafkurasining davlat siyosiy tuzumi va ideologik strukturasi hamda pirovard maqsadi mustaqil fikrlovchi shaxsga emas, “Bo‘l tayyor!” shioriga har doim shay “sodiq askar”ga ko‘proq ehtiyoj sezar edi. Bu ehtiyojni qondirishga qaratilgan davlat buyurtmasi esa ta’lim va tarbiyaning boshidan oxirigacha “qizil ip” bo‘lib o‘tgan edi. Natijada davlatning ta’lim siyosati, ta’lim maqsadi, usuli va mazmuni shunga monand ravishda tashkil etilgan bo‘lib, ta’limda reproduktiv usul, o‘qitishda retroskopik vositalarga katta ahamiyat berilardi. (Reproduktiv (lotincha: re — takrorlash, produco — yarataman) usul berilgan bilimni egallash va xotirada aynan saqlash yo‘li bo‘lib, u o‘quvchiga ma’lum miqdordagi bilimni oluvchi obyekt, o‘qituvchiga esa ta’lim jarayoni subyekti sifatida munosabatda bo‘ladi. Bunga muvofiq, o‘quvchilarda tayinlangan qoida va ta’riflardan amaliy ishlarga o‘tish, tayyor xulosalarni amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmalari shakllantiriladi. Me’yorlarni (jumladan, savod, arifmetik amallar, mutlaq qonuniyatlar…) o‘zlashtirish va ularni amalda qo‘llash uchun o‘ta zarur va aytish mumkinki, eng samarali bu usul mutlaqlashtirilsa, ta’lim oluvchida ergashuvchanlik, bo‘ysunuvchanlik, idrokiy yalqovlik hissini qaror topishi va rivojlanishi shubhasiz. Sotsialistik iqtisod va mafkuraviy muhit ehtiyoji sifatida shakllangan bu usul sobiq sho‘ro ta’lim tizimining deyarli barcha bosqichlarida uzoq yillar hukmronlik qilganining boisi ham shunda.
Bozor iqtisodiyoti, aytilganidek, ta’limda tarbiyalanuvchining mustaqil va ijodiy fikrlash ko‘nikmasi hamda malakasini hosil qilishni talab etadi. Shunga muvofiq, o‘qitish usuli iqtisod va mafkuraning o‘zi kabi keskin isloh qilinishi zarur. Chunki reproduktiv usul mohiyatan bozor iqtisodiyoti talablariga mutlaqo zid. Mashhur rus pedagogi K.D.Ushinskiy XX asrning 60-yillari reproduktiv usulning nobopligiga ishora qilgan edi. Demak, bozor iqtisodiyoti dastur bilan belgilanadigan bilimlarga ega bo‘lgan shaxsga emas, balki bilim olish yo‘llarini puxta egallagan, muayyan sharoitda mustaqil idrok qilish ko‘nikmasiga ega ongli fuqaroga ehtiyoj sezadi. Ta’limning bosh predmeti — ona tilini o‘qitish maqsadi, mazmuni, usul va vositalari mana shu maqsadga muvofiq belgilanishi zarur.
O‘tgan asrning birinchi yarmida adabiy til me’yorlarini belgilash va omma ongiga singdirish, savodsizlikni tugatish talabi asosida ona tili ta’lim maqsadi shunga mos belgilangan: ta’lim oluvchilarni tilning grammatik qurilishi bilan tanishtirish asosida adabiy til (nutq) me’yorlari xalq ongiga singdirilgan, tilshunoslikda qo‘yilgan, hal etilgan vazifalar va qo‘lga kiritilgan yutuqlarning asosida ilk ona tili darsliklari yaratilgan edi. Darsliklarda o‘zbek tilining imlosi, fonetik hamda grammatik qurilishini chuqur va atroflicha o‘rgatishga katta e’tibor qaratilgan. Tilshunoslikdagi ilmiy yutuqlar davr sinovidan o‘tib, maktab, keyinchalik pedagogika bilim yurtlari ona tili darsliklaridan o‘rin ola boshlagan. Bu darsliklar asosida kishilarning savodi chiqib, adabiy til me’yorlari ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ommalashgan. Jamiyat yaxlit va yagona adabiy til me’yorlariga ega bo‘lgan. Ko‘zlangan maqsadga erishilgan, biroq ona tili darsliklarida, xususan, yuqori sinflarda grammatizm chuqurlashib boraverdi. Natijada ona tili kursining tom ma’nodagi vazifasi — o‘quvchilarda ona tili imkoniyatlaridan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish amaliyoti unutila bordi. Uning o‘rnini ona tili qurilishining ilmiy talqini, ya’ni tilshunoslik tushuncha va asoslarini o‘rgatish egalladi. Ta’lim oluvchilar til qurilishini “mukka tushib” o‘rganardi. Unli va undosh tovushlar, tovush o‘zgarishlari, tilning leksik tizimi, so‘z turkumlari, ularning ichki ma’noviy guruhlari, so‘z yasalishi, grammatik shakllar tizimi, sintaktik hodisalar — so‘z birikmasi, gap bo‘laklari, ularning tuzilishi, ma’no turlari va ifodalanishi, sodda va qo‘shma gap, qo‘shma gapning ma’no turlari va bog‘lovchi vositalari kabi nazariy ma’lumotlar darsliklardan shu qadar ko‘p o‘rin egalladiki, oqibatda o‘qituvchi o‘quvchining nutqini o‘stirishga, og‘zaki va yozma nutqini shakllantirishga vaqt ajratolmay qoldi. Ta’lim mazmuni til qurilishi bo‘yicha nazariy bilimlardan iborat bo‘lib, ona tili darsliklari tilshunoslik fanidan nazariy qo‘llanmalarga aylantirib qo‘yildi. Nutq o‘stirish grammatizm soyasida qolib ketdi. Ayniqsa, lingvistik tahlillarga katta e’tibor qaratilib, o‘quvchining til qurilishi bo‘yicha nazariy bilimini baholash parametriga aylandi. XX asrning 90-yillarigacha foydalanilgan ona tili darslarini kuzatsak, ko‘z oldimizda til qurilishiga doir qoidalarni yodlash, shunga moslab tuzilgan mashqlarni bajarish va fonetik, morfologik, sintaktik tahlillarni ko‘ramiz. Masalan, ergash gapli qo‘shma gaplarning qariyb 20 turini ajratish, gaplardagi so‘z birikmalarini aniqlash yoki so‘zni fonetik tahlil qilish kelajakda bizga nima beradi qabilidagi e’tirozlarni har bir ona tili o‘qituvchisi o‘quvchilaridan eshitgan va unga asosli javob berolmaganidan hamisha xijolat tortib kelgan. Buning yana boshqa rasman tan olinmagan mafkuraviy jihati ham bor edi; nutq tilda “libos kiygan fikr”ning voqelanishidir. Fikr — tafakkur mahsuli. Istaymizmi-yo‘qmi, inson tafakkuri, albatta, milliylik zamiridan oziqlanadi. Tafakkur rivojlantirilmas ekan, nutqni o‘stirish, rivojlantirish mumkin emas. Milliy til imkoniyatlari zaminida tafakkurni rivojlantirish yana va yana milliy tafakkur tarzini talab etaveradi. Milliy ong, milliy tafakkur tarzini rivojlantirish esa sovet siyosatiga mos kelmas edi. Shu bois o‘rta umumta’lim maktablarining yuqori sinflarida o‘quvchilar diqqati baynalmilal tabiatli grammatik talqinlarni yodlash bilan chalg‘itilar edi. Milliy istiqlol sharofati bilangina bu dahshatli zanjir uzildi.
Biroq mustaqillikka erishganimizga qariyb 30 yil bo‘lganiga qaramay, bugungi ona tili ta’limi va darsliklari hamon belgilangan talablarga tugal javob berolmayapti. Mazkur jihatning asosiy sabablari sifatida quyidagilarni sanab o‘tish lozim:
Birinchidan, sovet davrida uzoq yillar davomida ta’limda retroskopik (reproduktiv) ta’lim usuli yakkahukmron bo‘lib keldi. Shuning uchun maktab darsliklarida, jumladan, ona tili darsliklarida ham nazariy ma’lumotlar, qoidalar juda ko‘p va bu me’yoriy holat edi. Shu yo‘l bilan sovet didaktikasi ona tili mashg‘ulotlarida ta’lim oluvchilar (xususan, ruslardan boshqa millat vakillari) diqqatini ona tilida fikrlashdan chalg‘itib, keraksiz va juda ko‘p hollarda baynalmilal tabiatli nazariy bilimlarni o‘zlashtirishga yo‘naltirar edi. O‘tgan asrning 70-yillarigacha maktabdagi o‘quv predmetlari ham, darsliklar ham “Ona tili” emas, “O‘zbek tili grammatikasi” deb nomlanar edi. Bunga asos ham tayyor edi: fizika — hodisalarning fizikaviy, kimyo — kimyoviy, matematika — riyoziy xususiyatlari haqida ta’lim oluvchiga fan asoslari va fanning tayanch tushunchalarini yetkazganidek, “O‘zbek tili grammatikasi” ham bolalarga grammatika ilmi asoslarini berishi lozim deb sanalar edi. Biz sovet didaktikasida hukmronlik qilgan bu “grammatizm” va “akademizm” (chuqur ilmiylik, ko‘proq nazariy bilim berish)dan voz kechib, kognitiv-pragmatik ta’limga o‘tdik. Afsuski, (“tarki odat amrimahol”, deganlaridek) darsliklarimiz mualliflari ongi va amaliyotida yangi usul va uning maqsad, talablari hali tugal o‘zlashgan emas. Shu bois darsliklar ortiqcha ta’rif-u qoidalardan to‘la xalos bo‘lganicha yo‘q. (Ta’kidlashimiz shart: o‘rta umumta’lim maktablarining 5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10-, 11-sinflari uchun mo‘ljallangan amaldagi “Ona tili” darsliklarining har birida “Bilib oling”, “Esda tuting” shaklida (o‘quvchi yodlashi va esda saqlashi nazarda tutilgan) 200–220 tadan qoida berilgan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: o‘quvchiga ona tili grammatikasidan nazariy bilim berish shart emasmi?
Buning javobi quyidagicha: maktabda ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilarga 3 turdagi qoidalar singdirilishi zarur:
1) orfografiya qoidalari (bu qoidalar umr bo‘yi kishining yozma savodxonligini tartibga solib turadi);
2) orfoepiya qoidalari (bu qoidalar umr bo‘yi kishining og‘zaki nutqini adabiy me’yorlarga moslashtirib turadi);
3) punktuatsiya qoidalari (bu qoidalar umr bo‘yi kishining yozma nutqida nima demoqchiligini ko‘rsatib turadi).
Qolgan barcha darslar amaliy xarakterda bo‘lib, ularda o‘quvchiga so‘z mantig‘ini anglash, so‘z va birikmalarni o‘z o‘rnida qo‘llay olish malaka va ko‘nikmalarini, shuningdek, sharqona nutq odobini o‘rgatish zarur.
Shunda o‘rta umumta’lim maktablarida o‘qitiladigan ona tili darslari o‘quvchiga tilshunoslik asoslarini emas, tilning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishni, ya’ni tilni o‘rgatadi.
Ikkinchidan, ta’lim maqsadi yangilangach, ta’lim mazmuni ham keskin yangilanishi lozim. Ona tili mashg‘ulotlarida ta’lim mazmuni masalasini grammatik talqinlar bilan kerakli-keraksiz holatda kesishtirishdan mutlaqo voz kechish zarur.
Yana haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, ona tili ta’limi mazmunida grammatik talqinlar berilmasa, o‘quvchiga o‘rganish uchun nimani taqdim etamiz? Bu borada XX asr boshlarida jadid pedagoglari o‘z tajribalarida unumli foydalangan (sovet davrida asta-sekin ulardan voz kechilgan, bizning davrimizda esa chet tillarni o‘qitish metodikasida keng qo‘llanilayotgan metodlarga tayanadigan) mavzularga murojaat etamiz. Masalan (7-sinflar uchun):
Mavzu: “Halollik — eng ulug‘ ne’mat”
Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi bo‘lardi. Uning yozilmagan qoidasi bor. Birinchidan, hech kim tomini yolg‘iz o‘zi suvamaydi: hamma hasharga keladi. Ikkinchidan, beva-bechora, qo‘li qisqa xonadonning uyi eng avval tomsuvoq qilinadi. Keyin navbatma-navbat davom etaveradi...
O‘qituvchimizning hashariga, ayniqsa, ko‘p odam yig‘ildi. Uyi katta yo‘l yoqasida edi. Shundoq ko‘cha chetidan loyxandaq qazilgan ekan. Somon katta yo‘lning ko‘pchib yotgan tuprog‘iga qovushib, obdon yumshabdi. O‘qituvchimizning Azim aka degan qo‘shnisi ishboshi bo‘ldi. Birov xandaqqa tushib loy solib berib turibdi, birov paqirlab loy tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi...
Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli o‘rtasidagi tut tagida ovqatlanib o‘tirsak, o‘qituvchining keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta avval ko‘zi yorigan qizinikiga ketgan ekan.) Kampir hassasini do‘qillatib, to‘ppa-to‘g‘ri o‘qituvchimning oldiga bordi.
— Nima qilding?! — dedi o‘g‘lining salomiga alik ham olmay. — Nima ish qipqo‘yding?!
Hammamiz hayron bo‘lib qoldik. Muallim o‘quvchilarining oldida, ayniqsa, mulzam bo‘ldi, shekilli, qizarib ketdi.
— Nima qilibman, oyi? — dedi ko‘zlarini pirpiratib.
— Dard! — kampir hassasi bilan yerni nuqidi. — Sanga qachon aql kiradi, nodon bola! — Keyin Azim akaga yuzlandi. — Bu-ku aqmoqlik qilishga qipti, siz qayoqda edingiz? Nega ko‘chadan loy qildilaring?! Ko‘chaning tuprog‘iga tegib bo‘ladimi, nobakor! Ko‘pchilikning haqi-ku, bu! — Kampir bir zum harsillab turdi-da, to‘satdan yig‘lab yubordi. — Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman!
Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters o‘tirib oldi...
...Hammamiz qaytadan tomga chiqdik... Suvoq qilishdan ko‘ra loyni ko‘chirish qiyin bo‘larkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, ko‘chadagi loyxandaqni to‘ldirib qo‘ydik...
...Oradan yillar o‘tib, kampir ko‘z yumganida tumonat odam uni o‘sha ko‘chadan so‘nggi manziliga ko‘tarib bordi...
Ko‘cha tuprog‘i iliq edi... Mayin edi...(O‘tkir Hoshimovdan)
1-topshiriq: Matnni o‘qing va mazmunini so‘zlab bering.
2-topshiriq: Matn tarkibidagi har bir so‘zni (lug‘at yordamida) boshqa ma’nodoshi bilan almashtirib, matnni qayta tuzishga harakat qiling.
3-topshiriq: Matn mazmunini o‘z so‘zingiz asosida 4-5 ta gapda yozma ifodalang.
4-topshiriq: “Hikmatnoma” kitobidan halollik haqidagi maqollarni toping va ulardan matn mazmuniga aynan mos keladiganini tanlab, daftaringizga ko‘chiring.
(Biz ibtido holatda tavsiya etayotgan bu kabi mavzu va uning topshiriqlari xuddi shu sinfning “Adabiyot” darsligi materiallari bilan bog‘lanishi ham o‘rinli va hokazo).
Uchinchidan, o‘qituvchilarimiz ommasi kognitiv-pragmatik usulda ishlashni — o‘quvchiga bilim berishni emas, uni yo‘naltirib, izlantirib, o‘ylantirib kuzatayotgan hodisalari asosida o‘z hukmini chiqarishini va uni ifodalashi lozimligini — o‘zlari uchun asosiy me’yor sifatida belgilab olishlari shart. (Bu borada barcha o‘qituvchilarning faoliyatini tanqid qilishdan yiroqmiz. Biroq kuzatgan darslarimizning ko‘pida maktab o‘qituvchilari o‘quvchining dars davomida, odatda, ta’limiy o‘yinlar vaqtidagina mustaqil izlanishiga yo‘l beradi. Boshqa paytlarda esa “darsning asosi”ni o‘qituvchi tushuntiryapti. E’tibor bering: o‘qituvchi dastur va darslikda belgilangan mavzuni o‘quvchiga (og‘zaki bayon usulida) tayyor holda beryapti. (Muhtaram o‘qituvchilarimiz fan asoslarini to‘la o‘zlashtirib mutaxassis darajasiga erishgani uchun ularga diplom berilgan-ku. Buni o‘quvchi oldida qayta-qayta takrorlash, odatda, o‘qituvchini takomillashtiradi, o‘quvchini emas. Agar u o‘quvchi uchun keraksiz bilim bo‘lsa-chi?!)
To‘rtinchidan, retroskopik ta’limda o‘quv materiali, asosan, darslikda berilgan bo‘ladi — o‘quvchi darslikda berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirsa bo‘lgani! Kognitiv ta’limda esa o‘quv materiali darslikdan tashqarida bo‘ladi. Darslik faqat namuna va yo‘llanma — o‘zlashtirish algoritmini beradi, xolos. Bizda, avvalo, ona tili mashg‘ulotlarida keng foydalanish uchun zarur bo‘lgan axborot manbalari (masalan, lug‘atlar, qomuslar, ma’lumotnomalar) yetarli emas va o‘qituvchilarimiz ham, o‘quvchilarimiz ham har bir mashg‘ulotda bir necha axborot manbasidan foydalanish ko‘nikmasi va madaniyatiga ega emas.
Yechim: Qarshi davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari tomonidan (prof. B.Mengliyev boshchiligida) 2003–2005-yillarda maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan o‘nga yaqin lug‘atlar tayyorlanib, ko‘pchilik hukmiga havola etilgan edi. Shu lug‘atlar takomillashtirilishi va respublika miqyosida maktab partasida o‘tirgan har bir o‘quvchining, avvalo, ona tili o‘qituvchilarining qo‘liga yetib bormog‘i zarur. O‘qituvchilarimizda ham, o‘quvchilarimizda ham lug‘atlardan foydalanish madaniyatini shakllantirishimiz muhim.
Beshinchidan, DTSda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Ona tili ta’limi natijasida o‘quvchilar egallagan bilim, ko‘nikma va malakalar uch parametrli standart ko‘rsatkichlar asosida tekshiriladi va aniqlanadi”.
1. O‘qish texnikasi. Bu parametr orqali o‘quvchining notanish bo‘lgan matnni ifodali o‘qiy olish ko‘nikmasi aniqlanadi. Bunda miqdoriy ko‘rsatkich sifatida ifodali o‘qish tezligi, ya’ni minutiga berilgan matndan nechta so‘z o‘qiy olish ko‘rsatkichi olingan. Sinfdan sinfga o‘tish davrida miqdoriy ko‘rsatkichdagi so‘zlarning soni oshishi bilan birga berilgan matnni o‘qishdagi talablar ham bolaning yoshiga monand ravishda ortib boradi.
2. O‘zgalar fikrini va matn mazmunini anglash malakasi bolaning og‘zaki bayon qilinayotgan o‘zgalar fikrini hamda yozma matn mazmunini anglay olish darajasini aniqlash maqsadida kiritilgan. Bu parametr o‘zgalar fikrini va matn mazmunini anglash hamda uni og‘zaki qayta bayon qila olish darajasini aniqlaydi.
3. Fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi (tugal fikr ifodalangan matn) murakkab jarayon bo‘lib, ona tili ta’limining bosh maqsadi shu parametrda to‘la yuzaga chiqadi. O‘quvchining ona tili ta’limi jarayonida egallagan ko‘nikma va malakalari u yaratgan matnda aks etadi. Bu parametr bo‘yicha ta’lim sifatining natijasini baholashda o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi egallagan quyidagi ko‘nikmalarning darajasi aniqlanadi:
a) fikrning mantiqiy izchillikda ifodalanganini aniqlash;
b) fikrlash, mavzuning murakkablik darajasini aniqlash (sodda, murakkab, konkret, mavhum va hokazo);
d) tavsifning mavzuga muvofiqligini va tavsifning qiymatini aniqlash;
e) tavsifda tilning ifoda vositalaridan maqsadga muvofiq foydalanish darajasini aniqlash;
f) imloviy (yozma) savodxonlikning sifatini aniqlash.
DTS o‘quvchidan ona tilida fikrlash va fikrni bayon qilishning amaliy ko‘nikma va malakalarini talab qilib turgani holda hozir ham o‘quv maskanlarida, oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarida bilimlarni test asosida sinash hukmronlik qilib kelmoqda. Testlar esa, odatda, retroskopik grammatik bilimlarni baholay oladi; ular o‘quvchining mustaqil va ijodiy fikrlash hamda fikr mahsulini yozma/og‘zaki shakllarda ifodalash layoqatini aniqlay olmaydi. Shuni takror va takror ta’kidlash kerakki, to DTSda ko‘rsatilgan tamoyil(parametr)lar asosida ta’lim olgan shaxsning ona tili mashg‘ulotlaridan olgan bilim, malaka va ko‘nikmalarini baholash to‘la-to‘kis amalga joriy etilmas ekan, na darslik tuzuvchilar, na-da ustozlar-u o‘quvchilar diqqatini sovet ta’lim tizimining ayanchli qoldig‘i (quruq, samarasiz va yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, subyektiv grammatik ilmiy tushuncha va talqinlarni o‘zlashtirish)dan uzib bo‘lmaydi; ta’lim samarasi grammatik bilimlar bilan baholanadimi, demak, ta’lim jarayonida ham ular yetakchi bo‘lib qolaveradi.
Tafakkur, dunyoqarash-u didni shakllantirishga xizmat qiladigan ona tili va adabiyot, tarix (jumladan, O‘zbekiston tarixi) kabi o‘quv predmetlari asosida hosil qilingan ko‘nikmalar testlar vositasida baholanar ekan, ular ta’lim tizimida o‘z oldida turgan haqiqiy vazifasini tugal bajarolmaydi va ona tili mashg‘ulotlari amalda deyarli foydasiz grammatik bilimlarni, adabiyot va tarix darslari uzuq-yuluq hodisalar, sanalar va shaxslarni berish hamda ularni yodlatishdan to‘la uzila olmaydi.
Sanab o‘tilgan hodisalar — eski va yangining qorishuvi, darslikda grammatik nazariy bilimlarga ortiqcha e’tibor va o‘rin — istagan o‘tar davr uchun xos zaruriy holat ekanini bilamiz. Biroq bizda bu o‘tish davri salkam o‘ttiz yilga cho‘zilgani butun jamiyat uchun achinarli hol emasmi?!
O‘tgan yillar davomida maktabda ona tili predmeti to‘la-to‘kis tilshunoslik faniga aylanib bo‘ldi. O‘qituvchi ham, o‘quvchi ham, ota-onalar ham ona tili ta’limi deganda tilshunoslik qoidalarini yodlash va ularga doir mashq va topshiriqlarni bajarishdan boshqa narsani tasavvur qila olmaydigan bo‘lib qoldi. Birinchi o‘rinda turishi kerak bo‘lgan og‘zaki va yozma nutq bo‘yicha savodxonlik, nutq va muloqot madaniyati, boy so‘z zaxirasi, notiqlik eng oxirgi o‘rinlarga tushib ketdi.To‘g‘ri, eskidan batamom voz kechib, yangiga ko‘nikish hamisha juda qiyin. Ammo ijtimoiy hayotimizdagi har bir voqelik o‘z o‘zaniga tushmas ekan, taraqqiyot haqida gapirishga hech birimizning — ayniqsa, soha mutaxassislarining, jamiyat ziyolilarining — haqimiz bo‘lmaydi.
Dilorom YO‘LDOSHEVA, Buxoro davlat universiteti filologiya fakulteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi