Nazoratchiga emas, ko‘makchiga muhtojmiz!
Salkam o‘ttiz yildan buyon boshlang‘ich sinflarga dars beraman. O‘qituvchi bo‘lib ish boshlagan kezlarimdagi bir voqea hamon esimda. Maktabimizga tekshiruvchi keldi. Nazorat, albatta, muhim, uning ahamiyatini gumon ostiga qo‘yish da’vosidan yiroqman, lekin bu ish professional jihatdan mantiqli va yakuni o‘qituvchiga aniq ko‘mak berishi bilan ajralib turishi kerak, degan fikrdaman.
Xullas, hali ko‘p tajribaga ega emasligimni o‘zim ham anglab tursam-da, darsimda 10—15 daqiqa o‘tirib, kuzatuv olib borgan xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi yozma hisobotida dars o‘tishim haqida ancha-muncha kamchiliklarni bitibdi, buning uchun esa ancha dakki eshitganim yodimda. Lekin bugun shuncha yillardan keyin ham faoliyatimizni kelib ko‘rayotgan, bir necha o‘nlab sahifalar qoralab, hisobotlar tuzayotgan, uni kengashlarda soatlab muhokama qilayotganlar hamon kamaymagandek, aksincha ular ko‘payib borayotgandek tuyuladi. Aslida xalq ta’limida nazoratning mohiyati amaliy yordam ko‘rsatish bo‘lishi kerak.
Tizimda qog‘ozbozlikni tugatish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu yumush hamon ancha vaqtimizni olayapti. Shuncha yil ishlab hali biror tuman yoki viloyat xalq ta’limi bo‘limi xodimi falon maktabda namunali dars o‘tib beribdi, degan xabarni eshitganim yo‘q. Hamkasblarimiz kechirsin-u, tumanimizda ham, viloyatimizda ham pedagogik mahorat bobida kasbini san’at darajasiga yetkazgan, har qanday sinfda, auditoriyada bemalol darsni qoyillatib o‘tib beradigan pedagoglarimiz bisyor. Lekin tajribani ommalashtirish, uni ko‘pchilik mulkiga aylantirish borasidagi tashkiliy ishlar hali tizimga solinmagan.
O‘sha uzoq yillar ilgari xalq ta’limi bo‘limi xodimi endigina ish boshlagan muallimaga sinfning o‘zida ohistalik bilan amaliy yordam berganida, balki o‘sha voqea xotiramga ijobiy muhrlangan bo‘lardi. To‘g‘risi, mana shunday asossiz tekshiruvlar va nozirlarning o‘qituvchiga noloyiq muomalasi tufayli maktablar mahoratli va o‘ziga ishongan, bilimli o‘qituvchilaridan ayrilgan. Endi tizimda boshlangan islohotlar, o‘qituvchiga ko‘rsatilayotgan e’zoz-u hurmat maktabga tashrif buyuradigan har bir shaxsning yodidan chiqib qolmasa, qaniydi.
Shoiraxon SHOKIROVA, Marhamat tumanidagi 27-maktab o‘qituvchisi