Darslik murakkab emas, aksincha…

Jamiyatda o‘qituvchilar obro‘sini oshirish uchun qilinayotgan ishlar, o‘quvchi-yoshlarning bilimini baholashning PISA, PIRLS, TIMMS kabi xalqaro baholash dasturlarining joriy etilishi xalq ta’limi tizimida yaqin yillarda yaxshi natijalarga erishishimizdan darak berayotgandek. Ammo buning uchun biz — o‘qituvchilar o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganim uchun shunday savollar meni qiynaydi: bugungi kunda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari poydevorni mustahkam quryaptimi? Ularning asosiy ish quroli bo‘lmish darsliklar talab darajasidami?
Ayni kunlarda ko‘plab boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘rtasida 2019-yilda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan (S.Burxonov, O‘.Xudayorov, Q.Norqulova, N.Ro‘ziqulova, I.Gaipova muallifligida) nashr qilingan 3-sinf “Matematika” darsligi haqida turli fikrlar paydo bo‘lyapti. Emishki, darslik juda murakkab, u o‘qituvchilarning muammoli vaziyatlarga tushib qolishiga, o‘quvchilar orasida esa “matematika murakkab fan ekan” degan tushuncha paydo bo‘lishiga va ularning fanga bo‘lgan qiziqishlari so‘nishiga sabab bo‘lyapti.
Ayni paytda Urganch davlat universitetining maxsus sirtqi bo‘limi 3-bosqichida tahsil olyapman. “Matematika o‘qitish metodikasi” fani o‘qituvchimiz Egambergan Xudoynazarov bildirgan fikr va tavsiyalar asosida 3-sinf “Matematika” darsligini o‘rganib chiqdim. Izlanishlarim natijasida shuni aniqladimki, darslikdagi “Kombinatorik masalalar”, “Burchak simmetriyasi” , “O‘nli kasrlar” kabi bir qator mavzularga boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari biror marta ham obyekt sifatida qaramagan. Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish yo‘nalishi talabalari bu haqda bilimga ega, lekin amaliyotda uni o‘rgatish metodikasiga ega emas.
Bilamizki, o‘lchov birliklari bilan o‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda tanishadi. Uzunlik o‘lchov birligi santimetr 2018-yilgacha lotin alifbosiga asoslangan darsliklarimizda “sm” ko‘rinishida, vaqt o‘lchov birligi soat esa “s” ko‘rinishida qayd etilgan va barcha o‘qituvchilar o‘quvchilarga shunday o‘rgatib kelgan. Bugungi kunga kelib 3-sinf “Matematika” darsligida uzunlik o‘lchov birligi santimetr “cm”, vaqt o‘lchov birligi soat esa “h” ko‘rinishida berilgan. Fikrimcha, bu o‘zgarishdan o‘lchov birliklarini o‘rganish, ularni yozuvda ifodalash jarayonini butunjahon “Si” sistemasiga moslashtirish nazarda tutilgan. Lekin, afsuski, o‘qituvchilar o‘rtasida buning muhokamasi hali ham tugagani yo‘q.
Bunday muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirgan 3-sinf “Matematika” darsligi davlat ta’lim standarti talabiga mos keladimi? Izlanishlarim natijasida darslik 2017-yilgi umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun belgilangan DTS talablarining A1 darajasiga 90 foiz mos kelishini angladim.
Xo‘sh, unda muammo nimada?
Muammo yana o‘sha metodik ta’minot taqchilligi bilan bog‘liq. Bugungi kunda 3-sinf “Matematika” darsligini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha respublika miqyosida o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma yo‘q. Bilamizki, barcha matematika darsliklari dastlab Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan hududda va maktablarda tajriba-sinovdan o‘tkazilib, yutuq va kamchiliklari amaliyotga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, Respublika ta’lim markazi yangi darslikni to‘liq amaliyotga joriy etish uchun o‘qituvchilarga zarur bo‘lgan metodik qo‘llanmani ishlab chiqishi kerak. Hozir mana shu qo‘llanmaning yo‘qligi respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida 3-sinf matematika darsligini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti.
Shuning uchun tez kunlarda maxsus guruh tashkil qilinib, darslikni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha joylarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar o‘tkazish, metodistlar maktablarga borib ko‘mak berishi, darslik mualliflari yoki RTM metodistlarining metodik yordamlari matbuot orqali o‘qituvchilarga yetkazilishi zarur, deb o‘ylayman.
Anajon BOLTAYEVA, Shovot tumanidagi 26-maktab o‘qituvchisi