Toshkent tajribasi: Yangi davr rahbari — u kim?
Yosh avlodning bilimli bo‘lib ulg‘ayishi, ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishida o‘quv muassasalarida boshqaruv tizimining innovatsion shakllarini joriy qilish ayni zamon talabidir. Bu o‘rinda, avvalo, rahbar pedagoglarning o‘qimishliligi, mahorati, ilg‘orligi, tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni tatbiq etishda shaffoflik alohida ahamiyat kasb etadi. Ta’lim tizimining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilayotgan ayni davrda maktab direktorining vazifalari ham yangicha mezonlarga asoslanadi. Yangi davr rahbari — bilimli pedagog, zehni o‘tkir menejer va tadbirkor mutaxassis bo‘lmog‘i shart. Minglab o‘quvchi-yoshlarning taqdiriga daxldor vazifani o‘z zimmasiga olgan maktab direktori tashkil etayotgan har bir ish negizida ulkan maqsad, ya’ni bola ta’lim-tarbiyasi, sog‘lig‘i, xavfsizligi, kelajagi ko‘zda tutilishi kerak. Direktor har kuni sinf, maktab, ishlab chiqarish jamoasi bilan hamqadam ishlaydigan pedagogdir. Asosiysi, zamonaviy rahbar rivojlanish bosqichida bir pog‘ona ustun bo‘lishi, mablag‘larni o‘z o‘rnida ishlata bilishi va imkoniyatlardan oqilona foydalanishi zarur.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’lim tizimining isloh qilinishiga doir amaliy takliflarini berib, ma’rifatparvar bobomizning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan fikrini alohida ta’kidladi. Jahonning rivojlangan mamlakatlari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, avvalo, maktab va ta’lim tizimining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilganini payqaymiz. Bu sohani taraqqiy ettiruvchi kuch esa muassasaning ta’lim xodimlari va direktoridir. Ayni paytda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufida 322 ta muassasa mavjud bo‘lib, ulardan 291 tasi maktab, 3 tasi Mehribonlik uyi, 16 tasi maxsus maktab-internat, 12 tasi “Barkamol avlod” bolalar maktablaridir. Poytaxtimizdagi 307 ta ta’lim muassasasini boshqarayotgan rahbarlar o‘z mahoratini oshirishga astoydil intilib, izlanyapti. Hozirgi kunda umumta’lim maktablaridagi 436048 nafar o‘g‘il-qizga 22937 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda.
Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida bayon etilgan maqsadlarga erishish uchun ilg‘or mamlakatlar tajribasini qo‘llash va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurati paydo bo‘lmoqda. Shu maqsadda “Toshkent tajribasi”ni joriy etganmiz. Bu tajriba ta’lim sifatining o‘sishi, pedagoglarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, “Toshkent STEAM fanlar olimpiadasi”ni o‘tkazish, yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “IT-Nation” loyihasini amalga oshirish kabi maqsadlarni birlashtiradi.
Bugungi kunda maktablarimizda Kuzatuv kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ta’limda shaffoflik va tenglikni ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shishmoqda. Hozirga qadar 44 maktab direktorini kuzatuv kengashlari bilan hamkorlikda lavozimga tayinladik. Kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan maktablarda ta’lim sifatini oshirish bilan birga maktab moddiy-texnik bazasini boyitishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Kuzatuv kengashiga maktabning sobiq bitiruvchilari ham a’zo bo‘lib, ular tomonidan o‘zlari ta’lim olgan maktablarga homiylik qilish an’anasi ham mavjud. Masalan, bu yil Uchtepa tumanidagi 81-maktab ushbu ta’lim muassasasini 1991-yilda bitirgan Isroil Yunusov tomonidan to‘liq mukammal ta’mirlanib, jihozlandi. Maktab yangi o‘quv yilini zamonaviy binoda boshlagani pedagogik jamoa hamda o‘quvchilar kayfiyatini ko‘tardi. Bu kabi misollarni yana davom ettirishimz mumkin. Chunki bugungi kunda ta’limga katta e’tibor qaratilmoqda. Uchtepa tumanidagi 81-, Yashnobod tumanidagi 307-, Yunusobod tumanidagi 273-, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-maktab direktorlari homiylar va sobiq bitiruvchilar ko‘magida ta’lim dargohini obod etayotgan menejerlardan. Masalan, 81-maktab hududida har bahorda ko‘kat va gullar ekiladi, mavsumi kelganda sotiladi. Bundan tashqari, issiqxona ham mavjud. Muassasa rahbari Ziyoda Haydarova tayinlangan paytda, 11 yil oldin muassasa reytingda eng oxirgi o‘rinda turardi. Hozirda bu maktab 307 ta maktab ichida 14-o‘rinda. Direktor o‘quvchilarning yaxshi o‘qishiga hamda olimpiadalarda yuqori o‘rinlarni egallash uchun intilishiga motivatsiya sifatida homiylarning rag‘batlantirishiga erishgan. G‘olib bo‘lishni orzu qilgan o‘quvchi homiyning qimmatbaho sovg‘asiga ega bo‘lish uchun ham qat’iyat bilan harakat qiladi. Maktabda ikki yildan buyon bolalar va o‘qituvchilarga psixologik ko‘mak beruvchi “Baxtli maktab” loyihasi ishlayotgani bois shu vaqt mobaynida ushbu maktab o‘quvchilari tuman IIB ro‘yxatiga umuman tushmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahar umumta’lim maktablari faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 679-qaroriga muvofiq 2019-yilda 50 ta ta’lim muassasasini kapital ta’mirlash va jihozlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, 2020-yilda 400 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan yangi ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlari rejalashtirilgan.
Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylar qurilishi munosabati bilan 4 ta yangi maktabni (2-qurilish maydoni hududida 2 ta 1680 o‘rinli maktab va 8-qurilish maydoni hududida 1 ta 1680 o‘rinli maktab hamda 9-qurilish maydoni hududida 1 ta 1680 o‘rinli maktab) qurish va jihozlash ishlari yakunlanish arafasida.
Poytaxtimizdagi barcha umumta’lim muassasalari hududida kuzatuv kameralari, muassasalar atrofida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida piyodalar o‘tish yo‘laklariga maxsus svetoforlar o‘rnatilmoqda. Bundan tashqari, “Ilm-fan — kelajak poydevori”, “Kompyuter savodxonligi” kabi tadbirlarda yuzlab iqdidorli yoshlar qobiliyatini namoyon etmoqda. Zamonaviy rahbar yelkasidagi yana bir mas’uliyat shuki, bugungi davr bolasining, o‘smir yoshdagi o‘quvchining psixologik-fiziologik holatidagi o‘zgarishlarni doimiy kuzatishi kerak. Og‘ir hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarga psixologik yordam ko‘rsatishi, suitsidning oldini olishda jamoatchilikning o‘rni, ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanish masalalariga e’tibor qaratishi talab etiladi. Masalan, “Men bolamning hayoti bilan qiziqaman” shiori ostida maktablarda ota-onalar uchun o‘quv-amaliy seminar, amerikalik psixolog-ekspert, professor Lory Vulf ishtirokida “Ijobiy psixologiya va stress boshqaruvi” mavzusida mahorat darslari uyushtirildi. Muassasa hovlilarida “Art terapiya”, “Orzular daraxtiga”, “Hayot go‘zalligi mening tasavvurimda” kabi tadbirlar o‘tkazilgani ham bejiz emas. O‘quvchining dunyoqarashini boyitish maqsadida musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr, san’at, va sportga bo‘lgan qiziqishlari o‘rganilib, 10136 ta to‘garaklar tashkil etildi. Savodxonligi monitoring qilinganda yuqori sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish darajasi 55 foizdan yuqori bo‘ldi. Ko‘rindiki, maktab o‘quvchilarning matematika, biologiya, fizika, tarix fanlaridan o‘zlashtirish darajasini oshirishga ehtiyoj bor. Endilikda mana shu bo‘shliqni to‘ldirish hamda bitiruvchilarning oliy ma’lumotli bo‘lishini ta’minlash maqsadida maktablarni Toshkent shahrida mavjud 28 ta oliy ta’lim muassasasiga biriktirgan holda hamkorlik qilishiga kelishildi.
Aytish mumkinki, o‘tgan o‘quv yilida 106 nafar bitiruvchi maktabni kumush va 202 nafar bitiruvchi oltin medal bilan yakunladi, 4 983 nafar (36 foiz) o‘quvchi mahalliy hamda xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan bo‘lib, 2019-2020-o‘quv yilida 11-sinfning 27987 nafar bitiruvchilarining kamida 50 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirishini ta’minlashga intilyapmiz. Bunda O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan yakshanbalik o‘quv kurslari tashkil qilinib, qiziqish bildirgan o‘quvchi va o‘qituvchilar jalb etilgan. Boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlikda bu yo‘nalishda ishlarni davom ettirishni rejalashtirganmiz.
Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan Toshkent shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida STEAM fanlari (Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (san’at) va Mathematics (matematika) hamda O‘zbekiston tarixi, ona tili va adabiyot fanlari o‘qituvchilari uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar va ilm-fan yutuqlaridan dars jarayonlarida samarali foydalanish bo‘yicha amaliy seminar, trening, “ochiq dars”lar, mahorat darslarini muntazam o‘tkazamiz.
Yaqinda Koreya ta’lim tizimidagi yangiliklar bilan tanishish maqsadida qilingan xizmat safarida Seul shahridagi ta’lim tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ular STEAM dasturlari asosida olgan bilimini tajriba laboratoriyalarida mustahkamlab, elektron va boshqa innovatsion kichik kashfiyotlar qilayotganini kuzatdik. Toshkent shahar hokimligi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida 2021- yildan boshlab o‘quvchilarda fundamental bilimlarni amaliy tajribalar asosida mustahkamlash, mustaqil tadqiqotlarga yo‘naltirilgan STEAM laboratoriya markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilmoqda. Jumladan, shahrimizda ham kimyo, fizika, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida laboratoriya markazlarini barpo etishni ko‘zda tutganmiz. Markazlarda bolalar “IOT-LAB”, “3D-animatsiya” zamonaviy texnikasi asosida robotchalar, elektron harakatlanuvchi va boshqa mexanizmlarda ishlovchi buyumlar yaratishadi.
Umumta’lim muassasalarida yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus keng joriy etilayotgani ham direktorlarga mas’uliyat yuklaydi. Ular zimmasiga o‘quvchilarni o‘zbek san’ati va madaniyati bilan yaqindan tanishtiruvchi mahorat darslari tashkil etish, shoir va yozuvchilarning muntazam ravishda maktablarda kitobxonlik kechalari o‘tkazishiga erishish kabi vazifalar yuklandi. Qolaversa, umumta’lim muassasalari o‘quvchilarini o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini xalqaro baholash dasturlari (PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS) asosida tizimli ravishda (har chorak yakunida) baholab borishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bu maktab direktorlari zimmasiga mahoratli o‘qituvchilardan iborat Pedagogik mahorat guruhini tashkil etish va ular yordamida umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish vazifasini yuklaydi. Qolaversa, direktor “Eng yaxshi metodik loyiha” tanlovi, “Zamonaviy maktab direktori”, “Bilimdonlar klubi” faoliyati asosida o‘qituvchilarning ijodkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning dars o‘tish mahoratini ommalashtirish hamda rag‘batlantirish mexanizmini yo‘lga qo‘yishi kerak. Yangi davr rahbarining bajarishi lozim bo‘lgan vazifalari ko‘p, albatta. Shu kungacha amalga oshirilgan islohotlar, qilingan muvaffaqiyatli ishlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Bular faqat maktab direktori yoxud ta’lim muassasasi pedagogik jamoasining ishi emas, butun jamiyat oldidagi yuksak mas’uliyatdir.
Avaz MAMAJONOV, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i