Qashshoqlik va ta’lim
Bugun aqlli insonlar texnikani rivojlantirayotgan bo‘lsa, texnika asri yalqov insonlarni “yetishtirmoqda”. Afsuski, bu — achchiq haqiqat. Og‘irimiz yengil, mushkulimiz osonlashgani sayin o‘zimizni ortiqcha urintirgimiz kelmaydi. Ayniqsa, yosh avlod e’tibori va kuchini ta’limga qaratish uchun pedagoglar yangidan yangi metodlar ishlab chiqishga harakat qilishmoqda. Oddiy misol: ertalab darsga borishga erinayotgan bolangizga yaxshi gaplar aytasiz, alqaysiz, turli va’dalar berasiz, xullas, aldab-suldab maktabga zo‘rg‘a jo‘natasiz. Holbuki, dunyoning boshqa burchaklarida uzoq, xaroba bo‘lsa-da, maktabga bir bora borishga zor bolalar bor!
Ta’limga mablag‘I yo‘q mamlakatlar
Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, shaharning qoq markazida ideal maktablar ko‘p, lekin bilimga chanqoq o‘quvchilar kam. Chekka qishloqlarda o‘qishga ishtiyoqi baland yoshlar ko‘p, lekin ular uchun sharoitlar yetarli emas. Ammo ba’zi qashshoq yoki endi rivojlanayotgan davlatlar borki, ularning budjetidan ta’limga mablag‘ ajratilmaydi. Global Partnership for Education (GPE) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim rivojlanayotgan davlatlar xorijiy mamlakatlarning yordamisiz ta’lim tizimini o‘zining davlat budjetidan to‘liq moliyalashtirolmas ekan. Iqtisodiyoti qoloq o‘lkalarning atigi 20 foizi ta’lim uchun chetdan yordam oladi, qolganlari esa bu imkoniyatdan ham mahrum. Agar har bir bolaga kuniga 1,25 dollardan sarflanishi hisoblansa, ular olayotgan yordam 13 yil o‘qitishga yetarkan. Hisob-kitoblarga qaraganda, shu ketishda 2030-yilga borib rivojlanayotgan davlatlarning ta’lim uchun olgan tashqi qarzlari miqdori 39 milliard AQSh dollaridan oshib ketishi mumkin.
O‘qituvchisi yo‘q maktablar
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchisini urayotgan, haqorat qilayotgan o‘quvchi- talabalar haqidagi videolavhalarni ko‘rib, ta’bingiz xira bo‘ladi, dilingiz og‘riydi. Shunda ularga qarata aytish kerak: dunyoning shunday joylari borki, u yerdagi maktablarda haqiqiy, jonkuyar o‘qituvchi yo‘q! Xalqaro tashkilotlarning ta’kidlashicha, iqtisodiyoti nochor davlatlarning faqatgina ta’limga mablag‘ ajratishda emas, balki malakali o‘qituvchilar yetishmasligi borasida ham muammolari bisyor. Ayniqsa, boshlang‘ich va yuqori sinflarda o‘qituvchilar kam. Borlari ham nomutaxassis, pedagog emas. Oqibatda aksariyat avlod sifatli va to‘liq ta’lim ololmayapti. BMT ma’lumotlarida ham, 2030-yilga borib dunyo bo‘yicha boshlang‘ich va yuqori sinf o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyoj 69 milliondan oshib ketishini ko‘rsatmoqda.
Sinfxonasi yo‘q o‘quvchilar
Bola nosog‘lom muhitda yaxshi ta’lim-tarbiya ololmaydi. Afrikaning aksariyat davlatlarida bolalar sinfxonalarda sharoit yo‘qligi yoki odam soni ko‘pligidan qiynaladi. Lekin ular shunga ham shukr qilishadi. Chunki shunday joylar borki, u yerdagi ayrim maktablarda o‘qish uchun xonaning o‘zi yo‘q. Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari taqchilligi esa ikkilamchi muammo. Malavi davlatida birinchi sinfda o‘rtacha 130 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu yerda nafaqat sinfxona yetishmaydi, balki ta’lim dargohlarida oqar suv va hojatxona borasida ham kamchiliklar yetarlicha. Chad davlatida esa har yetti maktabning oltitasida toza ichimlik suvi, har to‘rttadan uchtasida hojatxona yo‘q.
Darslar o‘quv materiallarisiz o‘tiladi
Bolangizga qo‘yib bersangiz, darslik zerikarli yozilgani-yu, ustozi vazifalarni qalashtirib tashlaganidan noliy boshlaydi. Holbuki, shunday maktablar borki, ularda o‘quv materiallari yetishmaydi. Zarur o‘quv darsliklarisiz ta’lim-tarbiyani mukammal deb bo‘ladimi?! Ma’lumotlarga ko‘ra, Tanzaniya davlati 6-sinf o‘quvchilarining atigi 3,5 foizini o‘qish kitobi bilan ta’minlay olarkan. Kamerunda esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining har 11 nafariga bittadan o‘qish, har 13 nafariga esa bittadan matematika kitobi to‘g‘ri kelar ekan. Bulardan tashqari, o‘qituvchilarda ham darslarga tayyorgarlik ko‘rish, mavzuni qiziqarli o‘tish yoki o‘quv soatlarini darslikdan tashqari qo‘shimcha ma’lumotlar bilan boyitish uchun moddiy-texnik baza havas qilarli darajada emas.
Imkoniyati cheklanganning peshonasi sho‘rmish...
Ta’lim barcha uchun barobar, degan tushuncha mavjud bo‘lsa-da, dunyo bo‘yicha 150 milliondan ortiq imkoniyati cheklangan bola uchun maktabga qatnash, o‘qishni o‘rganish orzuligicha qolib ketmoqda. Ayrim qashshoq davlatlarda imkoniyati cheklangan bolalarning 95 foizi bilim olishdan mahrum. Maktabga qatnashga musharraf bo‘lganlari ham o‘rta ta’limdan keyin o‘qishni davom ettirolmaydi. Qashshoq mamlakatlar sog‘lom bola uchun sharoit yaratib berolmayotgan bir vaqtda maxsus ta’limga muhtoj qatlamni muallim va darslik bilan qanday ta’minlay olsin?!
Maktab ko‘rmay o‘tayotgan qizlar
“Qiz bola o‘qib shahar olib berarmidi”, deymiz gohida qizimiz institutga kiraman, desa. Holbuki, qiz bola bo‘lgani uchun maktabga borishga haqqi yo‘q bolalar bor. Gender — ta’lim olishga to‘sqinlik qiluvchi asosiy sabablardan biri. Yildan yilga xotin-qizlarning huquqi himoya qilinib, ular ta’limiga keng yo‘l ochilayotgan bo‘lsa-da, qizlar ta’limi oqsayotgani sir emas. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda 130 milliondan ortiq qiz turli sabablar bilan maktabga borolmayapti. Rivojlanayotgan davlatlarda har uch qizdan biri 18 yoshga yetmasidan turmushga uzatilayotgani sabab maktabni tark etmoqda. Qashshoqlikda kun ko‘rayotgan oilalar farzandlarini savodli qilish masalasida birinchi galda o‘g‘il bolani maktabga berishni afzal bilarkan. O‘g‘il bola ta’limiga e’tibor yuqoriligi uchun ham qizlar bilim olishdan mosuvo. Maktabga borish o‘rniga ishga jo‘natiladi, majburan erga beriladi yoki uy ishlariga ko‘mib tashlanadi. To‘g‘ri, oddiy uy yumushlarini o‘rganish qiz bolaga zarar qilmaydi. Ammo ayni bilim oladigan davrida ularni bu ishlarga majburlash bola umrining qimmatli vaqtini o‘g‘irlashdir.
Qoch, bomba portlaydi!
Dunyo juda qiziq-da: bir burchagida bolalar oppoq va yorug‘ xonalarda so‘nggi metodlar orqali ta’lim olsa, boshqa bir yeridagi murg‘ak qalb egalari osmondan yog‘ilayotgan bombalar yomg‘iridan jonsarak qochadi. Afsuski, har qanday ko‘rinishdagi urush yoki mojaroning kasri murg‘ak avlodga uradi. Dunyodagi 250 millionga yaqin bola vatanida kechayotgan urushlardan aziyat chekmoqda. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 75 million bola urush dastidan bilim ololmayapti. Bunga faqatgina urush emas, balki uning asoratlari ham sabab bo‘lmoqda. Tashvishlanarlisi, turli urush va kelishmovchiliklardan vayron bo‘layotgan davlatlarga ajratilayotgan xalqaro ijtimoiy yordamlarning atigi 3 foizi ta’limga berilar ekan (2016-yil).
Ta’limni emas, ochlikdan o‘lmaslikni o‘ylayotgan bolalar
Ochlik dunyo ta’lim tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri. Buni bir bor to‘yib ovqat yeyish orzusida yashayotgan murg‘ak qalblarning g‘amgin ko‘zlari aytadi. Kunlik ozuqani yetarlicha olmayotgan bola nafaqat jismoniy, balki aqliy jihatdan ham yaxshi rivojlanolmaydi. Oqibatda boshlang‘ich ta’limdan u yog‘iga o‘tolmaydi. Ekspertlarning aniqlashicha, dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan jami 155 milliondan ortiq bola o‘sishdan orqada qolmoqda. Diqqatni jamlay olmaslik oqibatida sekin rivojlanayotgan bolalarning 19 foizi 8 yoshdan keyin o‘qiy olar ekan.
Sohiba MULLAYEVA tayyorladi.