Maktab direktorining 10 qadami: talab oshdi, mas’uliyat-chi?
Maktab ta’limining 11 yillik tizimga o‘tgani rahbariyat va pedagoglar oldiga yangi talablar qo‘ymoqda. Ilgari o‘quvchining oliy o‘quv yurtiga kirishini nazorat qilish o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari zimmasida edi. Endilikda maktab salohiyati va ta’lim sifatiga bevosita o‘quvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichlariga qarab baho berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Xo‘sh, natijalar qoniqarlimi?
Xalq ta’limi vazirligida o‘tgan seminarda aynan shu masala muhokama qilindi. Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan maktablar direktorlari va Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda qoniqarsiz ko‘rsatkichga ega ta’lim muassasalari faoliyati tahlil etildi va ular zimmasiga keyingi yili o‘quvchilarning OTMga kirish natijalarini 50 foizga ko‘tarish vazifasi yuklatildi. Seminar davomida o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichini yaxshilash borasida maktab direktorlari tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar “Maktab direktorining 10 qadami” tarzida bosqichma-bosqich belgilab berildi.
— Bu 10 qadam — maktab rahbarlari uchun bir namuna. Ular maktab jamoasi bilan mazkur qadamlarni tahlil etishi, barcha maktab jamoalarini yagona maqsad — o‘quvchilarni oliy ta’limga tayyorlash yo‘lida birlashib faoliyat yuritishi lozim, — dedi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov. — Har bir maktab direktoridan shu maqsadni ko‘zda tutuvchi uch yillik dastur ishlab chiqish, yetarli malakaga ega o‘qituvchilarni jarayonga jalb qilish, Davlat test markazi, oliy ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etish, yaxshi natija ko‘rsatayotgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish, past ko‘rsatkichli o‘quvchilar bilan ishlash, maktab psixologi bilan hamkorlikda ularning qiziqishlarini aniqlash va mos OTMga yo‘naltirish kabi masalalarni maktab direktori bosqichma-bosqich hal etib borishi talab etilmoqda.
Seminar davomida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida maktab rahbarlariga “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, ularni maktab jamoasida muhokama qilish vazifasi yuklandi.
Suhrob ZIYODOV