Mahoratli psixolog har bir maktabga zarur!
Hozirgi davr bolasining ruhiy olami murakkab. O‘spirinlar olamida urf bo‘layotgan har xil “an’ana”larni ular tasvirga olayotgan pranklar orqali ham kuzatib boryapmiz. Tug‘ilgan kunni yangicha nishonlash “senariy”sidan tortib, qizlarning mushtlashuvigacha... Bunday holat esa yosh avlod uchun kuchli psixologlar naqadar zarurligini ko‘rsatadi.
18-19-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik xizmat samaradorligini oshirish muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi, uNICeF, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Bolalar ijtimoiy moslashuv markazi mutaxassislari hamda maktab psixologlari ishtirok etdi.
Dastlab Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev yurtimizda so‘nggi yillarda maktab psixologlari faoliyatida tubdan o‘zgarishlar yuz berganini, o‘tgan o‘n yillar davomida maktab psixologlari tuman XTBga qog‘oz tashuvchilik bilan shug‘ullanib kelganini, ayni kunlarda esa har bir maktabda o‘quvchilar sonidan kelib chiqib 3 nafargacha psixolog faoliyat yuritayotgani, ular o‘quvchi — o‘qituvchi, ota-ona — o‘qituvchi, o‘qituvchi — maktab rahbari munosabatlarini shakllantirish, har bir bolaning ruhiyati, oilaviy sharoiti va atrofdagilarga munosabati, o‘qishga intilishini nazoratga oluvchi mas’ul shaxs maqomiga ega bo‘lganini ta’kidladi.
Konferensiya avvalida “Mehr-1”, “Mehr-2” insonparvarlik operatsiyasi doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli hududdan O‘zbekistonga qaytarilgan oilalar, ayniqsa, bolalarni psixologik reabilitatsiya qilishda faol ishtirok etgan psixologlarga tashakkurnomalar berildi.
— “Mehr-2” insonparvarlik operatsiyasi ishchi guruhi tarkibida Iroqqa borib, hamyurtlarimizni vatanga qaytarishda ishtirok etdik, — deydi Respublika tashxis markazi metodist-psixologi Samira Rahimova. — 64 nafar bolaning 24 nafari maktab, qolganlari maktabgacha yoshda edi. Dastlab ularda qo‘rquv, ishonchsizlik bor edi. Ularga samolyotning o‘zida birinchi psixologik yordam ko‘rsatdik. Qaytib kelgach, “Bo‘ston” sanatoriysida barcha bolalarga tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish davom ettirildi. Ularni yuqori va kichik sinflarga bo‘lib, darslar o‘tildi. Pedagog va psixologlarning mashg‘uloti natijasida bolalarda o‘qishga istak, kelajakka ishonch va boshqa ijtimoiy ko‘nikmalar shakllandi. Ijobiy natijalarga erishilgach, bir oylik reabilitatsiya jarayonidan keyin har bir oila o‘z viloyatiga yo‘l oldi. Reabilitatsiya ishlari endi joylarda davom etadi. Bu bo‘yicha o‘quv rejasi, dasturlar ishlab chiqildi. Respublika tashxis markazi tomonidan doimiy nazorat olib boriladi va zarur yordam beriladi.
Konferensiyada o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik, suitsid holati, yoshlarning ijtimoiy-psixologik muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq va tahlil qilish, maktab amaliyotchi psixologlari va psixolog metodistlarining kasbiy salohiyatini oshirish kabi masalalarda ma’ruza va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyadan so‘ng 10 kun muddatda o‘rganilgan ilg‘or, samarali tajribalar kaskad usulida hududlarda amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri