10-11-sinf bazasida “Yosh pedagoglar sinflari” tashkil etiladi
Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Yosh pedagoglar sinflari”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2020-yilning 11 yanvaridan o‘quvchilarda pedagogika kasbiga qiziqishni oshirish maqsadida 10-11-sinf bazasida “Yosh pedagoglar sinflari” tashkil etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur qarorga asosan respublikamizning barcha hududlarida bittadan, jami 14ta umumta’lim muassasalarida “Yosh pedagoglar sinflar”i tashkil etiladi va ularga 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
“Yosh pedagoglar sinflari” uchun zamonaviy pedagogikaning metod va uslublarini o‘rgatishga qaratilgan pedagogika hamda psixologiya bo‘yicha o‘quv dasturlari yaratiladi.
Ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan “Yosh pedagoglar sinflari”ga hududiy pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari professor-o‘qituvchilari biriktiriladi. Mazkur sinflarda professor-o‘qituvchilarning dars berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, “Yosh pedagoglar sinflari”da umumta’lim fanlaridan malakali o‘qituvchilarning dars berishi ta’minlanadi.