Eng faol filolog-muallimlar aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda uning muassisligidagi “Til va adabiyot ta’limi” ― “Преподавание языка и литературы” ― “Language and literature teaching” ilmiy-metodik jurnali hamkorligida “Eng faol filolog-muallim” ― “Самый лучший учитель-филолог” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligi hamda “Til va adabiyot ta’limi” ilmiy-metodik jurnaliga asos solinganining 60 yilligi munosabati bilan jurnal mushtariylari o‘rtasida ona tili va adabiyot, o’zbek tili, rus tili va xorijiy tillar hamda jahon adabiyotini o‘qitish samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalar, faol, izlanuvchan muallimlarni rag‘batlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, original va ilg‘or pedagogik metodikalarni aniqlash, ularni ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Hay’at a’zolari tomonidan respublika miqyosida faoliyat yuritib kelayotgan yuzdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etgan ushbu tanlov natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 3 nafar eng ilg‘or pedagog birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Mingbuloq tumanidagi 13-IDUMI ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Shahlo Oshiqova “Butun dunyo bolalari, tinchlik uchun birlashaylik!” mavzusidagi, Angren shahridagi 21-maktabning oliy toifali rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Zamira Nurmanova “Ч.Т.Айтматов, “Пегий пёс, бегущий краем моря” dars ishlanmalari uchun hamda Termiz tumanidagi 9-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dildor Nurmuhammedova “Kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda ta’lim texnologiyalarining o‘rni” maqolasi uchun g’olib deb topildi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan zamonaviy noutbuklar bilan taqdirlandi.
Tanlovda ikkinchi, uchinchi va rag‘batlantiruvchi o‘ringa munosib topilgan ishtirokchilarga jurnal tahririyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nigora O‘ROLOVA, “Til va adabiyot ta’limi” jurnali muharriri