Qishga tayyorgarlik barchani birdek o‘ylantiradi
Inson sog‘lom bo‘lsagina, buyuk ishlarni uddalaydi. Shu bois birinchi navbatda, yosh avlodning ma’nan va jismonan sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi juda ham muhim masala. Oldimizda sovuq qish mavsumi turibdi. Ota-onalar va o‘qituvchilar esa bu mavsumda ta’lim muassasalari issiq va yorug‘ bo‘lishini, farzandlar ko‘ngildagidek ta’lim-tarbiya olishini istaydi.
Qorni ochga qo‘shiq na hojat, deganlaridek, sinfxonalar sovuq va qorong‘i bo‘lsa, darslar har qancha qiziqarli o‘tilmasin, natija bermaydi. Shu bois birinchi masala ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorligidir. Bu bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida qanday ishlar amalga oshirildi?
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida 725 ta ta’lim muassasasi (718 umumta’lim maktabi, 6 maxsus maktab va maktab-internat, bitta mehribonlik uyi) faoliyat yuritadi, — deydi vazirlik bo‘lim boshlig‘i Qosimbet Dao‘letov. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2019-2020-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi tuman (shahar) umumta’lim maktablarida 2019-2020-yil kuz-qish mavsumi uchun 6 567 tonna yoqilg‘i jamg‘arilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 1 703 tonna ko‘mir, 4 864 tonna briket joylarga yetkazib berildi. Ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida 137 umumta’lim maktabining 411 ta qozonini almashtirish belgilanib, bu maqsad uchun Moliya vazirligidan 2 milliard 306 million 847 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. 109 maktabning 275 ta qozoni zamonaviy energiyatejamkorlariga almashtirildi. Shuningdek, qaror asosida 33 ta’lim muassasasida kapital, 77 tasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Vaziyatni o‘rganish maqsadida yangidan qurilib, shu yil sentabr oyida foydalanishga topshirilgan Nukus shahri Taslaq elati “Chimboy guzari” MFY hududida joylashgan 49-maktabga yo‘l oldik. Qumlik orasida qad rostlagan maktab xuddi sahroda unib chiqqan gulga o‘xshaydi. Bu yo‘llar yo‘lovchilardan ancha kuch-quvvat sarflashni talab etarkan. Maktabga olib boradigan yo‘l tekislanmagan. Bu tomonlar umuman asfaltlanmagan.
Maktabga kirishingiz bilan bo‘yoq hidi anqiydi. Bu ta’mirlash ishlari hali-hamon to‘liq tugallanmaganidan dalolat beradi. Maktab direktori muhim yig‘ilishga ketgani sabab, bizni direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari qabul qildi.
— O‘quvchilar uchun 10 sinfga mo‘ljallangan stol-stul, doskalar keltirildi. Boshqa o‘quv jihozlari, inventar va texnikalar hali keltirilmadi, — deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abdumalik To‘reniyazov.
Muassasani ko‘zdan kechirarkanmiz, sharoitlar yangi maktabga yarasha emas degan fikrga bordik. 315 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda 621 nafar o‘g‘il-qiz ikki smenada tahsil olmoqda. Maktabga bor-yo‘g‘i 180 stol (parta), 356 (4 ta kam) stul berilgan.
— Stollar 18 donadan 10 ta sinf uchun ajratilgan. Ammo biz uni 13 sinfga bo‘lib joylashtirdik, — deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Adilbay Qidirniyazov. — Ba’zi sinflarda eski stollar ham bor. O‘quvchilarning hech biri eski partada o‘tirishni xohlamaydi, ammo boshqa ilojimiz yo‘q. Doska ham yetarli emas. 10 dona doska keltirilgan bo‘lsa, ularni ham bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Uch qismli doskalarni ikki-uchga bo‘ldik. Uyda tarbiyalanuvchi ikki nafar imkoniyati cheklangan o‘quvchimizga ham doskaning uchdan bir qismini berganmiz.
Ayrim sinflarda doskalar juda beo‘xshov bo‘lib turibdi. Informatika xonasida esa bitta ham kompyuter yo‘q. Laboratoriya xonalariga maxsus mebellar keltirilmagani bois uskunalar joylashtirilmagan. Demak, bu o‘quv jarayoni faqat nazariy olib borilayotganini ko‘rsatadi. Eng achinarlisi, maktabga hali umuman kitob berilmagan, kutubxona tashkil etilmagan. O‘quvchilar boshqa maktablardan ortib qolgan darsliklar bilan ta’minlangan.
Sport zali ham qurilmagan. Sport maydonchasi xarob ahvolda. Majlislar zali foydalanishga to‘liq tayyor emas. Faqat maktab hamshirasi xonasi va elektr, gaz ta’minoti talab darajasida deb aytish mumkin.
Ammo aytish kerakki, bu kamchiliklar maktab jamoasining aybi emas. Ularning ertangi kundan umidi katta.
— Maktab qurilmasidan oldin bolalarimiz uzoq joydagi maktablarga qatnardi, — deydi Qo‘nisboy Djumanazarov. — Qish sovuq, yo‘l uzoq edi. Yomg‘ir-qorda transport masalasida qiynalardik. Asosiysi, mushkulimizni oson qilib, farzandlarimizga yangi maktab qurib berildi. Uyimizga juda yaqin. Bundan xursandmiz. Endi yo‘llarimiz ham asfaltlansa, degan niyatimiz bor.
Qishni talofatsiz o‘tkazish — asosiy masala. O‘tgan yili qishda biroz muammoga duch kelgan Qorao‘zak tumani yesimo‘zak OFYda joylashgan 11-maktab jamoasi “Qish g‘amini yozda ye”, maqoliga amal qildi. 1967-yili qurilgan ta’lim muassasasi 2019-yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, eskirgan isitish va elektr tarmoqlari, deraza va eshik romlari almashtirildi, sinfxonalar poli bo‘yalib, ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borildi.
Ayni paytda Qorao‘zak tumanida 33 maktab, bitta “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat yuritib, 13 muassasa gaz, 21 tasi suyuq yoqilg‘i va o‘tin bilan isitiladi. 21 ta muassasaga 230 tonna suyuq yoqilg‘i, 185 tonna o‘tinga buyurtma berilgan. Shu kunga qadar o‘tin to‘liq yetkazilgan, suyuq yoqilg‘i esa bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.
— Maktabimiz 1993-yili zamonaviy tipda qurilgan bo‘lib, 624 o‘quvchi sig‘imiga ega, — deydi tumandagi 4-maktab direktori Sanexon Saburova. — Ayni paytda 300 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘tgan yillar davomida issiqlik tizimida muammolar kuzatildi. Shu bois 2018-yili mahalliy budjetdan 550 million so‘m, 2019-yilning ikkinchi choragida 761 mln so‘m mablag‘ ajratilib, isitish va elektr tizimidagi nosozliklar tuzatildi, ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borildi. Hozir hammasi joyida. Bu yil qishda muammo bo‘lmaydi, deb umid qilamiz.
Kegeyli tumanida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik erta boshlandi. Gaz bosimi past hududlarda joylashgan 26 umumta’lim maktabiga 260 tonna briket va 90 tonna ko‘mir o‘z vaqtida yetkazildi. Qolgan maktablarga suyuq yoqilg‘i yetkazib berish ishlari davom etmoqda. “Obod qishloq” dasturi doirasida esa ikkita maktabda ta’mirlash ishlari olib borildi. Mahalliy budjetdan 1-maktabga 4,112 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, kapital ta’mirlandi.
— Kegeyli tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli barcha umumta’lim maktablarining 2019-2020-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi maxsus xodimlar ishtirokida o‘rganib chiqildi, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Almaxan Allaniyazova. — Mahalliy budjetdan 62 million so‘m ajratilib, ta’lim muassasalariga zarur qurilish materiallari yetkazib berildi. Yana, mahalliy budjet hisobidan 4 ta umumta’lim maktabining qozoni zamonaviysiga almashtirildi. 3-, 7-, 12-, 15-,17-, 22-, 25-, 36-, 45-, 46- va 50-maktablarning yangidan 40 o‘ringa mo‘ljallangan filiallarini qurish uchun mahalliy budjet hisobidan 430 million so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilib, qurilish ishlari olib borilmoqda.
“Ellik yilda el yangilanadi” deganlaridek, e’tibor berib qarasak, ta’mirtalab maktablarning ko‘pi ancha ilgari qurilgan. Masalan, Kegeyli tumanidagi “Obod qishloq” dasturi doirasida ta’mirlangan 8-maktab 1980-yili, 21-maktab esa 1977-yili qurilgan.
Xo‘jayli tumanidagi 35-maktab ham 1965-yili foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 700 o‘quvchi o‘rniga ega. Ayni paytda ta’lim maskanida 881 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Maktab zamon talablariga mos ta’mirga muhtoj.
— 2019-yil mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilib, “Profi MAX” Nukus qurilish korxonasi tomonidan maktabning tom qismi ta’mirlandi, sinfxonalar poli almashtirildi, maktab atrofi o‘ralib, yangi hojatxona qurildi, — deydi Xo‘jayli tumanidagi 35-maktab direktori Almaxan Jannazarova. — Baribir vaqt o‘tishi bilan har qanday mebel va jihozlar eskirib, yaroqsiz holatga keladi. Har yili ehtiyojimizga ko‘ra kerakli texnika va jihozlarga buyurtma beryapmiz.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, ko‘plab maktablarda issiq va sovuq suv muammosi bor. Sinfxonalar, ayniqsa, oshxonalardagi ahvol sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Masalaning bu tomoniga ham mas’ullar e’tibor qaratadi, degan umiddamiz. Axir o‘g‘il-qizlarni tozalikka, gigiyena qoidalariga o‘rgatish, aks holda qanchadan-qancha kasalliklar kelib chiqishi mumkinligini uqtirish uchun ham yaxshi sharoit bo‘lishi kerak-ku.
Nesibeli MAMBETIRZAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri