Maktabda olgan bilimim bilan talaba bo‘ldim!
Mana, abituriyentlik, kirish imtihonlari hayajoni o‘tib, talaba bo‘ldik. Kecha “Ma’rifat” gazetasini o‘qib o‘tirib, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan hay’at yig‘ilishi va undagi tahlillar, chiqarilgan xulosa va qarorlar bilan tanishdim. Negadir o‘zimga taalluqli ma’lumotni o‘qib qolgandek bo‘ldim. Buni qarangki, endi o‘quvchilari OTMga kirishda yomon natija ko‘rsatadigan maktab rahbarlari jazolanar, yaxshi natija ko‘rsatganlari esa rag‘batlantirilar ekan. Bu qarorga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan pedagoglar fikri bilan ham “Mushtariy muhokamasi” ruknida tanishib chiqdim.
Ehtimol, bu fikrlar ham to‘g‘ridir, lekin natijalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ajablanmay ilojimiz yo‘q. Birgina Jizzax viloyatining o‘zida 189 ta maktab yoki Samarqandda 374 ta maktabdan bitta ham o‘quvchi joriy yilda talaba bo‘lolmabdi. Nahot bu maktab hududlarining hammasida aholi hunarmandlik va chorvachilik bilan shug‘ullanib, farzandini o‘qitishga ehtiyoj sezmasa, nahot bu maktablarning hammasida bolasining OTMda o‘qishini istamaydigan ota-onalarning farzandi tahsil olgan bo‘lsa (axir ko‘pchilik shu sabablarni vaj qilib ko‘rsatyapti)…
O‘rni kelganda, masalaga men ham o‘z qarashlarimni bildirsam. O‘quvchining natijaga erishishida o‘qituvchi asosiy o‘rin egallaydi, jumladan, oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishida ham. Bunda ustozlarimning men uchun qilgan mehnati va erishgan natijamizni asos qilib ko‘rsatishim mumkim. Ammo bu jarayonda faqat o‘quv rejada tasdiqlangan dars soatlarining o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Yuqori natijalarga erishish uchun har bir o‘qituvchi va o‘quvchidan mashaqqatli mehnat talab etiladi. Respublikamizda bu kabi mas’uliyatni zimmasiga olayotgan maktablar ham talaygina. Men ta’lim olgan Denov tumanidagi 36-maktabda ham 11-“A” sinfini bitirgan 20 nafar o‘quvchidan 9 tasi oliy ta’lim muassasasiga qabul qilindi. Ular orasida chet el universitetlarida ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritganlar ham bor. Men ham bu yil shu maktabni bitirib, baxtli talabalar qatorida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim. Yana shuni ham aytib o‘tishim kerakki, 13 nafar sinfdosh maktabni oltin va kumush medal bilan tamomladik. Albatta, bu yutuqlarimiz ustozlarimizning mehnatlari hosilidir.
Ko‘pchilikda “repetitorsiz OTMga kirib bo‘lmaydi”, degan fikr bor. Bu kabi o‘y-xayollar “maktabdagi darslar sifati va o‘qituvchilar malakasi yetarli emas, maktab o‘quvchini OTM talab darajasida tayyorlab berolmaydi” kabi umumiy qarashni shakllantirmoqda. Ammo hamma maktabda ham ilm va ta’lim muhiti bir xil emas. 10-11-sinf davomida maktabimiz o‘qituvchilari 11-sinf bitiruvchilari bilan maxsus shug‘ullanishdi. Dars jadvalimizdagi eng ko‘p dars soatlari yuqori malakali o‘qituvchilarga berildi. Sinfimizda bir maqsad hukmron edi — biz talaba bo‘lishimiz, buning uchun har kim chuqur ta’lim olishi kerak. Bunday kuchli motivatsiya bilan turli tadbirlar-u sayrlarni, bayram kechalarini yig‘ishtirib, faqat tayyorgarlik, o‘z ustimizda ishladik. Darsdan keyin o‘qituvchilarimiz biz bilan muntazam shug‘ullanishdi. Har ikki haftada yakshanba kunlari ustozlarimiz DTM materiallaridan foydalangan holda bizga 30 talik test namunalari tayyorlab kelib, fanlardan o‘zlashtirishimizni nazorat qilib borishdi. Muallimlarimiz bu ishga shu qadar qattiq kirishgandilarki, boshqa tayyorlov kurslariga ehtiyojimiz qolmagandi. Bu sa’y-harakatlar bizga qanchalik foydali bo‘lsa, ota-onalarimizga ham moddiy jihatdan shunchalik naf keltirdi. Bizni talabalikka eltgan sabablardan yana biri, o‘qituvchilarimizning to‘g‘ri yo‘naltira olgani bo‘ldi. Biz bilan shug‘ullanish davomida o‘qituvchilarimiz bilim darajamizga qarab OTM yo‘nalishlarini ko‘rsatib bergandi. Agar shunday yo‘l tutmaganlarida, hozir talabalar qatorida bo‘lmasdik.
Nilufar RAHIMOVA,
O‘zDJTU talabasi