Zamonaviy bolani eski usulda tarbiyalab bo‘lmaydi
Joriy yilning 27-28-noyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasi hamkorligidagi “Ta’lim adolat uchun” (Education for Justice) tashabbusi doirasida o‘tkazilgan seminar-trening muvaffaqiyatli yakunlandi.
Samarqand, Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlari umumta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda pedagoglar uchun seminar-treningda o‘quvchiga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish, ular o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarlik holatlarini samarali oldini olish, bolani huquqiy ongini rivojlantirish, unga halollikni uqtirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi taklif va tavsiyalar berildi. Tinglovchilarga ikki kun davomida Xalq ta’limi vazirligining Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Akbar Tagayev, Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedov, BMT Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash mintaqaviy boshqarmasining milliy treniri Indira Muqimovalar o‘zlarining bu boradagi tavsiyalarini berib, dars mashg‘ulotlari, o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida qo‘llash mumkin bo‘lgan muhim amaliyotlarga oid g‘oyalarini baham ko‘rishdi.
Lola SAIDAHMEDOVA, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi psixologi:
— Bugun eskicha qoliplardagi tarbiya usullari bilan farzandlarimizni tarbiyalash, odob-axloq uqtirish qiyin. Negaki, ayni paytda bolani qamrab olgan atrof-muhit ham ilgargidek emas. Uning ongiga, dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, vaqtini o‘g‘irlaydigan, axloqini buzadigan vositalar, sabablar juda ham ko‘payib ketdi. O‘quvchilarimizning intilish va qiziqishlari ham o‘ziga xos. Shu bois biz, tarbiyada eskicha qoliplardan voz kechib, ularning qiziqishi doirasida, aytaylik, turli kompyuter o‘yinlari, video materiallar, ko‘rgazmali qirollar orqali yondashishimiz lozim. “Ta’lim adolat uchun” tashabbusi doirasida o‘tkazilgan seminar-trening bu borada biz, pedagog xodimlarga har tomonlama asqotdi.
Zebiniso RO‘ZIYEVA, Buxoro shahridagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining MMIB o‘rinbosari:
—Mashg‘ulotlar davomida menga, ayniqsa, “Halollik” o‘yini juda yoqdi va bu o‘yinning nechog‘lik ahamiyatga molik ekanligini angladim. O‘quvchilarimiz shuuriga halollikni maktabdanoq singdirish, ularni jamiyatni tanazzulga duchor qiluvchi korrupsiyadek illatga qarshi qilib tarbiyalash, qalbida muqaddas qadriyatlarimizga hurmat uyg‘otishda bu o‘yin muhim ahamiyatga ega ekan. Seminar-treningda bizga berilgan qo‘llanmalardan unumli foydalanib, albatta, ularni faoliyatimiz davomida qo‘llaymiz, qolaversa, hamkasblarimiz o‘rtasida ommalashtiramiz.
Ikki kunlik seminar-trening davomida mutaxassislar hamda pedagog xodimlar o‘rtasida ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir etuvchi har qanday muammolarni birgalikda hal etish, oila, ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ongi va tani, qarashlari sog‘lom, yuksak qobiliyatli yoshlarni tarbiyalashga doir qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Muammolar ko‘tarildi, ularni yechimiga qaratilgan ilg‘or fikrlar aytildi. Mashg‘ulotlar yakunida seminar-trening tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.
Abduhoshim ZIYODOV, Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi