Kelgusi yildan maktablar va bog‘chalarda ish haqini moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi
Mahalliy budjetlarning mustaqilligini oshirish munosabati bilan birinchi darajali xarajatlarning kafolatli to‘lanishini ta'minlash maqsadida kelgusi yildan umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarning ish haqlarini moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, buning natijasida:
ishchilar soni jihatdan eng yirik sohalarda ishlovchi xodimlarga ish haqlari o‘z vaqtida yetib boradi;
avtomatlashtirilgan yagona tizimi yaratilib, ta'lim muassasalari rahbarlarining ta'limdan tashqari hisob-kitob ishlari qisqarib, noqonuniy to‘lovlar soni keskin qisqaradi.
Bildirilishicha, 2018-va 2019-yillarning 9 oyligida aniqlangan moliyaviy xatoliklarni taqqoslansa, xalq ta'limi va maktabgacha ta'lim tizimida ushbu ko‘rsatkich 2 barobardan oshganligini, kamomad va o‘zlashtirishlar esa 1,5 barobarga oshganligini ko‘rish mumkin. Sog‘liqni saqlash tizimida esa bu ikkala ko‘rsatkich ham kamaygan.
Umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish (saqlash, joriy ta'mirlash va qishki qarov) xarajatlari Respublika budjetidan mahalliy budjetlarga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, tajriba tariqasida Toshkent shahridagi umum ta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), kapital ta'mirlash va jihozlash uchun kapital qo‘yilma xarajatlari shahar budjetidan moliyalashtirish taklif etilmoqda (umumta'lim maktablari – 251,5 mlrd. so‘m, bog‘chalar – 168,7 mlrd. so‘m, jami – 420,2 mlrd. so‘m).
Qoraqalpog‘istondagi ijtimoiy soha obektlarini, ichimlik suvi obektlarini, umum foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obektlarni qurish, rekonstruksiya hamda ta'mirlash-tiklash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.