Tajriba va loyihalar: malaka oshirish, mentor lavozimi va litsenziyalash tizimi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘qituvchilarning mustaqil rivojlanishini rag‘batlantirish, o‘qitish usullarini takomillashtirish, malaka talablariga muvofiq tanlash” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjumanda vazirlik mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ta’lim sifatining o‘sishi, iqtidorli yoshlarni aniqlash, xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilarda fidoyilik bilan ishlash uchun motivatsiya uyg‘otish kabi masalalarga bag‘ishlandi. Xalq ta’limi vazirligi yuqori bilimli o‘qituvchilarni, ayniqsa, STEAM fanlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash uchun yangi xalqaro universitet tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda. Jumladan, bir necha xorijiy oliy o‘quv yurtlari vakillari bilan muzokara o‘tkazdi. Hozir xalq ta’limi tizimidagi 466462 nafar o‘qituvchidan 3,1 foizi oliy, 14,6 foizi birinchi, 29,4 foizi ikkinchi malaka toifasiga ega. Qolgan 52,9 foiz o‘qituvchi toifaga ega emas. Tizimda litsenziyalash tartibining joriy etilishi malakali, bilimli, pedagogik mahorat va psixologik ko‘nikmaga ega o‘qituvchilarni tanlash imkonini beradi. Shu bois, 2021-yil 1-yanvardan boshlab xalq ta’limi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi uch yildan iborat, o‘qituvchilar uchun davriyligi besh yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi bosqichma-bosqich tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar bilimini aniqlash maqsadida Sirdaryo viloyatida test sinovlari o‘tkazildi. Bu jarayon hozirgi kunda Surxondaryo viloyati o‘qituvchilari o‘rtasida ham amalga oshirilmoqda. Bu kabi testlar bosqichma-bosqich barcha hududlarda o‘tkaziladi.
— Maqsadimiz o‘qituvchilarning bilimini aniqlash, natijalarga ko‘ra muallimlar malakasini oshirish bo‘yicha treninglar tashkil etish, — deydi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov. — Afsuski, Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tajriba-sinov jarayonida 66 foiz maktab o‘qituvchilarining o‘z fani bo‘yicha bilimi qoniqarsiz deb baholandi. Bu sinov ularni jazolash uchun emas, aksincha, ularning ilmi va salohiyatini oshirishdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun o‘tkazildi. O‘qituvchilar orasida davlat tilini chuqur bilmaydiganlar ham uchraydi. Shu kungacha 12261 nafar o‘qituvchi o‘rtasida o‘tkazilgan test sinovlarining birinchi bosqichi davlat tilini bilish darajasini aniqlashga qaratilgandi. Bu sinovdan 90 foiz o‘qituvchi muvaffaqiyatli o‘tolmadi. Ayni paytgacha yurtimizdagi umumta’lim maktabi o‘qituvchilaridan 8000 nafari malaka oshirdi, 27 ta maktabda xalqaro maqomga ega pedagoglar dars beryapti.
Anjumanda xalq ta’limi tizimida amalga oshirilgan yangiliklar haqida ma’lumot berildi. Mentor lavozimi, milliy reyting tizimi va malaka oshirishning yangilanayotgan modul turlari kabi loyihalar ustida ish olib borilayotgani ko‘pchilikning e’tiborini tortyapti. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Shoira BOYMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri