Mavsumga hozirlik nega kechikdi?
Uchko‘prik tumanidagi 52-maktab yaxshi isimayotgani, isitish tizimida muammo borligi, mas’ullar bu haqda 2019-yilning 27-sentabrida dalolatnoma tuzgani haqida xabar topdik. Vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish, o‘quvchilar qay ahvolda dars o‘qiyotganini bilish maqsadida umumta’lim muassasasiga yo‘l oldik.
Maktab direktori Ahmadjon Abdurahmonovning aytishicha, muassasa 2017-yilda tumandagi 21-maktabning filiali sifatida tashkil etilan. Eski bog‘cha o‘rnida 120 o‘rinli yangi bino qurilgan va qo‘shimcha binolar ta’mirlangan. O‘sha vaqtda quruvchilar bitta qozonxona o‘rniga ikkita qozonxona qurishgan. Ammo ular nobop chiqqan. O‘tgan o‘quv yilidan boshlab filial o‘rnida 52-maktab tashkil etildi. Bugungi kunda ta’lim maskanida 284 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
— O‘tgan yili ham isitish tizimida muammo bo‘lgani sababli, mas’ul idoralarga murojaat bilan chiqqanmiz, — deydi direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Yo‘lchiboy Ismoilov. — Yangi o‘quv yilining boshida, ya’ni 27-sentabrda tuman xalq ta’limi bo‘limining maxsus ta’mirlash va ekspluatatsiya guruhi mutasaddilari masalani o‘rganib dalolatnoma tuzib ketishgan. Dalolatnomada quyidagilar qayd etilgan. “... Tekshirish natijasiga ko‘ra, haqiqatan ham, maktabning ichki isitish tizimida suv aylanish yo‘qligi sababli qozondagi bosim ortishi natijasida qaynash hosil bo‘lishi kuzatildi. Maktabning ichki isitish tizimini yaxshilash uchun tizimga 2 dona suv aylanish nasosi hamda qozonga 2 dona havopurkagich o‘rnatish kerakligi, shuningdek, ikkinchi qozonni birinchi qozonning oldiga ko‘chirish, tashqi isitish quvurlarini izolyatsiya qilish kerakligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu ishlarni bajarish uchun birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, 5,5 mln. so‘m mablag‘ kerakligi aniqlandi”.
Dalolatnoma o‘z vaqtida tuman hokimligiga hamda tegishli tashkilotlarga yetkazildi. Ammo nima sababdandir shu kungacha dalolatnomada tilga olingan ishlar bajarilmagan. Bu haqda maktab direktori 2019-yilning 7-noyabrida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri nomiga so‘rov xati ham jo‘natgan.
Nega o‘quvchilar sovuq xonalarda bilim olyapti, nega sentabrda aniqlangan kamchilik hanuz bartaraf etilmadi, degan savol bilan tuman xalq ta’limi bo‘limi maxsus ta’mirlash va ekspluatatsiya guruhi rahbari Muzaffar Kenjayevga murojaat qildik.
— Tumanda 57 ta maktab bo‘lib, kuz-qish mavsumi uchun 2350 tonna ko‘mirga reja berilgan. Hozirgi kungacha 2220 tonna ko‘mir-briket keltirildi va maktablarga tarqatildi. Umumiy hisobda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida 35 ta maktabda isitish qozoni o‘rnatildi. 3 ta maktabning tomi yangilandi, 4 ta maktabga pol yotqizildi. 4 ta maktabda plastik eshik-romlar o‘rnatildi. 4 ta maktabning isitish tizimi tozalandi. Ammo, to‘g‘risi, ayrim maktablarda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmadi.
— Men 52-maktabga 25-noyabr kuni bordim, — deydi Uchko‘prik tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Izzatilla Davronov. — Direktor o‘rinbosari bilan gaplashdim. U issiqlik tizimida muammo borligini aytdi. Borganimda bitta qozonxonada o‘t yoqilgan ekan. Kirib sinfxonalarni ko‘rganimda issiq edi. Nega ikkinchi qozonxonani ishga tushirmayapsizlar, desam, u kishi bu qozonxonada muammo bor, deb aytdi. Yonidagi qo‘shimcha bino avval bog‘cha bo‘lgan. Aslida u joy “snos”ga tushishi kerak. U yerda yangi korpus qurilishi kerak bo‘lgani uchun issiqlik tizimi ulanmagan. 2017-yilda kapital ta’mirlanganda ham bu qo‘shimcha binoga issiqlik tizimi ulanmagan. Mutaxassislar bilan gaplashganimda ular bu bino kelgusi yillarda “snos”ga tushishi, bu yerda yangi o‘quv korpusi qurilishini aytishdi.
Izzatilla Davronovning aytishicha, tumandagi 8 ta maktabni qish mavsumiga tayyorlash ishlari bugun-erta boshlanadi. Smetalar tasdiqlandi. Pudratchilar, ya’ni qurilish firmalari aniqlandi.
Ammo bizni bir savol o‘ylantirmoqda: mana shu ishlar avgust oyining oxirigacha qilinsa bo‘lmasmidi?!
Sharifa MADRAHIMOVA,
“Ma’rifat” muxbiri