Xorazmda Prezident maktabi ochildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Xorazm viloyatining Xiva shahrida Prezident maktabining qurilishi joriy yilning aprel oyida boshlangan edi.
Xorazmdagi Prezident maktabi q isqa muddatda qurib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda parlament a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv maskani tuzilishi jihatidan an’anaviy maktablardan farqli ravishda ixcham va bilim olish uchun qulay. Maktab 168 o‘rinli bo‘lib, 2 qavatli o‘quv binosi, oshxona, yotoqxona, xorijlik o‘qituvchilar uchun 15 o‘rinli mehmonxona mavjud. Har bir sinf xonada interaktiv doska va tablolar, Science xonalarida alohida laboratoriya xonalari mavjud.
Sport zali, suzish havzasi qurilishiga ham innovatsion yondashilgan. Ayniqsa, o‘zida zamonaviy qulayliklarni mujassam etgan yotoqxona o‘quvchilarga oila muhitidagidek yashash va dars qilish imkonini beradi. Musiqa xonasida o‘g‘il-qizlar milliy va xorijiy cholg‘u asboblaridan foydalangan holda darslarni mazmunli o‘tkazishadi.
Joriy yilda mazkur maktabning 5-10 sinflariga hujjat topshirgan 6 ming 400 nafardan ziyod o‘quvchidan 144 nafari qabul qilindi.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab har yili 5-sinfga 24 o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi. Joriy yilda Prezident maktabida o‘qish maqsadida 4 ta mintaqadan jami 28 ming 453 nafar o‘quvchi hujjat topshirdi. Yuqori sinflarda bir o‘ringa 50, 5-sinflarda esa 1 o‘ringa 100 nafar o‘quvchi da’vogarlik qildi. Shu tariqa yangi O‘zbekistonni yanada rivojlantirishga, kelajakda mamlakatimizning yuzi bo‘lishga intilayotgan yosh iqtidorlar jamlandi.
Maktabning yana bir o‘ziga xos tomoni o‘quvchilarga haftaning 5 kuni mobaynida maktabda o‘qish va yashash imkoni beriladi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin.
Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 11 nafar xorijiy yuqori malakali mutaxassis hamda 20 nafar mahalliy o‘qituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro ta’lim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.