Prokuror maktabda ochiq dars o‘tdi
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Konstitutsiya — qomusimiz, faxrimiz!" mavzusida ochiq darslar tashkil etilmoqda.
Ochiq darslar noan’anaviy tarzda, o‘quvchi va o‘qituvchilar, ota-onalar bilan jonli muloqot tarzida o‘tkazilmoqda. Paxtachi tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 20- hamda 22-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkazilgan ana shunday ochiq darslar qizg‘in savol-javob, bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Unda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Muhammadiyev, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shokir Sultonov va boshqalar inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi, qonun ustuvorligini ta’minlashda bosh Qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi. Prokuror o‘quvchilar hamda ota-onalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.
“Konstitutsiya — qomusimiz, faxrimiz!" mavzusidagi ochiq darslar Toyloq tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham tashkil etildi. Viloyat prokuraturasi 11-bo‘lim katta prokurori Shuhrat To‘rayev, tuman prokurori Farhod Abduxoliqov 15- hamda 19-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkazilgan ochiq darslarda o‘quvchilarning Konstitutsiyamizga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Savol-javoblarda o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlar to‘ldirildi.
— Bayram munosabati bilan prokuror hamda o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etilgan bunday jonli muloqot natijasida o‘quvchilarimizda qonunlarimizga bo‘lgan hurmat yanada oshib, o‘z huquq va manfaatlarini teran anglashiga xizmat qildi, — deydi Toyloq tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zumrad Saloxova. — Ochiq darslardan xulosamiz shunday bo‘ldiki, prokuratura hamda xalq ta’limi o‘rtasidagi bunday ezgu tashabbusning doimiy ravishda tashkil etilishi, keng quloch yoyishi lozim.
Tuman va shahar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 7-dekabr kuni ham xuddi shunday ochiq darslar tashkil etiladi.