“Bisyor bo‘lsa, bol ham beqadr”
Turli ijtimoiy tarmoq va “telegram” kanallarida o‘qituvchilarning bir mavzudagi bahs-munozaralari e’tiborimni tortdi. Umumta’lim muassasalarida o‘quv yili boshidan buyon insho, diktant va boshqa tanlovlarning juda ko‘p o‘tkazilishi aksariyat pedagoglarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Poytaxtimizdagi maktablarning birida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilardan biri bilan bog‘langanimizda u ushbu mavzuda so‘z ochib, rahbarlardan boshi baloga qolganini kuyinib gapirdi. O‘qituvchilar ishi yengillashdi, deymiz, ammo mana shunday tadbirlar-u tanlovlar ularni asosiy ishidan chalg‘itib, ko‘p vaqtini olmoqda. Masalan, o‘sha o‘qituvchining aytishicha, 3 oy davomida turli mavzudagi insholar tanlovi o‘tkazilgan. Ushbu mavzu bo‘yicha “Ma’rifat” mushtariylari mulohazalariga quloq tutamiz.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Bu kabi tanlovlardan bola nima olyapti? O‘quvchiga bundan qanchalik naf bor? Masalan, korrupsiya, soliq mavzusi haqida to‘la ma’lumot yoki tushunchaga ega bo‘lmagan o‘quvchi inshoga qanday ijodiy yondasha oladi? Uch yil ilgari soliq mavzusida tumanda o‘tkazilgan insholar tanlovida hakam sifatida qatnashganman. O‘quvchilar yozgan matnlarni o‘qib hayron qolganman. Qariyb yigirmaga yaqin insho go‘yo bir joyda o‘tirib yozilgandek iqtisod kitobidan ko‘chirilgan edi. Asli kattalar ham yetarli bilimga ega bo‘lmagan bunday ijtimoiy mavzularda insho yozish o‘quvchiga xos ish emas. Harqalay, bolaning ijodiy fikrlash qobiliyati bunday majburiy, yuzaki inshonavislik bilan rivoj topmaydi.
Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Tanlovlar juda zarur. Bu orqali o‘quvchilarning bilimi charxlanadi. Iste’dodli, iqtidorlilar kashf etiladi, saralanadi. Tanlovlar o‘quvchilarning kelajakda kasb tanlashiga qaysidir ma’noda yo‘lchi yulduz vazifasini o‘taydi. Ammo “Bisyor bo‘lsa, bol ham beqadr” degan gap bekorga aytilmagan. Turdosh tanlovlar ko‘payib ketdi. Aksariyat tanlovlar mavzusi har xil, mazmuni bir xil. Tanlovlarga tashkilotchilar tomonidan yuzaki qarash holatlari uchramoqda. Juda ko‘p tanlovlarda adolat mezoni ikkinchi o‘ringa tushgan. Yaqinda o‘quvchim “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” insholar tanlovining shahar bosqichida 3-o‘rinni egallab, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. (Nizomga ko‘ra, 1—3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar viloyat bosqichida ishtirok etadi.) E’tirozim shundaki, insholar ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tomonidan tekshirildi. Bu tashkiliy guruhning mas’uliyatsizligidan dalolat. Fan olimpiadasidan farqli o‘laroq ushbu tanlovda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari inshoning savodli yozilganini, badiiyatini, huquq fani o‘qituvchilari mazmunini tekshirib, baholashi zarur edi.
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Yaqinda maktabimizda “Men kelajakka ovoz beraman” mavzusida ijodiy bayon tanlovi e’lon qilindi. Eng qizig‘i, bir soatda yozdirib, tekshirib, g‘olibni aniqlash kerak bo‘ldi. O‘quvchilarga bayon yozamiz, tayyorlaninglar, desam, e’tiroz ohangida “Yanami, ustoz?” deyishdi. Xullas, 24 nafar boladan 4 nafari o‘zi xohlab yozdi. Undan ham qizig‘i, bayon uchun hech qanday matn berilmadi. O‘quvchilarga ozroq tushuncha berib, keyin ularni bayon yozishga undadim.
Zilola MUHAMMADALI: — Siyosiy mavzudagi insholar orqali o‘quvchining bilimi bilan birga qarashlarini ham shakllantirish zarur. O‘quvchi inshoning sarlavhasiga qarab yo‘nalish olmasligi kerak, balki har qanday mavzuda mustaqil fikr bildirib, insho yozishi kerak. Masalan, “Konstitutsiya — baxtimiz poydevori” — yigirma yillik sarlavha. Biz ham o‘quvchilik kezlari shu sarlavhada yozardik. Bu kabi umumiy sarlavhalar o‘quvchiga nimani yozishni shundoq o‘rgatib turgandek bo‘ladi. Bugungi davr bolasi o‘zgardi, deb har kuni aytamiz. Ammo nega mana shu sarlavhalar, insho yozdirish uslubi, fikrlashga o‘rgatish tarzi o‘zgarmayapti? Aslida, adabiyot darslarida ko‘p-ko‘p insho yozilsa, buning o‘quvchiga katta foydasi bor. Bu orqali bolalar fikrlashni, fikrini bayon qilishni o‘rganadi. Inshoning foydasi haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Ammo buni katta tanlovlarga aylantirishga va ortiqcha tadbirlarni ko‘paytirishga nima hojat?!
Zevarshoh HAMROYEVA, G‘ijduvon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Bu yil til bayrami munosabati bilan tashkil etilgan insholar tanlovi shaffof o‘tdi. Chunki kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan xonalarda o‘tkazildi. Tuman hokimining sovg‘asi haqiqiy ijodkorlarga nasib etdi. Biror kishi e’tiroz bildirolmadi. “Mening orzularim”, “Onajonim — tabiat”, “Qalbimning eng ardoqlisi” kabi mavzularda insholar tanlovi o‘tkazilishini taklif qilaman. Bunday erkin mavzulardagi insholarda o‘quvchi xayolan xohlagan kengliklariga bora oladi. Bemalol ijod qiladi. Qolaversa, o‘quvchilarda insho tanlovlariga ishonch, qiziqish ortadi. Insho mavzularini tanlashda o‘quvchi imkoniyatlarini doimo hisobga olish kerak.
Go‘zal MUXTOROVA, Forish tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:
— Bizda filologiya fanlari oyligi davomida 5-6 marta insholar tanlovi bo‘ldi. Ochig‘i, o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham charchadik. Bunday tanlovlarning soniga emas, sifatiga e’tibor berib tashkillashtirilsa, natijasi yaxshi bo‘lardi. Tanlov shartlarini o‘zgartirish kerak. Masalan, o‘quvchi inshoni hakamlarning oldida yozsin. Ana shunda haqiqiy ijodkor o‘quvchi aniqlanadi. Qolaversa, yuqori o‘rinni egallagan o‘quvchilar munosib rag‘batlantirilishi kerak.
Feruzaxon PARPIYEVA, Farg‘ona tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi:
— Yangi ish boshlagan yilim dars kuzatishlar asnosida fizik diktant, kimyoviy diktant tezkor bilim berish hamda xotirani kuchaytirish uslubi ekaniga guvoh bo‘lganman. Ancha yillardan buyon ko‘pchilik mas’ullar diktant va insho yozdirishni faqat ona tili o‘qituvchilariga yuklab qo‘yadi. Bizda ma’lum maqsad yoki biror g‘oyani targ‘ib etish, ogoh qilish va boshqa masalalarda chora-tadbirlar belgilanadi. Ularning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul ishchi guruhlar tuziladi. Ular targ‘ibotning eng oson yo‘li insho yoki diktantlar tanlovi o‘tkazish deb hisoblaydi. Fikrimcha, ko‘zlangan maqsadga erishishning inshodan ko‘ra qiziqarliroq, natijaviyroq ko‘rinish va shakllari mavjud yoki ijodiy yondashib, shunday usullarni kashf etish mumkin. Insholar tanlovi deyaverib, ko‘p o‘quvchining ko‘nglini inshodek ijodiy jarayondan sovitib yuboryapmiz.
Hilola MAMARASULOVA, Sharof Rashidov tumanidagi 31-maktab o‘qituvchisi:
— Yaqinda huquq fani o‘qituvchimiz yaxshi insho yozadigan o‘quvchi so‘rab qoldi. Qo‘limga nizom tutqazib, o‘quvchimizni bellashuvga tayyorlab bering, ertaga tuman adliya bo‘limiga olib boraman, dedi. Huquq yuzasidan yoziladigan inshoda umuman badiiylikka e’tibor berilmas ekan. Insho aslida ijod, bu kabi tanlovlarni insho tanlovi deb emas, boshqacharoq nomlash kerak.
Mavludaxon MUQIMOVA, Asaka tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi:
— Menimcha, inshoni ko‘p yozdirishning zarari yo‘q. Bolaning bilim-saviyasi ortadi. O‘zim rahbar bo‘lsam ham, bu ishni bajonidil bajaraman. Insholarni olingan zahoti tekshirishga harakat qilaman va bu menga huzur bag‘ishlaydi. O‘quvchining o‘zigagina tegishli bo‘lgan kechinmalar bilan o‘rtoqlashish, albatta, maroqli.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.